Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:10

Rossiyalik sportchi Jomolungma cho‘qqisidan sakrab¸ rekord o‘rnatdi


Rozov Jamalungmadan sakramoqda.
Rozov Jamalungmadan sakramoqda.
Yer sharidagi eng baland cho‘qqi – Jomolungma cho‘qqisiga birinchi inson qadami yetganiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan rossiyalik ekstrim sportchi Valeriy Rozov cho‘qqining 7000 metrdan baland muzligidan pastga sho‘ng‘idi va turg‘un ob‘ektlardan parashyut bilan sakrash bo‘yicha dunyo rekordini o‘rnatdi.

Balandlikdan pastga sho‘ng‘ishga ishqibozlar o‘rtasidagi musobaqa qizigandan qizib bormoqda va bu boradagi dunyo rekordlari kitobi ham boyigandan boyib bormoqda.

Maxsus qanotli kiyim kiygan 48 yashar Valeriy Rozov 7220 metr balandlikdan sakrab¸ bir minutga yaqin davom etgan sho‘ng‘ishdan so‘ng¸ 1000 metr pastdagi muzlikka eson-omon qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu sho‘ng‘ish 1953 yilning 29 may kuni Edmund Hillari va Tenzing Norgeyning Jomolungmani ilk bor zabt qilganiga roppa-rosa 60 yil to‘lgan kunda amalga oshirildi.

Cho‘qqidan pastga sho‘ng‘ir ekanman¸ o‘z vujudimning bu sakrashga qanday reaktsiya berishini taxmin ham qila olmadim¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Rozov:

- Cho‘qqi juda baland¸ undan sakrash esa¸ jismonan o‘ta og‘ir edi. Havo juda sovuq edi. Bunday maxsus kostyumni kiyish uchun ichki kiyimlardan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Shu bois men juda sovqotdim va ruhiy bosim ham shunga yarasha kuchaydi, deydi Rozov.

Россиялик спортчи Жамалунгмадан сакради
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:55 0:00


Red Bull shirkati tomonidan moliyalashtirilgan ushbu yurakni seskantiruvchi sakrash uchun Rozov va uning maxsus guruhi ikki yildan ortiq vaqt davomida hozirlik ko‘rdi.

Dunyoning eng baland cho‘qqisiga tutash nuqtadan sakrashni amalga oshirish uchun to‘rt mahalliy yo‘lboshlovchi¸ operator va fotograflardan iborat mazkur guruh aprel oyida Himolay tog‘lari tepasini egallagan edi.

Jomolungma etagida chodir qurgan Rozov va guruhi sakrash uchun uch haftadan ziyod ekstrim ob-havo sharoitida tepada ko‘rsatma berilishini kutib yashadi.

Ob-havo sharoitining o‘ta xavfli ekani¸ 18 darajalik sovuqqa qaramay¸ bu sakrash muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

So‘nggi soniyaga qadar yerga eson-omon qo‘nishimga ko‘zim yetgani yo‘q¸ deydi Ozodlik muxbiriga Rozov:

- Asosiy qiyinchilik¸ asosiy shubha sakrash boshlangan cho‘qqining vertikal qismi juda qisqa ekani bilan bog‘liq edi. Bu bo‘lim atigi 200 metrni tashkil etadi. Sho‘ng‘ishni nazoratga olishdan avval men ana shu vertikal qismda vujud tezligini oshirib¸ ustimdagi kostyumga havo to‘lishini eplashim lozim edi. Normal balandlikda 200 metr bu ishga yetarli emas. Ammo bu nonormal vaziyatda sho‘ng‘ishning qanday bo‘lishi¸ vujudim o‘zini qanday tutishini bilmadim¸ deydi rossiyalik sportchi.

Rozov hozirga qadar ham ekstrim sakrashlar bo‘yicha dong chiqarganlardan biri.
2009 yilda u Kamchatkadagi faol vulqon ustiga sakragan bo‘lsa¸ 2010 yilda Antarktikadagi Ulvetanna cho‘qqisidan pastga sho‘ng‘igan.

Hozirga qadar Rozov dunyodagi turli turg‘un ob‘ektlar ustidan 10 mingdan ziyod sakrashni amalga oshirgan.

Ozodlik bilan suhbatda Rozov¸ sakrashlardan maqsadi dunyo rekordini o‘rnatish emas¸ balki sakrash ob‘ektlariga nisbatan alohida qiziqishi ekanini ta‘kidlaydi:

- Men hech qachon rekord o‘rnataman¸ deb intilmaganman. Men doimo sakrash ob‘ekti bo‘lgan balandlikka qiziqqanim uchun¸ o‘sha joyning ustiga chiqishga qiziqqanim uchun sakrayman¸ xolos. Agar bu ish rekord o‘rnatish bilan tugasa¸ nur ustiga a‘lo nur. Bugun ham rejamda minglab xayol bor. Sakraladigan joyning Jomolungma kabi eng baland cho‘qqi bo‘lish-bo‘lmasligining esa¸ men uchun unchalik ahamiyati yo‘q¸ deydi Valeriy Rozov.
XS
SM
MD
LG