Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:18

“O‘zbek kinosi masxarabozlikdan qutulishi kerak”


Keyingi yillarda O‘zbekistonda olingan yuzlab filmlar orasida xalqaro festivallar sovrinlarini olayotganlari ham bor. Ayub Shahobiddinovnig "Parizod" filmi ana shundaylardan biri.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda olingan yuzlab filmlar orasida xalqaro festivallar sovrinlarini olayotganlari ham bor. Ayub Shahobiddinovnig "Parizod" filmi ana shundaylardan biri.
Filmlari badiiy kengashdan o‘tmagan kinochilar guruhi “O‘zbekkino” millliy agentligi rahbariga o‘z e‘tirozlarini misli ko‘rilmagan tarzda dadil bildirishdi.

Zebo Navro‘zova¸ Javlon Shodmonov kabi kinochilar “O‘zbekkino” millliy agentligida juma kuni bo‘lib o‘tgan majlisda kino sohasi rahbari almashganidan beri o‘tgan bir yarim oy mobaynida suratga olish bilan bog‘liq barcha jarayonlar muzlatib qo‘yilganidan oshkora tashvish bildirishdi.

“Sevgi farishtasi-2”, “Janob xotdogchi”, “Xazon” va kabi filmlarni namoyish qilish uchun ruxsat berilmagani, Zebo Navro‘zovaning “Erkaklar fasli” filmi esa badiiy kengash muhokamasidan o‘tmagani majlisda aytildi.

Majlisni kuzatgan toshkentlik jurnalist Jasur Hamrayevga ko‘ra¸ shu paytgacha "chaynalib" yurgan yosh ijodkorlar “burro-burro gapirib” ichidagi haqiqatlarini "sharta-sharta" aytib olishgan.

O‘zbekistondagi ko‘ngilochar nashrlar tarafidan “kino sohasidagi inqilob¸ yosh ijodkorlar to‘poloni” deb tasniflangan bu tadbir yuzdan ortiq odam ishtirokida “O‘zbekkino” millliy agentligining katta zalida o‘tkazilgan aytilmoqda.

Majlisda ishtirok etgan yosh kinochilar stsenariylari qabul qilinmayotgani va film yaratishda “O‘zbekkino” mulozimlari yaratgan turli to‘siqlarga duch kelayotganliklari haqida ochiq gapirishdi¸ deydi “O‘zbekkino” millliy agentligida bo‘lib o‘tgan majlis ishtirokchisi¸ kinorejisser va prodyuser Azamat Ergashev Ozodlik bilan suhbatda:

- To‘polon emas¸ razborka ham emas balki yuzma-yuz ochiq muloqot bo‘ldi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ular o‘z e‘tirozlarini aytishdi¸ rahbariyat ham nega ularning kinolari badiiy kengashdan o‘tmaganini tushuntirib berdi. Men, masalan, badiiy kengash fikrini quvvatlayman. O‘sha o‘tmagan kinolarda tasvir haqiqati degan narsa buzilgan. Bir misol ona o‘g‘lini armiyaga uzatyapti ammo perronda hech kim yo‘q. Bunaqa misollar juda ko‘p deydi 51 yoshli o‘zbek kino ustasi Azamat Ergashev.


Gulnora Karimova ishi yurishmagan kinochilar xaloskori?


Kino idorasida bo‘lib o‘tgan majlis haqida yozgan Shov-shuv.uz nashri muharriri Jasur Hamrayevga ko‘ra¸ shu paytgacha jim yurgan yosh o‘zbek kinochilarini O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova jur‘atlantirgan.

Jasur Hamrayevga ko‘ra¸ majlisda “qo‘qqisdan Gulnora Karimova yosh kinochilarning haloskori sifatida paydo” bo‘lgan.

Internetdagi ko‘ngilochar nashrlardan yana biri Sayyod.uzning yozishicha¸ Gulnora Karimova majlisga kirib kelganida "zalda yig‘ilganlarning ko‘zlari najotkorini ko‘rgandek chaqnay" boshlagan.

Majlisda nutq so‘zlagan Gulnora Karimova "hech kim ota obro‘sini su‘istemol qilmasligi" kerakligini ta‘kidlagan.

Majlis ishtirokchilarining Ozodlikka aytishicha¸ Gulnora Karimova o‘z nutqida Zulfiqor Musoqov va Jahongir Qosimov kabi taniqli rejisserlarning farzandlari otasi obro‘sidan foydalanib kino olayotganligini tanqid qilgan.


