Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:22

"Memorial" O‘sh voqealariga oid "Zo‘ravonlik xronikasini" taqdim etdi


“Memorial”da hisobot taqdimoti bo‘lib o‘tdi


Moskvada “Memorial” markazining Markaziy Osiyo dasturi rahbari Vitaliy Ponomarev Norvegiya Helsinki qo‘mitasi hamda “Freedom House” ko‘magida “Zo‘ravonlik xronikasi: Qirg‘iziston janubida 2010 yil iyun oyi voqealari (O‘sh mintaqasi)” deb nomlangan hisobotining chop etilgan variantini taqdim etdi.

Bu hisobotning elektron varianti roppa-rosa bir yil oldin Internetda paydo bo‘lganiga qaramay, bosma nusxasining qiyinchilik bilan bo‘lsa-da¸ nihoyat Moskvadagi “Memorial” markaziga yetib kelgani aytildi.

Vitaliy Ponomaryov hisobotda 2010 yilning aprel oyidan 15 iyunga qadar hodisalar tarixi xronika tarzida bayon etilganini aytadi:

- Bu yerda O‘sh mintaqasiga oid to‘plangan materiallarning bir qismigina aks ettirilgan. Hisobotga 2010 yilning 15 iyungacha bo‘lgan voqealari kiritilgan. Hozirda hisobotning ikkinchi qismi ustida ish olib borilmoqda. Unda Jalolobod voqealari tarixi beriladi va O‘sh hodisalariga oid qo‘shimcha materiallar chop etiladi. Hisobotni biz Norvegiyada chop etib bu yerga olib kelishda ancha qiyinchiliklarga uchradik. Qozog‘iston bojxonachilari uni bir necha oy ushlab yotdi, keyin kitoblar yana Norvegiyaga qaytarib olib ketildi. Nihoyat yaqinda uni Moskvaga yetkazib kelishdi, deydi huquq faoli.



Hisobot 2010 yilning aprel-iyun oylaridagi vaziyatning keskinlashib borishi tahlilidan boshlanadi. Hisobot davomida “Oloy” mehmonxonasi oldidagi mojaro va undan keyin 10-dan 11 iyunga o‘tar kechasi O‘sh va uning atrofida boshlanib ketgan qirg‘in va talon-taroj xronika tarzida berilgan.

Manbalar haqida


Vitaliy Ponomaryov mustaqil hisobot tayyorlashda jabrlanganlar bilan shaxsan o‘zi o‘tkazgan 300 yaqin intervyu, 550 yaqin video va 3000 foto, mustaqil kuzatuvchilar hisobotlari, huquq faollari bilan olib borilgan suhbatlarga tayanganini bildirdi.

Shuningdek, iyun hodisalari xronikasini tuzishda Qirg‘iziston prokuratura, militsiya, xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, parlament va xalqaro komissiyalar, tibbiyot muassasalari va hatto guvohlarning onlayn xabarlari tahlilidan ham foydalanilgan:

- Bu to‘satdan yuzaga kelgan millatlararo nizo deyish, bizningcha, yetarli emas. Biz mojaro o‘sha paytda mavjud siyosiy qarama-qarshilik, hokimiyat uchun bo‘layotgan guruhlar kurashi, tashqi kuchlarning unga aralashuvi nuqtai nazaridan baholanishi kerakligi haqida xulosa qildik, deya davom etadi "Memorial" faoli.

Mojaroning avj olishida ishtirok etgan tomonlar haqida


Ponamarev¸ zo‘ravonlik va tartibsizliklarning avj olishidagi mahalliy huquq-tartibot idoralari xodimlari roliga hisobotda alohida e‘tibor qaratilganini aytadi:

- Hisobotda birinchi kechada o‘ldirilganlarning deyarli barchasi fuqarolarning o‘zaro to‘qnashuvi qurbonlari emasligi, balki kuch ishlatar tizimi xodimlari tomonidan qurol qo‘llanilgani natijasida o‘ldirilganlar ekani batafsil yoritilgan. Masalan, “Oloy” mehmonxonasi oldida, daryoning narigi sohili va Frunze bozori oldida ertalab o‘ldirilgan yana ikki kishi birinchilar edi. Biroq bu fakt birorta rasmiy hisobotga kiritilmagan. Prokuratura va boshqa kuch ishlatar idoralari o‘zlarini bu hodisalar umuman bo‘lmaganidek tutishayapti, deydi Ponomaryov.

Hisobot mualliflari politsiyaning jinoiy tarafkashligi tufayli O‘sh voqealari ikkinchi bosqichga ko‘chgani – mojaroda ishtirok etgan bir taraf qurol-yarog‘ va og‘ir harbiy texnikaga ega bo‘lib olganini ko‘rsatgan.

