Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:55

Amudaryo tumanida o‘quvchilar g‘o‘za chopig‘iga chiqarildi


Bu suratni Yelena Urlayeva Amudaryo tumanida 10 may kuni olgan.
Bu suratni Yelena Urlayeva Amudaryo tumanida 10 may kuni olgan.
Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumani maktablari o‘quvchilari may oyining dastlabki kunlaridan boshlab g‘o‘za chopig‘i va yaganasida ishlatilmoqda. Bu haqda Ozodlikka yaqinda muxtor respublikaga qilgan safaridan qaytgan inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlayeva xabar qildi. Qoraqalpog‘iston Xalq ta‘limi vaziri yordamchisi esa, bu xabarni inkor etdi.

Yelena Urlayevadan bolalarning dalada ishlayotganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rdingizmi, deb so‘radik:

- O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bolalar bilan birga suratga ham tushdim, dedi Urlayeva.

Aytishicha, Yelena Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida 9, 10 may kunlari bo‘lgan va o‘sha kunlari "32-maktabning o‘quvchilarini To‘lqin mahallasiga yaqin dalalarda" ko‘rgan.

Huquq himoyachisi dalada ishlayotgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilaridan olgan ma‘lumotlariga tayanib, dala ishlariga 4-va undan yuqori sinflar o‘quvchilari may oyining dastlabki kunlaridan boshlab jalb etilayotganini aniqlaganini aytib berdi.

Yelena Urlayeva va u a‘zosi bo‘lgan tashkilot - O‘zbekiston inson huquqlari himoyachilari alyansi keyingi yillarda bolalar mehnati ekspluatatsiyasi faktlarini sinchkovlik bilan kuzatib, qayd etib keladi.

Urlayevaning aytishicha, Amudaryo tumanida maktab o‘quvchilarining dala ishlariga jalb etilishi bu yil qayd etilgan yagona holatdir.

Ozodlik muxbiri Qoraqalpog‘iston Xalq ta‘limi vazirligi bilan ham bog‘landi. Vazir yordamchisi Sulaymon Habibov savolimizga “Bo‘lishi mumkin emas!” deb javob berdi. Lekin uning ovozidagi qat‘iylik birozdan so‘ng yumshadi va biz yetkazgan xabarni o‘rganib ko‘rajagini aytdi.

Yelena Urlayeva “hozircha boshqa viloyatlarda maktab o‘quvchilari dalaga chiqarilgani to‘g‘risida bizda ma‘lumot yo‘q”, degan bo‘lsa-da, biz boshqa viloyatlardagi, xususan, Jizzaxdagi vaziyatga qiziqdik.

Viloyatning Jizzax tumanida istiqomat qiluvchi Mamirjon Azimovning aytishicha, u yashayotgan hududda maktab o‘quvchilari dala ishlariga jalb etilmagan. Lekin ularning o‘qituvchilari shanba-yakshanba kunlari chopiqqa chiqarilmoqda:

- Jizzax shahri va Jizzax tumanlarida maktab bolalari paxta chopig‘iga jalb qilinmagan.

Ozodlik: Hozir paxta chopig‘imi ëki yaganasimi?

- Hozir paxta chopig‘i ketayapti. Yagana deyarli boshlangani yo‘q. Ayrim joylarda boshlangan. Yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lganligi sababli paxtani o‘t bosganligi uchun, asosan, chopiqqa e‘tibor berilgan. Shanba, bozor kunlari maktab o‘qituvchilari jalb etilayapti, tashkilotlar jalb qilinayapti. Lekin maktab o‘quvchilari jalb qilingani yo‘q chopiqqa.

Ozodlik: Shanba kunlari maktab ishlamaydimi?

- Ishlaydi. Ma‘lum miqdorda nimalar qisqartiriladi. Misol uchun, bitta o‘qituvchi bir kunda uchta dars o‘tadigan bo‘lsa, boshqa o‘qituvchining darsini unga olib berib, boyagi o‘qituvchi paxtaga jalb qilinadi, deb xabar qildi jizzaxlik Mamirjon Azimov.

Paxta va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishda maktab o‘quvchilari mehnatidan foydalanish O‘zbekistonda Sovet davridan beri hal bo‘lmay kelayotgan muammodir.

Bolalar mehnatini ekspluatatsiya qilayotgani uchun O‘zbekiston hukumati yillardan beri mahalliy huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlar tanqidi nishoni bo‘lib keladi.

Keyingi yillarda jahonning yetakchi ishlab chiqarish va savdo shirkatlari bolalar mehnatidan foydalanilgani uchun O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani boykot qilish kampaniyasini o‘tkazdilar.

Tanqidlarga javob o‘laroq O‘zbekiston hukumati o‘tgan yili maktab o‘quvchilarini paxta terimiga jalb etishni maxsus qaror bilan taqiqlab qo‘ydi va qaror ijrosini udalaganday ham bo‘ldi.

Biroq o‘quvchilar o‘rniga paxtani ularning o‘qituvchilari terdiki, natijada maktablardagi darslar to‘laqonli o‘tkazilmadi.
XS
SM
MD
LG