Prezident maslahatchisi va prezident qizi kino g‘amini yeydi


So‘nggi bir oy ichida “O‘zbekkino” agentligi yuqori lavozimli amaldorlar tashrif buyuradigan idoraga aylangani kuzatilmoqda.

O‘tgan oyda O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov, agar aktyorlar “munosib rol o‘ynamasa”, ulardan unvonlar olib qo‘yilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

“O‘zbekkino” agentligining so‘nggi 7-8 yillik faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan majlisda Sultonov filmlarda qishloq manzarasi g‘arib ahvolda ko‘rsatilishiga e‘tiroz bildirgan edi.

Majlisda Xayriddin Sultonov: “Nega qishloq manzarasi g‘arib ahvolda ko‘rsatiladi? Qishloqlarda paxsa uy, molxonadan boshqa joy yo‘qmi? Qishloqlardagi shuncha o‘zgarishlarni, zamonaviy taraqqiyotni rejissyorlar ko‘ra olmayaptimi?” deya dakki bergan edi.

Kuni kecha “O‘zbekkino”ga tashrif buyurgan Gulnora Karimova prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov fikriga qarama-qarshi tarzda¸ kinolarda milliy etnografik xususiyatlarga e‘tibor berish lozimligini ta‘kidladi.

Majlis ishtirokchilaridan biri ismini aytmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirar ekan¸ kinoga aloqasi bo‘lmagan bu ikki shaxs Gulnora Karimova va Xayriddin Sultonov xarxashalari pirovardida umumiy ijod jarayoniga xalaqit berayotganligidan tashvish bildirdi:

- Siz bilasizmi yo yo‘qmi¸ kinoga Gulnora Karimova o‘z odamini qo‘ymoqchi edi¸ o‘xshamay qoldi. Bundan bir yarim oy oldin mart oyida "O‘zbekkino" milliy agentligi bosh direktorligiga Jahongir Qosimov tayinlangani e‘lon qilingan edi. Jahongir aka professional jihatdan kuchli odam. U kishining nomzodi Xayriddin Sultonov tarafidan quvvatlandi. Ana shundan keyin Qosimov pala-partish va yomon saviyada kino olayotganlarga qarshi asosli kurash boshladi. Jiddiy talablar qo‘ydi. Ammo kinosi badiiy kengashdan o‘tmaganlar Gulnora Karimovani "krisha" qivolib jangga o‘tishdi. Bular fonida bir yarim oydan beri bir metr ham kino suratga olinmadi, deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonlik taniqli kinochi¸ 62 yashar Rustam Obidovga ko‘ra, kinoning yangi rahbariyati oldida o‘zbek kinosi mavzu doirasini kengaytirish va xalq dardini aks ettirish masalasi turibdi.

Tarixiy kino suratga olish niyatida bo‘lgan Rustam Obidov majlisda qatnasha olmaganidan taassufda.

- Meni ham aytadigan gaplarim bor edi ammo chaqirishmadi. Menimcha, kino idorasiga kino bilimdonlarining fikri kerak emas shekilli,- deydi o‘nlab kino filmlar muallifi Toshkentdagi “Usto Majid – Fayz” studiyasining asoschisi Rustam Obidov.
Kinoni kino ustalariga bering

O‘zbek kino ustasi Azamat Ergashev arzimagan pulga kino olayotgan haminqadar kinochilarga qarshi ekanini yashirmaydi. O‘z vaqtida Moskvadagi VGIK kino oliygohini tugatgan Ergashev millat didini o‘tmaslashtirishga hech kimning haqqi yo‘q, deydi.

- O‘zbek kinosi masharabozlikdan qutulishi kerak. Past probadagi bachkana yumor¸ bo‘lar-bo‘lmas xazil¸ hi-hi¸ ha-ha kabi kinolarni badiiy kengash o‘tkazmasligi kerak. Kinoni professional kinochilar yaxshi pul sarflab olishi kerak¸ deydi suhbatdosh.

Hozirda O‘zbekistonda kino-videomahsulotlar ishlab chiqarishga izn olgan tashkilotlar soni 700ga yetgan.

“O‘zbekkino” milliy agentligiga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga 70 dan ziyod badiiy film suratga olinib ekranlarga chiqarilmoqda.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan maishiy mavzudagi, kam byudjetli filmlar Markaziy Osiyodagi kinotomoshabinlar tarafidan yaxshi qabul qilinayapti.

Bollivud yo‘lidan ketayotgan o‘zbek kinosining soni ko‘paygani sayin sifat pasayib ketyapti, degan tanqidlar ham aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG