Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:07

Obid qoriga suiqasdda ayblanganlarga 8 yillik qamoq so‘ralmoqda


Shvetsiyaning Sundsvall shahrida Obid qori Nazarovga suiqasdda gumon qilingan Yuriy Jukovskiyga jinoiy sheriklikda ayblangan ikki o‘zbek - Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovalar yana mahkamaga olib kelindi. Ular o‘tgan yili 26 aprel kuni o‘tgan ilk mahkama qarori bilan oqlanib, sud zalidan ozod qilingan edi.

Shved prokurori Krister Petersson kiritgan shikoyat asosida 3 iyun kuni boshlangan appelyatsiya tartibidagi mahkama hay‘atiga 828 sahifalik ayblov xulosasi berildi.

Ozodlik bilan suhbatda prokuror bu gal ayblanuvchilarga qarshi yangi dallilarni ilgari surganini aytdi.

- Hozirga kelib, bizda yangi texnik dalillar paydo bo‘ldi. Masalan, suiqasdga urinish sodir bo‘lganidan ikki kun o‘tib, ayblanayotganlar o‘rtasida elektron maktub orqali yozishmalarni topdik. Mening nazarimda, bu xatlarda jinoyat izlarini yopishga urinish alomatlari jiddiy ko‘ringan, dedi Petersson.

U ayblanuvchilarga 8 yillik qamoq jazosini so‘ramoqda.

Mahkamani kuzatayotgan o‘zbekistonlik qochqin, hozir Shvetsiyada yashaëtgan imom Muhammadsolih Obutovga ko‘ra, 3 iyun kungi mahkamada, asosan 828 sahifalik ayblov xulosasi bilan tanishilgan.

- Mahkama ertalab soat 9 da boshlandi. Prokuror 828 betlik ayblov kiritibdi. Hozir shu ayblov bilan birma-bir tanishtirib chiqishyapti. Katta ekranda dalillar ko‘rsatilyapti. O‘sha yerda qiziq dallilar bor. O‘zbekistondan Avazov Jobir, degan odamdan anavi ayolning Nordea bankidagi hisob raqamiga o‘tgan yilning 1 may kuni, keyin bir hafta o‘tib, ikki marta 50 ming kronadan pul tushgani aniq ko‘rsatilgan, dedi Muhammadsolih Obutov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayblanuvchilarning Obidxon qorini otganlikda gumon qilingan Yuriy Jukovskiy ismli shaxs bilan suiqasddan oldin va keyin izchil aloqada bo‘lganini ko‘rsatuvchi dalillar ham ayblov xulosasida ilgari surilmoqda.

Muhammadsolih Obutov bu galgi mahkamada ishtirokchilarning soni avvalgisiga nisbatan ko‘proq ekanini aytmoqda. Avvalgi mahkama 2012 yilning aprelida Ostershund shahrida bo‘lgan edi.

- Bugungi sudga Nodira Aminova bilan eri kelgan. O‘tirishibdi. Bu yoqdan Dovudxon ham keldi advokati bilan. Yana qori akani taniganlarning ko‘pchiligi kelishgan, dedi Muhammadsolih Obutov.

Obid qori Nazarovga 2012 yilning 22 fevralida uyushtirilgan suiqasdga aloqadorlikda gumon qilingan ikki o‘zbek — Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovalar o‘tgan yili 26 aprel kungi mahkama qarori bilan oqlangan edi.

Er-xotin Bahodir Po‘latov va Nodira Aminova o‘tgan yilning 15 may kuni o‘zbekistonlik diniy ulamoga suiqasdda ishtirok etganlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi.

Isbotini topmadi, deya sud tomonidan bekor qilingan ayblovda o‘zbekistonlik er-xotinning Obid qoriga o‘q uzgani gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyga jinoiy sherik ekani iddao qilingan.

Ayblovni ilgari surgan shved prokuror Krister Petersson sud qaroridan norozi bo‘lgan va qaror ustidan shikoyat qilishini bildirgan edi.

O‘tgan yilning kuzida Ozodlikka intervyu bergan Nodira Aminova Yuriy Jukovskiyni tanishi, unga ko‘maklashganini tan olgan, ammo uning asl niyatidan bexabar bo‘lganini aytgan edi.

- Juda soddadil inson bo‘lib ko‘rindi u bizga. Jinoyatchiga sira o‘xshamaydi. Akamning o‘rtog‘i sifatida uyimizda mehmon qildik. Lekin, nima qilayotgani haqida bizga hech narsa gapirmasdi. Bir necha kundan keyin shu xabarni Internetda o‘qiganimizdan so‘ng shok bo‘lib qoldik. Chunki biz unga yordam berganmiz, niyatini bilmaganmiz¸- degan edi Nodira Aminova.

Shved prokurori ilgari surgan ayblov asosida Obidxon qoriga o‘q uzganlikda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi, 1978 yil tug‘ilgan Yuriy Jukovskiyning qayerda ekani ham hozircha keng jamoatchilikka noma‘lum qolmoqda.

O‘tgan yili 12 oktyabr kuni uning Rossiyada qo‘lga olingani haqida norasmiy xabar paydo bo‘lgan va prokuror Petersson bu ma‘lumotlarni sharhlamagan holda qat‘iy xulosani tilga olgan edi.

Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati bu xabarni tasdiqlamagan, ammo, inkor ham qilmagan edi.

Hozircha har ikki davlatning mutasaddi idoralaridan bu borada biror aniq ma‘lumot olish imkonsiz qolmoqda.

Shved prokurori taniqli o‘zbek imomi Obid qoriga nisbatan suiqasdni uning siyosiy va diniy faoliyati bilan bog‘liq, deb hisoblashini aytgan.

Biroq, Obid qoriga uyushtirilgan suiqasd ortida O‘zbekiston hukumati va uning maxsus xizmati turibdi¸ degan iddaoni aniq tasdiqlaydigan dalil yo‘qligini ham ta‘kidlagan.

54 yashar Obid qori Nazarov 2012 yilning 22 fevralida Shvetsiyaning Stromsund shaharchasidagi o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilgan edi.

Yaqinlaridan olingan so‘nggi ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘shandan beri Nazarov shifoxonada behush qolmoqda, ammo, uning umumiy ahvoli yaxshilanib bormoqda.
XS
SM
MD
LG