Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:05

Muhojir sarguzashtlari: “Shig‘ar juz rubl”


Bu va ilova qilingan boshqa suratlarni matn muallifi o‘zi tushgan poyezdda olgan.
Bu va ilova qilingan boshqa suratlarni matn muallifi o‘zi tushgan poyezdda olgan.

"Poyezd Kelesdan o‘tib Sarog‘ochda to‘xtadi. Bir guruh chegarachilar chiqdi. O‘zlarini “pograndosmotr”, deb tanishtirdi. Sanadim: it yetaklagani bilan olti kishi. “Shegereni qurmeti baring juz rubldan shigar. Aksha bermegening jayingdi jiyna, tusesin”. Berganlar berdi. Bermaganlarning cho‘ntagini titishdi, sumkasini titishdi..." O‘zini O‘zbek Turist, deb tanishtirgan tinglovchimizning smartfon hikoyasi shunday boshlanadi.

Yaqinda o‘zini O‘zbek Turist, deb tanishtirgan tinglovchimiz Ozodlik ,
bilan smartfonidagi WhatsApp dasturi orqali aloqaga chiqib,
mana bu taklif-savolni o‘rtaga tashladi:


“O‘zbek mehnat muhojirlari haqida ko‘p yozasizlar. Ularning poyezdda Qozog‘istonning kirish chegarasidan to chiqish chegarasigacha sarguzashtlari haqida yozsam, bu yoritilsa, Qozoq hukumati betartiblikka chora ko‘radimi? O‘zi, umuman, Qozog‘iston hukumati ham o‘qib, eshitadimi Ozodlikni?”

- Qani, yozingchi, deb uladik smartfon orqali boshlangan muloqotni.

Tinglovchi yoza boshladi. Yozaverdi. O‘qiyverdik.

3 – 4 daqiqada bittadan abzats kelaverdi.

Abzats ketidan abzats yozilaverdi. Biz esa o‘qiyverdik.

Qarasak, binoyiday bir hikoya hosil bo‘ldi va uni Sizga ilindik.

Marhamat, o‘qing. Demak, Poyezd Toshkentdan chiqdiyu tez orada O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tdi.

Bu yog‘i tinglovchimiz matni:

21:32 - Poyezd Kelesdan o‘tib Sarog‘ochda to‘xtadi. Bir guruh chegarachilar chiqdi. O‘zlarini “pograndosmotr”, deb tanishtirdi. Sanadim: it yetaklagani bilan olti kishi. “Shegereni qurmeti baring juz rubldan shigar. Aksha bermegening jayingdi jiyna, tusesin”. (Chegaraning hurmati hammang yuz rubldan chiqar. Pul bermaganing joyingi yig‘, tushasan) Berganlar berdi. Bermaganlarning cho‘ntagini titishdi, sumkasini titishdi. O‘zbegimning paypog‘i ichidagi pulgacha topib obqo‘ydi. Berkitilgan pulning hammasini obqo‘yisharkan o‘z xohishiz bilan "juz rubl" bermasangiz. Puli yo‘qlarning ancha asabini buzishdi, shu yerdan qaytarvoramiz, deb. Ular qo‘shni vagonga chiqib ketdi hamki, yana bir guruhi kirdi. Ular o‘zlarini "tamojnya", deb tanishtirdi. Yana xuddi boyagi holat takrorlandi. Sumkalardagi hamma narsa chiqdi. Baklashkalardagi nosvoylar derazadan uloqtirildi. Yana "juz rubl"dan tamojnyaning "qurmet"i.

21:35 - Pasportga pechat kerakmi? Ha. “Shig‘ar juz rubl”. Bu pasportchining gapi. Bermasang - bepechatь ketasan, keyingi chegaradan qaytarvorishadi.

21:48 - Keyin ola-bula kiyinganlar. Ularniyam bittasi it bilan. To‘rt kishi. Yana "juz rubl". “Hozir berdimu” desangiz, “ular boshqa slujba, biz boshqa”, deyishadi. Ikki soat turadi poyezd chegarada. Olti xil slujbaga besh yuz rubl ketdi. Hurmati shu ekan. Tong yorishar mahalda yurdik. Ikkita chegarada ikki soatdan to‘rt soat turdik.

​Buning ustiga hamma yulovchilar viloyatlardan kamida besh soatdan yul bosib kelgan. Xullas, hamma charchagan. Endi uxlagani yotganda ikkita melisa kirib hammani bitta-bitta uyg‘otib, cho‘ntagini titishga tushib ketdi. Birov g‘ing demaydi. Sen kimsan? Nima xaqqing bor? Yo‘q. "Juz rubl"dan.

21:55 - Telefonlarini oldirib qo‘yganlar bo‘ldi. Kim xo‘l meva, kim quruq meva olgan. Sumka titgan chegarachiyu tamojnyachilar uyalmay cho‘ntaklariga tiqishadi...

21:57 - Tahririyat o‘zi abzatslarni joyiga qo‘yib olar. Men esimga tushgan-tushganini yozaveraman.

22:03 - Uzr. Hozir yana bitta chegaraga kelyapmiz. Buyam Qozogiston. Shu yergacha uchta chegarasi bor qardoshlarimizning. Bu to‘rtinchisi. Oxirgisi – Qozog‘istondan chiqish. Aloqa uzilib qolsa ertaga kunduzi Rossiya nomerga pul solib davomini yozaman.

22:06 – Bu hali hammasimas, albatta. Ukrainaga kirib borguncha yozsam, rosa qiziq. Kulgili joylariyam bor oz-moz.

22:10 - Toshkentdan atigi Turkistongacha bo‘lgan ishlarni yozdim. Shundayam batafsilmas. Keyingi uchta chegara orasida poyezdni qozoq melisalar soprovojdeniye qiladi.

23:41 - Yopiray, bu qozoq chegarachilarigayam davlat oylik berarmikan yoki tirikchiligi faqat shu o‘zbegimning poyezdidanmikin?!

23:48 - Hozir chegarada turibmiz. Telefon ishlatish umuman mumkinmasakan. Telefonini oldirib qo‘yganlar ham bo‘ldi, deb yozdimku, shularning telefoni sumkasida turib jiringlab ketadi. Birov qo‘ngiroq qilibmas, "Kozog‘istonga xush kelibsiz! Doimo Bilayn bilan birga bo‘ling!" degan sms ayni chegarada turgan mahalimizda kepqoladi. Bu “Xayr telefonim”, degani.

23:58 - Endi bu nomerga yozmang. Biz Qozog‘istondan yurdik. Birpasdan keyin Rossiyaning chegarasi bo‘ladi. Rossiya nomerimning puli bo‘lsa, davom etamiz. Bo‘lmasa ertaga kunduzi biror kattaroq stantsiyada pul tushirib, keyin yozaman.

O‘zbek Turist

***
Tinglovchimizning smartfon hikoyasi shu joyda uzilganicha hali aloqaga chiqqani yo‘q. Aloqaga chiqib, yozishni davom ettirishi bilanoq Siz ham o‘qishni davom ettira boshlaysiz. Har holda uning "Bu hali hammasimas, albatta. Ukrainaga kirib borguncha yozsam, rosa qiziq. Kulgili joylariyam bor oz-moz", degan va‘dasi bor.

Ozodlikning WhatsAppi:

(WhatsApp +420 724 971 539)
XS
SM
MD
LG