Ponomaryov fikricha, Sulaymon tog‘ida joylashib olgan snayperlar soni ham rasmiy manbalarda ko‘rsatilganidan farqli o‘laroq¸ ancha ko‘p bo‘lgan.

“Shuningdek, qirg‘inning kuchayishiga qishloq tumanlaridan bo‘lgan yoshlar guruhlarining uyushqoqlik bilan O‘shga tashlangani sabab bo‘ldi”, deydi u:

- Ikki hafta oldin mening qo‘limga bir davlat hujjati tushib qoldi. Unda aytilishicha, 12 iyunda O‘sh, Botken va Jalolobod viloyatlaridan O‘shda 4000 ga yaqin odam kelgani ko‘rsatilgan. Bunday ommaning kelib qolishi stixiyali tarzda amalga oshmaydi, ularni tashkillashtirish, boqish kerak bo‘lgan. O‘shda kuyib kul bo‘lgan uylar aynan shu guruhlar tomonidan yoqib yuborilgan, deydi Vitaliy Ponomaryov.

Huquq himoyachisi fikricha, bir tomondan qirg‘in va mojaroning to‘xtatilishiga O‘zbekistondan qo‘shin kiritilayotgani to‘g‘risidagi mish-mishlar tarqagani sabab bo‘lgan. Ma‘lum bo‘lishicha, mojaro boshlanganidan bir-ikki kun o‘tgach, O‘shning ayrim tumanlaridan qirg‘iz aholisi evakuatsiyasi boshlangan, kechasi shaharda yurgan ovoz kuchaytirgichli mashina orqali “ikki soatdan keyin O‘zbekistondan hujum boshlanishi”, “odamlar o‘z uylarini tark etib qochishlari kerakligi” aytilgan.

“Aynan shu kechasi qirg‘in va o‘t qo‘yishlarda ishtirok etgan kuchlarning asosiy qismi shaharni tark etdi”, deydi Ponomaryov.

O‘zbekistondagi ayrim kayfiyatlar to‘g‘risida


Davra suhbatida ishtirok etgan Rossiya Fanlar Akademiyasining Etnologiya va antropologiya instituti xodimi, tarix fanlari doktori Sergey Abashin O‘zbekistonning betaraflik siyosati mojaroning mahalliy ko‘rinishdan jiddiyroq ko‘rinishga o‘tmasligiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatganini bildirdi. Abashin¸ ayni paytda¸ mamlakatda mavjud boshqa kayfiyatlar¸ hisobga olinmaganini ta‘kidladi:

- O‘zbek jamiyatida O‘sh voqealariga turlicha munosabat mavjud. Va biz bu voqealarga bo‘lgan ayrim o‘zbekistonliklarning salbiy munosabatlari qachonlardir siyosiy kun tartibiga olib chiqilmasligiga kafillik bera olmaymiz. Shuning uchun, ham O‘zbekiston rahbariyati, ham Qirg‘iziston hukumati kelajakni o‘ylab ish yuritishi kerak, deya fikr bildirdi Sergey Abashin.

Mutaxassis shuningdek, Rossiya va KXShT a‘zolarining O‘sh hodisalariga nisbatan ëndashuvi rasman ijobiy baholanayotgan bo‘lsa-da, aslida ular tomonidan qirg‘inning oldini olishga biror jo‘yali harakat qo‘llanilmaganini qo‘shimcha qildi.

Muloqot va integratsiya haqida


Hisobot muallifi Vitaliy Ponomaryov 2010 yilgi O‘sh hodisalari to‘g‘risidagi haqiqatning oshkor etilishi ikki millat o‘rtasidagi tushunmovchilik va ginalarni unutib, sog‘lom munosabatlarni tiklashga, voqealarga oid mish-mish va yolg‘on-yashiq xulosalarni bartaraf etishga olib kelishini ta‘kidladi.

Ponomaryov Qirg‘iziston hukumati olib borayotgan siyosat hosilasi o‘laroq¸ uch yil o‘tib ham mojaro so‘nmayotgani, ta‘qib va nohaq qama-qamalar davom etaëtgani xususida tashvish izhoq qildi:

- Ingtegratsiyalashuv va muloqot o‘rnatish uchun hamkor kerak. Hozirda esa o‘zbek diasporasi amalda tarqatib yuborilgan, yangi liderlar paydo bo‘lmayapti. Borlari esa ta‘qiblarga uchrashdan qo‘rqib qolgan. Demak, o‘zbek jamiyatining respublikada tiklanishiga imkon yaratilmas ekan, bu diaspora va hukumat o‘rtasida so‘zlashuvlar bo‘lishi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Qirg‘iziston hukumati va qo‘shni davlatlarning bu mojaro oqibatlarini bartaraf etishda qilayotgan ishlari yetarli emas, deb hisoblaymiz, deya xulosa qildi “Memorial” markazining Markaziy Osiyo dasturi rahbari Vitaliy Ponomaryov.
XS
SM
MD
LG