Линклар

Шошилинч хабар
02 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:11

Qo‘qonlik ayollardan boshyalang yurish talab qilinmoqda


Qo‘qon shahrida yashovchi ro‘molli ayollarga agar ro‘mollarini yechmasa yoki aytilganidek o‘ramasa, bolalariga beriladigan nafaqa pullari to‘xtatilishidan tahdid qilindi.

“Boshyalang yuringlar”, “Ro‘molingni yechmasang, nafaqa puli ololmaysan” kabi tahdidlarni qo‘qonlik ayollar deyarli har kuni eshitayapti.

Bu haqda Ozodlikka Qo‘qonning 23-mahallasida yashovchi bir yigit xabar qildi.

“Onam bilan xolam ro‘mol o‘raydi. Yaqinda mahalla raislari ikkalasini ham chaqirib, agar ro‘mollaringizni yechmasangizlar, bolalaringizga beriladigan posobiye pulini bermaysiz, deyishdi. Mahalladagi boshqa o‘rangan ayollarga ham shunday gap aytilgan”, dedi ismini oshkor qilmayotganimiz qo‘qonlik yigit.

Qo‘qon shahar 23-mahalla qo‘mitasi faollaridan biri Dilorom Karimova Ozodlik muxbiri bilan o‘zaro suhbatda ro‘molli ayollar, ro‘mollarini yechmasa yoki aytilganidek o‘ramasa, bola uchun beriladigan nafaqa pulidan mahrum qilinishdan ogohlantirilganini tan oldi.

“Pul bermaymiz, deganmiz. Ro‘molni orqadan o‘rab qo‘yinglar, bo‘lmasa nafaqani bermaymiz deb, jinday cho‘chitish ma‘nosida gapirganmiz. Endi o‘ranmasin deb, aytganmiz bu gapni”, dedi Dilorom Karimova Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda (D. Karimova bilan suhbat so‘zma-so‘z keltirilayapti).

Uning aytishicha, mahalladagi o‘rangan ayollar orasida diniy ulamolarni jalb qilgan holda juda faol tashviqot ishlari olib borilmoqda.

“Biz ayollar bilan bu borada juda qattiq turibmiz. Ularni tez-tez chaqirib gaplashayapmiz. “Ro‘mollaringni orqadan o‘ranglar, iloji bo‘lsa boshyalang yuringlar”, deb gapiramiz. Tadbirlar o‘tkazamiz. O‘tgan juma kuni 5-maktabda tadbir bo‘ldi. Unga imom, mahalla jamg‘armasidan vakillar, zamhokim keldi. Hammalari ayollarga gapirib, tushuntirishdi. Bozorga borib ham ro‘mol o‘ramaslik borasida tushintirish ishlari qilindi”, dedi Dilorom Karimova.

Faolning aytishicha, Qo‘qon shahar 23-mahallasida 3000dan ortiq kishi yashaydi, ularning 1000 nafari voyaga yetgan xotin-qizlardir.

"Amalga oshirilgan tadbirlar natijasida mahalla ayollarining 70 foizi o‘ranmasligiga erishdik", deydi yana Dilorom Karimova.

“Hozir ayollarimiz bola pulini olish uchun chiqqan payti yoki mahalla majlislariga kelgan payti boshyalang yoki ro‘molini orqadan o‘rab chiqishayapti. Lekin qariya ayollar orasida o‘ranganlar bor. Endi ularga so‘zimiz o‘tmaydi. Lekin mahallamizda umuman qoraga o‘rangan ayollar qolmagan”, dedi Dilorom Karimova Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda.

O‘zbekistonda keyingi 4-5 yil davomida ro‘molli ayollarga qarshi keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilayotgani kuzatilmoqda.

Dastlab davlat idoralarida ishlovchi ayollarga ro‘mollarini yechish talabi qo‘yildi. Keyin ushbu taqiq mamlakat bozorlariga ko‘chdi.

2010 yildan boshlab o‘quvchi qizlarga ro‘mol o‘rash mutlaqo taqiqlandi.

Bugungi kunda mamlakat oliygohlarining talaba qizlariga ham ro‘mol o‘rash taqiqlangan.
XS
SM
MD
LG