Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:24

“Mashinani gazga o‘tkazish haydovchilar cho‘ntagiga to‘g‘ri kelmayapti”


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stantsiyalari va avtomobillarga gaz quyish stantsiyalari shoxobchalarini rivojlantirish hamda avtotransport vositalarini suyultirilgan va siqilgan gazga bosqichma-bosqich o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi haydovchilar cho‘ntagiga to‘g‘ri kelmayotgani aytilmoqda.

Avtomobillarni gazga o‘tkazish bo‘yicha davlat dasturida ishtirok qilayotgan Toshkentdagi “Gazamir-Pro” shirkati ustalari deyarli ishsiz o‘tiribdi.

“Gazamir-Pro” mas‘uliyati cheklangan jamiyatining o‘zini Doniyor aka deb tanishtirgan muxandisining Ozodlikka aytishicha, yil boshidan beri mashinasini gazga o‘tkazadiganlarning soni keskin kamaygan.

- Sababi pul. Bizning xizmatimiz mijozlarga qimmatlik qilyapti. Biz ham arzon qila olmaymiz. Chunki agregat va uskunalarning hammasi chetdan import qilinadi. Bojxona to‘lovlari yuqori¸- deydi suhbatdosh.

Doniyor aka ishlayotgan shirkat oddiy Neksiya mashinasiga Janubiy Koreyadan keltirilgan ballon va gaz uskunasini 2 million 400 ming so‘mga o‘rnatib bermoqda.

- Bu arzoni¸ agar to‘rtinchi avlod uskuna o‘rnatsak, uch milliondan oshadi. Uch million 400 ming so‘m bo‘ladi¸- deydi muhandis.

“Gazamir-Pro” mas‘uliyati cheklangan jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 10 fevraldagi “Avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stantsiyalari va avtomobillarga gaz quyish stantsiyalari shoxobchalarini rivojlantirish hamda avtotransport vositalarini suyultirilgan va siqilgan gazga bosqichma-bosqich o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganidan beri bu sohada faoliyat olib boradi.

Shirkat vakilining Ozodlikka aytishicha¸ ular“Ekoharakat”, “Savdo-sanoat palatasi” bilan hamkorlikda ishlamoqda.

- Biz tasdiqlangan standartlar doirasida yuqori malakali xizmat ko‘rsatyapmiz¸ biz o‘rnatgan agregatlarga ketgan xarajat sal o‘tmay qoplanib ketishiga ham kafolat beramiz. Lekin mijozlar pana-pastqamdagi qo‘lbola ustalarga arzon garov narxlarda kontrafakt uskunalarni o‘rnatishni maqul ko‘rmoqda. Oxir-oqibatda mashinalar motori ishdan chiqmoqda,- deydi “Gazamir-Pro” mas‘uliyati cheklangan jamiyatining o‘zini Doniyor deb tanishtirgan muhandisi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ dunyoning barcha mamlakatlarida gaz moslamalarini avtoulovga o‘rnatish arzon narxda davlat ko‘magida amalga oshiriladi:

- Gaz bilan ishlaydigan motorlarning ekologiyaga zarari kamligini hisobga olib bu sohaga bojxona¸ soliq va boshqa imtiyozlar joriy qilinishini istaymiz,- deydi muhandis.

Suhbatdosh texnik jihatdan uncha murakkab bo‘lmagan bu uskunlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi tarafdori.

O‘zbekistonda mashinalarni gazga o‘tkazish uskunalarini Navoiy viloyatida ishlab chiqarish urinishlari muvaffaqiyatsiz tugagani aytiladi.

Bu asnoda bojxona harajatlarining ko‘pligi bois O‘zbekiston hududiga mashinani gazga ulaydigan agregatlar kontrabandasi ham ko‘paygani kuzatiladi.

Ozodlik muxbiri Sirdaryoning Guliston shahrida mashinalarni gazga o‘tkazish bilan ruxsatsiz faoliyat ko‘rsatayotgan bir nechta ustaxona borligi haqidagi ma‘lumotni qo‘lga kiritdi.

Ozodlik manbalarining aytishicha¸ bu ustaxonalar arzon narxlarda mashinalarga gaz uskunalarini o‘rnatib bermoqda:

- Bu ustaxonalar Belarusda ishlab chiqarilgan gaz ustanovkalarini qo‘yib beradi. Faqat ustanovkalarning sertifikati yo‘q. Texosmotrdan o‘tgan paytda militsionerlar bilan kelishishga ham to‘g‘ri keladi. Lekin barcha harajatlar jamlangan taqdirda ham bu ancha arzon tushyapti¸- deydi Ozodlik bilan mikrofonsiz va ismini aytmasdan suhbatlashgan sirdaryolik usta.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ avtoulovga gaz moslamasini o‘rnatishning asosiy afzalliklaridan biri uning tejamkorligidadir:

- Masalan, "Neksiya" avtomobili 100 kilometrga 9 litr benzin sarflasa, gazda 9,9 litr sarflaydi. "Damas" avtomobillari esa 100 kilmetrga 7,5 litr benzin, 8,25 litr gaz sarflaydi. Bir yil davomida qancha iqtisod bo‘lishini o‘zingiz hisoblab olavering,- deydi suhbatdosh.

