Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:04

Andijon attraktsionida to‘rt bola jarohatlandi


8 may kuni Andijon shahrida yangi ochilgan “Kamolot” yoshlar bog‘idagi attraktsion izdan chiqib ketishi oqibatida to‘rt bola tan jarohati oldi.

Andijon Tennis korti yonida yangi ishga tushirilgan istirohat bog‘idagi bu voqea 8 may kuni kechki soat yettilar atrofida sodir bo‘lgan.

Bu haqda Ozodlikka voqeadan xabardor andijonlik manba xabar qildi.

“Bolalar bog‘ida yangi qo‘yilgan attraktsion o‘z o‘qidan chiqib ketib, ichidagi odamlari bilan yerga qulagan. Natijada bir necha odam juda qattiq tan jarohati olgan. O‘lganlar ham bor, deyishayapti. Voqea yuz bergan joyga 20-30 minut ichida militsiya va MXX xodimlari yetib kelib, bog‘dagi barcha dam oluvchilarni haydab chikarib, atrofni o‘rab olishgan”, deya xabar qildi andijonlik manba.

Andijon shahar hokimligining mas‘ul xodimi “Kamolot” yoshlar bog‘idagi attraktsionda ushbu halokat sodir bo‘lganini tasdiqladi.

- Bu aylanadigan charxpalak emas. Poyezd ko‘rinishida yuradigan attraktsion. Shu attraktsion o‘z izida chiqib ketishi natijasida bir necha bola jarohatlandi. Ular zudlik bilan shoshilinch tibbiy markaziga jo‘natildi, - dedi hokimlik xodimi.

Andijon shahar shoshilinch tibbiy yordam markazidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, “Kamolot” bog‘idagi attraktsion qulashi oqibatida jarohatlangan to‘rt nafar bolaga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

- Attraktsionda jarohatlangan bolalar travmatologiya bo‘limiga murojaat qilishdi. To‘rt bolaga ambulatoriya xizmati ko‘rsatildi. Ularning badanida shilingan-tilingan jarohatlar bor edi. Shu joylarga tibbiy muolaja qildik. Ularning hech qaysisi kasalxonaga yotqizilmadi. O‘sha kuni uylariga ruxsat berildi, - dedi tibbiy yordam markazining ismini oshkor qilmayotganimiz shifokori.

Suhbatlashganimiz - Andijon shahar hokimligi xodimi ham, tibbiy yordam markazi shifokori ham attraktsion izdan chiqishi oqibatida qurbonlar bo‘lganini inkor qilishdi.

“Kamolot” yoshlar istirohat bog‘i may oyining boshida ishga tushirilgan.

Ozodlikning Andijondagi manbasiga ko‘ra, bog‘ yangi bo‘lishiga qaramay, undagi deyarli barcha attraktsionlar eski bo‘lgan.

“Ushbu bog‘ Andijon Milliy xavfsizlik xizmati tashabbusi bilan erta bahordan buyon qayta ta‘mirlanib, attraktsionlar o‘rnatilgan edi. Falokat yuz bergan attraktsion va bog‘dagi boshqa attraktsionlarning aksari qo‘lbola-yasama, foydalanish muddati o‘tib ketgan eski attraktsionlardir”, deydi andijonlik manbamiz.
XS
SM
MD
LG