Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:34

Coca Cola "shakarchi"dan "metallchi"ga o‘tdi


Coca-Cola O‘zbekiston shirkati ishlab chiqargan mahsulotlar distributsiyasi bo‘yicha nazorat metall biznesi bilan shug‘ullanuvchi Otabek Aliyev bilan yana bir tadbirkor Dilshod Jo‘rayev qo‘liga o‘tgani aytilmoqda. Shu paytgacha Coca-Cola savdosi “Baho Shakar” laqabi bilan tanilgan Bahodir Karimjonov nazoratida edi.

Metallchi yigit Coca-Cola savdosiga xo‘jayin bo‘ldi


Ozodlikka WhatsApp orqali yetib kelgan ma‘lumotga ko‘ra, Coca-Cola mahsulotlari savdosini nazorat qilish 25 yoshli tadbirkor yigit Otabek Aliyev qo‘liga o‘tgan.

Coca-Cola O‘zbekiston shirkatining mas‘ul xodimi bu xabarga qo‘shimcha kiritib, hozirda Coca-Cola mahsulotlarini tarqatish bo‘yicha ikki shaxs mas‘ul ekanligini ma‘lum qildi.

“Biz tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma qilmaymiz. Hammasi distribyutorlar orqali. Butilkalar bo‘yicha rahbar o‘zgarib, Otabek Aliyev bu yo‘nalishga mas‘ul bo‘ldi. Baklajkalarda chiqadigan ichimliklar bo‘yicha distribyutor esa Dilshod Jo‘rayev. Faqat shu ikki distribyutorning dilerlari orqali firmalar mahsulotlarimizni xarid qilishlari mumkin”, dedi shirkatning o‘zini tanishtirmagan mas‘uli.

Ozoda Aliyevaning Yangiobod mahallasidagi hashamatli xovlisi. (Ozodlik manbasi olgan surat)
Ozoda Aliyevaning Yangiobod mahallasidagi hashamatli xovlisi. (Ozodlik manbasi olgan surat)
Ozodlik manbasiga ko‘ra, Otabek Aliyev Toshkentning Yangiobod mahallasida yashovchi metell biznesi bo‘yicha taniqli tadbirkor ayol Ozoda Aliyevaning katta nevarasi bo‘ladi. "Otabekning o‘zi ham metall biznesi bilan shug‘ullanib kelgan", deydi manba.

Ozoda Aliyeva ko‘p yillar davomida metall biznesi orqali daromad qilib kelgani, bugungi kunda ushbu oilaning Toshkentda bir qancha do‘konlari, to‘yxonalari borligi aytilayapti.


“Baho Shakar” biznesi tugatilayaptimi?


O‘zbekistonda eng yirik tadbirkorlardan biri hisoblangan va biznesini shakar savdosidan boshlagani uchun “Baho Shakar” laqabi bilan tanilgan Bahodir Karimjonov keyingi olti oy mobaynida Dubaydan turib, Coca-Cola savdosini nazorat qilayotgan edi.

Bu vaqt davomida Otabek Aliyev qisqa muddat Coca-Cola distribyutori etib tayinlangan va keyinchalik bu biznes undan qayta tortib olingan edi.

Endilikda ushbu biznes to‘laligicha, Otabek Aliyev bilan Dilshod Jo‘rayev qo‘liga o‘tgan.

Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, Bahodir Karimjonovni qidirish harakatlariga Davlat bojxona qo‘mitasi ham jalb qilingan.
Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlarga ko‘ra, Bahodir Karimjonovni qidirish harakatlariga Davlat bojxona qo‘mitasi ham jalb qilingan.
Toshkentdagi manbalarga ko‘ra, bu holat huquq tartibot idoralari bir necha oydan buyon tergov qilayotgan Bahodir Karimjonovga tegishli mol-mulkni xatlash va taftish qilish jarayoni nihoyasiga yetganidan darak bo‘lishi mumkin.

Asosiy biznesi shakar importi va savdosi bo‘lgan Karimjonov Coca-Cola mahsulotlari distributsiyasini nazorat qilish bilan birgalikda poytaxtdagi yirik supermarketlar tarmog‘i, xususiy tibbiyot, xususiy ta‘lim sohalaridagi biznes faoliyati bilan ham shug‘ullangan.

Joriy yilning aprel oyi boshida Bahodir Karimjonovga tegishli Toshkentning “Bo‘ston” mahallasida joylashgan hashamatli uyni “qora niqoblilar” bosgan va tadbirkorning uyidagi mol-mulki xatlanib, ota-onasi boshqa joyga ko‘chirilgan edi.

Bahodir Karimjonovga nisbatan Jinoyat kodeksining “soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash”, “mansab vakolatini suiste‘mol qilish” kabi jami 7 ta moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Karimjonovni sirtdan qamoqqa olish borasida ajrim chiqargan va tadbirkorga nisbatan qidiruv e‘lon qilingan.


Gulnora Karimova “odamlari”


Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarda Coca-Cola O‘zbekiston shirkatining 49foiz

aktsiyalari Gayane Avakyanga tegishli ekani iddao qilingan. Hujjatda Avakyan Coca-Cola shirkatini Rockdale va Muzimpex firmalari orqali sotib olgani qayd qilingan.

Gayane Avakyan O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova rahbarligidagi O‘zbekiston Madaniyat va san‘at forumi jamg‘armasi qoshidagi Modalar uyining direktoridir.

Bundan tashqari, u hozir Shvetsiya tergovchilarining bu mamlakat hukumatiga qarashli TeliaSonera shirkati bilan Gulnora Karimova o‘rtasidagi korruptsion aloqalarga oid ayblovlar bo‘yicha olib borayotgan tergov markazida turgan Takilant.Ltd shirkatining rahbari hamdir.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Muzimpex esa Bahodir Karimjonovga tegishli bo‘lib, ushbu kompaniyada joriy yilning yanvar oyida taftish ishlari boshlangach, tadbirkor Dubayga qochishga majbur bo‘lgan.

Ozodlik manbasining aytishicha, Gulnora Karimova va Bahodir Karimjonov (o‘ngda) aks etgan bu rasm 2007 yil mayida olingan.
Ozodlik manbasining aytishicha, Gulnora Karimova va Bahodir Karimjonov (o‘ngda) aks etgan bu rasm 2007 yil mayida olingan.
Karimjonovning Gulnora Karimova bilan yaqin aloqalari bo‘lgani haqida Ozodlikka bir-biridan mustaqil bir nechta manba gapirgan.

Ushbu yaqin aloqa tufayli Coca-Cola ichimliklarini eksklyuziv tarzda tarqatish huquqiga ega bo‘lgan Karimjonov bugungi kunda bu biznesdan butunlay chetlashtirildi.

Lekin ayni paytda Shvetsariya prokuraturasi tomonidan pul yuvganlikda ayblanib, hisbga olingan va garov evaziga qo‘yib yuborilgan Alisher Ergashev bilan Shohruh Sobirov Coca-Cola kompaniyasining yuristi Irina Krilova tasdig‘iga ko‘ra, shirkatda o‘z faoliyatini davom ettiryapti.
XS
SM
MD
LG