Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:13

PayNet-dan ham naqd pul talab qilinmoqda


UzPayNet shirkati rasmiy saytidan olingan fotoe‘lon.
UzPayNet shirkati rasmiy saytidan olingan fotoe‘lon.
Respublika bo‘ylab ishlayotgan 25 mingga yaqin PayNet to‘lov qabul qilish shoxobchalari egalaridan ham davlat g‘aznasiga ko‘proq naqd pul topshirish talab qilinmoqda. Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, ushbu tarmoq orqali bir kunda aylanadigan 50 milliard so‘m atrofidagi to‘lovning qariyb yarmi naqd pulda amalga oshiriladi.

Farg‘ona viloyatidagi PayNet to‘lov qabul qilish shoxobchasiga ega bo‘lgan xususiy tadbirkorlardan birining Ozodlikka aytishicha, shu kunlarda bu shoxobchalardan ham davlat g‘aznasiga ko‘proq naqd pul tushirish talab qilinmoqda.

"Hozir hokimning qarori bor shunaqa. Qopga ko‘proq naqd pul tikish kerak, deyishyapti. Mendan bir kunga 1 yarim million tikasan, deyishdi. Men 800 ming so‘m tikib berdim", deydi o‘zini Xayrullo deb tanishtirgan tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda.

Uning so‘zlaridan tushunilishicha, "qopga tikish", degan ibora ostida tadbirkorning "Xalq banki"dagi o‘z hisob raqamiga ko‘proq naqd pul tushirish ma‘nosi yotadi.

Bu qopga kirgan naqd pul esa, tadbirkorning ta‘biri bilan aytganda, "qulog‘ini ushlab ketadi". Ya‘ni, tadbirkor istganida bu pulini naqd holida bankdan ololmaydi.

Shu bois, tadbirkorlar so‘nggi kunlarda mahalliy hokimiyatlar tomonidan naqd pul tushumini oshirish bo‘yicha kelayotgan og‘zaki, ba‘zi hududlarda esa yozma topshiriqlarni norozilik bilan qabul qilmoqda.

"Bundan tashqari, plastikda kelayotgan kliyentlar ko‘payyapti. Hozir Farg‘onadagi PayNetchilarning 90 foizi plastikka pul yechmaymiz, deyapti. Chunki, hammaga naqd pul qulay", deydi yana Xayrullo.

PayNet to‘lov qabul qilish tizimi O‘zbekistondagi eng yetakchi tezkor to‘lov tizimidir. Bu tarmoq orqali yuzdan ortiq to‘lovni amalga oshirish mumkin.

"Sotkaga, uydagi telefonga, svetga, gazga, Internetga to‘lash mumkin. Bundan tashqari, Internet tarmog‘idagi istalgan onlayn magazinlar, masalan, anavi Torg.uz-morg.uz deganlarini hammasidan internetdan narsa sotib olish mumkin", dedi Xayrullo.

Uning shoxobchasi bir kunda 1 yarim - 2 million so‘mlik to‘lovni qabul qilib oladi va buning yarmidan ko‘pi naqd pul ko‘rinishida amalga oshiriladi.

"Chunki, mening tochkam bozorga yaqin, kliyentlaram kattaroq kishilar, ko‘pi Internet bilan ishlamaydi. Asosan, hammasi telefonga pul tushiradi. Oyiga 3-4 ta kliyent svetga, gazga to‘laydi", deydi Xayrullo.

Tadbirkor bilan UzPayNet shirkati o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, Xayrullo kunlik tushumning 2 foizini xizmat haqqi sifatida olib qoladi.

Yana ikki foizi UzPayNet shirkatining haqqi. Ya‘ni, ushbu to‘lov tizimidan foylanuvchi mijozlardan jami 4 foiz xizmat haqqi olinadi. (Xizmat haqqining 8-12 foizga qadar olinishiga oid holatlar ham ko‘p qayd etilgan. Ammo, bu masalaga kelgusida alohida to‘xtalamiz.)

UzPayNet shirkati rasmiy saytida berilgan ma‘lumotga ko‘ra, hozir respublika bo‘yicha 25 mingdan ortiq to‘lov qabul qilish shoxobchasi bor.

Har bir shoxobcha bir kunda o‘rtacha 1 - 1 yarim million so‘mdan 4 million so‘mga qadar to‘lov qabul qiladi.

Shundan hisob olinsa, shirkatning "Xalq banki"dagi hisob raqamlari orqali bir kunda aylanadigan pul miqdori o‘rtacha 50 milliard so‘mni tashkil qiladi.

"Buning ikki foizi 1 milliard so‘m (O‘zbekiston Markaziy Bankining shu kunlardgi kursida qariyb yarim million AQSh dollari) bo‘ladi. Bu sof daromad opa, chunki bu firmaning rasxodi yo‘q. Bundan tashqari, shuncha pulni tushirib bergani uchun Usell, Beeline kompaniyalaridan ham xizmat haqqi oladiku. Xullas, bizni shirkat havodan pul qiladi, havodan", deydi Xayrullo.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, UzPayNet shirkatining hisob raqami Respublika "Xalq banki"da ochilgan.

Tushunilishicha, 25 ming shoxobcha orqali qabul qilinayotgan 100 dan ortiq soha bo‘yicha yarmi virtual ko‘rinishda plastik kartochkalardan tushayotgan, yarmi esa naqd ko‘rinishdagi pul "Xalq banki" orqali orqali uyali kompaniyalar, kommunal xizmat idoralari va internet provayderlari hisobiga o‘tkaziladi.

Ammo, mustaqil manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, buncha pul tushumining naqd pul ko‘rinishidagi qismi ayni damda mutlaqo mahalliy hokimiyatlar tasarrufidadir.

Shu tariqa "havodan pul qilish"ni uddalayotgan bu xususiy shirkat O‘zbekistonda 2005 yilda ish boshlagan.

Uning aynan kimga qarashli ekani haqida rasmiy saytda aniq ma‘lumot berilmagan.

Lekin, yaqinda Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan hujjatlarda bu shirkat aktsiyalarining asosiy qismi Gayane Avakiyanga qarashli ekani iddao qilingan.

Gayane Avakiyan O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova rahbarligidagi O‘zbekiston Madaniyat va san‘at forumi jamg‘armasi qoshidagi Modalar uyining direktoridir.

Bundan tashqari, u hozir Shvetsiya tergovchilarining bu mamlakat hukumatiga qarashli TeliaSonera shirkati bilan Gulnora Karimova o‘rtasidagi korruptsion aloqalarga oid ayblovlar bo‘yicha olib borayotgan tergov markazida turgan Takilant.Ltd shirkatining rahbari hamdir.
XS
SM
MD
LG