Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:16

O‘zbek banklarining VISA kartalari xorijda cheklanganicha qolmoqda


O‘zbekistonlik tadbirkor Yelena Agibalova xorijda ekan uning VISA kartochkasidagi pulning bir qismi avval yo‘qolib, so‘ng paydo bo‘ldi. Bir kunda kartochkadan 80 dollardan ortiq pul yechib ola olmagan tadbirkor plastik kartochka muammo manbaiga aylanganini aytadi.

Yelena Agibalova Toshkentda xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. U o‘n yildan buyon O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining mijozi hisoblanadi.

U joriy yilning 15 mayida Birlashgan Arab amirliklariga borganida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankidan olgan VISA xalqaro plastik kartochkalari bilan bog‘liq muammolarga duch keldi.

Yelena Agibalovaning aytishicha, birinchi muammo uning hisobidagi pullar avval kamayib¸ yana o‘z o‘rniga tushgani bilan bog‘liq:

- Biz 15 may kuni Dubayga uchib kelganimizdan so‘ng darhol kartochkalarimizdagi pulning balansini tekshirdik. Mening bir kartochkamda 2039, ikkinchisida 2050 AQSh dollari bor edi. Buni qarangki, birinchi kartochkamda 300 dollar yetmadi, ikkinchisiga 80 dollar. Yo‘ldoshim Dinara Latipovaning kartochkasida esa 400 dollar yetishmadi. Toshkentda qolgan erimga aytdim, bankka telefon qilib aytdi. Keyin bir kundan so‘ng esa balansimni tekshirib ko‘rsam, pullar joyiga tushibdi. Mening shaxsiy kartochkamdagi pullarni bank nega mendan so‘ramasdan oladi? Keyin bankda ishlaydigan tanishlarimdan so‘rab surishtirsam, bu ular uchun oddiy hol ekan, deydi Yelena Agibalova.

Tadbirkorning plastik kartochkasi bilan bog‘liq muammolar shu bilan tugamadi. Yelena Agibalovaning aytishicha, xorijga chiqishdan oldin u bankka valyuta olishga oid cheklovlarni bekor qilish uchun yozma maktub ham bergan, biroq u bir kunda 80 dollardan ortiq pul yechib ololmagan:

- Men bankomatdan pul olishga harakat qildim. 80 dollarga teng keladigan 300 dirham oldim. Keyin yana olmoqchi bo‘lsam, “Sizning hisobingizdagi mablag‘ yetarli emas” degan javob chiqaverdi. Dubayda mayda-chuyda sotadigan ko‘p do‘konlar naqdga, terminalsiz ishlaydi. Mening esa kartochkamda pul boru, lekin uni ololmayman. Bir do‘konchi menga ishonmay, o‘zi kartochkamni bankomatga solib balansini tekshirib ham ko‘rdi va yoqasini ushladi. “Bu nima degan gap, axir sen o‘zingni pulingni ham ololmaysanmi, bu sharmandalik”, dedi. Rosti gap biz juda ham uyaldik. Chunki biz O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining mijozi edik, deydi Yelena Agibalova.

Tadbirkorning aytishicha, Markaziy bankning “bankning mas‘uliyatli xodimlari qisqa muddat ichida valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish davomida jismoniy shaxslarning xalqaro plastik kartalariga valyutani kirim qilishlari va bu jismoniy shaxslar xorijda barcha hisob-kitoblarni cheklanmagan tarzda amalga oshirish imkonini berishi kerak”, degan ko‘rsatmasi ham faqat qog‘ozda qolib ketmoqda.

Yelena Agibalova ikkinchi kvartal uchun bankdan sotib olishi mumkin bo‘lgan 2000 AQSh dollarini endi qayerdan olishini bilolmay hayron qolayotganini aytadi:

- Mana 30 iyunda ikkinchi kvartal tugaydi. 2000 AQSh dollari olishim kerak. Hayron bo‘lib turibman. Agar buni plastik kartochkamga tushirsam, undan baribir xorijda kuniga 80 dollardan ortiq ololmayman. Agar qora bozordan sotib olmoqchi bo‘lsam, qo‘lga tushib qolsam yana bir balo bo‘ladi. Ayni paytda ana shu ikki o‘t orasida qolganman, dedi toshkentlik tadbirkor Yelena Agibalova.

Ozodlik Agibalova tilga olgan muammolarga munosabat olish maqsadida O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan bog‘landi. Bankning konvertatsiya bo‘limi mutaxassisi Sanjar Rixsiyevning aytishicha, Markaziy bank tomonidan jismoniy shaxslarning VISA kartochkalaridan xorijdan bir kunda yechib oladigan puli miqdori 100 AQSh dollari qilib belgilangan:

- Barcha banklarga 100 dollar qilib Markaziy bankning o‘zi qo‘ygan. Bu shu maqsadda qilinganki, masalan har xil odamlar chiqib ketayapti, birovlar nomiga kartalar olib, xullas bu tizimdagi qalloblikka qarshi shunday qilingan. Aslida, 100 dollar yetarli. Chunki, juda uzoq borsa¸ fuqarolar bir-ikki haftaga boradi. Shunda har kuni 100dan yechib olib bemalol ishlatsa bo‘ladi, dedi O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mutaxassisi Sanjar Rixsiyev.
XS
SM
MD
LG