Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:50

“Ona tili” “singil”ni ko‘chirishni to‘g‘ri o‘rgatayapti. Lekin...


O‘zini Zafarjon, deb tanishtirgan tinglovchimiz o‘tgan haftada Ozodlikning “Erkin mikrofon”i bilan bog‘lanib, O‘zbekistondagi o‘zbek maktablarining 2- sinfi “Ona tili” darsligida tarkibida “NG” harf birikmasi bo‘lgan so‘zlarni keyingi satrga ko‘chirish qoidasi noto‘g‘ri talqin etilganidan shikoyat qilgan edi.

Zafarjon bilan suhbat, kutilmaganda, tinglovchilarimiz orasida qiziqish uyg‘otdi. Buni nafaqat o‘z saytimiz, balki Ozodlikning “Odnoklassniki”dagi sahifasiga kelgan sharhlardan ham ko‘rib turibmiz.

Mushtariylar mavzu yuzasidan o‘zaro bahsga kirishdi va bu bahs shu kunda ham davom etmoqda.

Xo‘sh, qaysi tomon haq: “sin-gil”, deb ko‘chirish to‘g‘ri”, deydiganlarmi yoki “si-ngil” tarafdorlarimi?

Bahslashayotgan tomonlar orasida hakam bo‘lib berishni Qozog‘istondagi o‘zbek maktablarining 11- sinfi uchun nashr qilingan “Ona tili” darsligi muallifi, tilshunos va adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekovdan iltimos qildik.


Zafarjonning tanqidi


Hakamning hukmini keyinroqqa qoldiramiz. Hozir esa, Zafarjonning aytganlarini eslab, bahslashuvchi tomonlar fikrlari bilan tanishaylik.

- Lotin yozuvida ham, kirill yozuvida ham, agar ng harf birikmasidan keyin unli harf kelsa, unda n bilan g ayriladi. Chunki n bilan g alohida talaffuz qilinadi. Agar n bilan g harf birikmasidan keyin undosh harf kelsa, ana unda ng degan harf birikmasi hosil bo‘ladi. Ana o‘shanda ng oldingi bo‘g‘inda qoladi, qolgani keyingi satrga ko‘chadi. Masalan, “Singil”. Bu yerda n bilan g alohida talaffuz qilinayapti. Chunki ngdan keyin unli tovush kelayapti.

Boshqa holat: “cinglIm”da ngdan keyin undosh tovush (l) kelayapti. Unda ng oldingi qatorda qolib, “lim” ko‘chishi kerak.

2- sinf “Ona tili” darsligida esa, Si oldingi satrda qolib, ngil ko‘chirilayapti. Bu esa, noto‘g‘ri, degan edi Zafarjon.


Bahslashuvchi tomonlar


Oydin ismli mushtariy saytimizda qoldirgan sharhida “Zafarjonning fikrlarini 100% to'g'ri”, deb hisoblashini xabar qilsa, Ozodlikning “Odnoklassniki”dagi sahifasida sharhini “Mr. Uzbek”, degan nom bilan qoldirgan mushtariy bunday degan:

“…"ng" bitta tovush, 2ta harfdan iborat! 2-sinf "Ona tili" kitobida juda to'g'ri ko'chirilgan! Xalq ta'limi kitoblarni tekshiraverib (ayniqsa "Ona tili" kitobini) tit - pitini chiqarib tashlaydi!
Ozodlikka taklif:
Biror mavzuni ko'tarishdan oldin, shu mavzuga atroflicha yondashilsa yaxshi bo'lar edi!”


Mutaxassis fikri


“Odnoklassniki”da bildirilgan bu taklifni qabul qildik va tilshunos va adabiyotshunos olim Baxtiyor Isabekovga murojaat qildik.

Olimning fikricha,

- Sin-gil bo‘lsa, unda sinmoq bilan bog‘lanib ketadi-da omonimik holat vujudga keladi. Shuning uchun si-ngil shaklida yoki sing-il shaklida ko‘chirish mumkin. Ikkala holatda ham to‘g‘ri bo‘ladi. NG birligi bir-biridan ajrab qolmasa bo‘ldi. Uning ajrashi har qanday holatda xato bo‘ladi. Chunki bu - bitta tovush. Bitta tovushni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi bo‘g‘in ko‘chirishda. Ruslar, masalan j tovushi uchun djni oladi. Bularni bir-biridan ajratib bo‘ladimi bo‘g‘in ko‘chirishda?

Ozodlik: Yo‘q.

- Xuddi shuning o‘zi. Bizdagi ham shu. Chunki bu yerda bitta tovush bor. NG tovushi bor. NG tovushini biz ikkita harf bilan olganmiz.

Ozodlik: Siz mutaxassis va mutaxassis bilan bahslashib bo‘lmaydi. Siz aytayapsizmi, demak, to‘g‘ri. Lekin ilgari kirill yozuvida xuddi shu holat boshqacha tushuntirilganku?!

- U yerda boshqacha tushuntirilgan joyi yo‘q. U yerda ham ma‘no o‘shanga to‘g‘ri kelgan. Agar so‘zning ma‘nosiga ta‘sir qiladigan bo‘lsa, NGni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi, deyilgan. Siz aytayotgan singilmi, ko‘ngilmi, masalan, ko‘ngilni ko‘n-gil shaklida ko‘chirsak, ma‘no boshqa yoqqa ketib qoladi, dedi Baxtiyor Isabekov.


“Tilchi akademiklar” tayyorlashga yo‘naltirilgan “Ona tili” darsliklari


Fursatdan foydalanib, olimdan “Ona tili” darsliklarining umumiy sifati to‘g‘risida ham so‘radik.

- Bizdagi hozirgi darsliklar, O‘zbekistonda chiqqan darsliklarning deyarli barchasining Sovet davridagi darsliklardan farqi nihoyatda kam. Quruq sxolastik grammatika. Na adabiyot bilan bog‘lanadi va na uning amaliy qo‘llanishiga e‘tibor beriladi. Quruq sxolastik grammatika bo‘lib qolgan.

Ozodlik: Go‘yoki maktab o‘quvchisi maktabni bitirgandan keyin tilshunos bo‘lishi keragu shunga tayyorlanayotganday...

- Xuddi shunaqa. To‘ppa-to‘g‘ri. Siz mendan ko‘ra aniqroq aytdingiz. Tilning ijtimoiy vazifasi, uning qo‘llanish doirasi, til madaniyati masalalari, nutq madaniyati... Bunaqa narsalarga O‘zbekistonda chiqqan hozirgi darsliklarda e‘tibor berilmagan, dedi Baxtiyor Isabekov.

Muhokamasi tinglovchimiz Zafarjonning tashabbusi bilan boshlangan Ona tilini o‘qitish bilan bog‘liq masalalarning yana bir jihatiga keyingi haftada to‘xtalishga harakat qilamiz.
XS
SM
MD
LG