Shu kunlarda bir litr gazning narxi 880 so‘m ekani, bir litr benzining narxi esa 1800 so‘m ekani muqoyasa qilinsa, yoqilg‘i iqtisodidan 50 foizdan ortiq foyda ko‘rilishi ayon bo‘ladi.


Toshkentda gaz AyoQSh tanqis


Suhbat asnosida gaz bilan yuradigan mashinalarni yoqilg‘i bilan ta‘minlaydigan AyoQShlar kamligi bilan bog‘liq muammo borligi ham ayon bo‘ldi.

Masalan, 3 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan Toshkent shahrida bor-yo‘g‘i 13ta avtomobillarga gaz qo‘yish shoxobchasi ishlab turibdi.

"O‘zbekneftegaz" shirkati mulozimi Ozodlik bilan suhbatda hozir respublikada qancha gaz AyoQShi borligi haqida aniq ma‘lumotga ega emasligini aytib¸ butun mamlakatda 2015 yilgacha 352ta gaz qo‘yish shoxobchasi ochilishi rejalanganini bildirdi.

Bilishimizcha, 30 millionlik O‘zbekistonda gaz AyoQShlari soni ikki yuzdan sal ko‘proqdir.

Masalan, taqqoslaydigan bo‘lsak, bir million aholi yashaydigan Praga shahrida to‘rtyuzdan oshiq avtomobillarga gaz qo‘yish shoxobchasi mavjud.

10 million aholi istiqomat qiladigan butun Chexiyada esa 4 mingga yaqin shohobchada mashinalarga gaz quyish imkoni yaratilgan.


To‘rt g‘ildirakli bomba


Gazning ballonda bosim ostida saqlanishi dizel va benzin yonilg‘isiga qaraganda anchagina xavfli degan fikr mavjud.

Shu bois Yevropa mamlakatlarida gaz bilan yuradigan mashinalarning yer ostidagi ommaviy yopiq garajlarga kirishiga taqiq qo‘yilgan.

O‘zbekistonning bir nechta viloyatida avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarning portlashi oqibatida odamlar nobud bo‘lgani faktlari bor.

Masalan, Xorazm viloyatida kelin olib kelayotgan mashina, mavjud an‘anaga ko‘ra, olov ustidan o‘tganida portlab ketgani aytiladi.

Xorazm viloyati Ichki Ishlar boshqarmasi xodimlari ayni kunlarda gaz bilan yuradigan avtomobilarning kelin kuyov kortejida qatnashini taqiqlab qo‘ygani aytiladi.

Gaz bilan yuradigan avtomobillarning to‘ylarda olov ustidan o‘tmasligini Xorazmdagi mahalla oqsoqoli ta‘minlashi kerak.

O‘zbekiston bozoriga "Samsung" savdo belgisi ostida gaz ballon moslamalari olib kelinmoqda.

Standartlar bo‘yicha O‘zbekiston davlat qo‘mitasi bu ballonlarning xavfsizlik darajasi yuqori emasligi haqida ma‘lumot tarqatdi.

Bu ballonlardan foydalanish jarayonida gaz rezervuarlarida mavjud ko‘plab mexanik bog‘lamalar bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlandi.

“Gazamir-Pro” mas‘uliyati cheklangan jamiyatining o‘zini Doniyor aka deb tanishtirgan muxandisining Ozodlikka aytishicha¸ gaz ballonlar ancha xavfsiz yonilg‘idir. Ular yorilish yoki portlash xavfini keltirib chiqarmaydigan darajada mustahkam qilib ishlangan:

- Masalan, BMV firmasi aniq faktlar asosida avtomobil korpusining shikastlanish xavfini o‘rganib chiqdi. Ma‘lum bo‘lishicha, avtomobil korpusining gaz bilan joylashgan qismida shikastlanish xavfi atigi 1-5 foizni tashkil qilar ekan. Avtomobillardan foydalanish tajribasi ham gaz bilan harakatlanadigan mashinalarda nisbatan portlash xavfi kamroq ekanligini ko‘rsatmoqda,- deydi suhbatdosh.

Ayni paytda muhandis qo‘lbola gaz uskunalari o‘rnatilgan mashinalarning to‘rt g‘ildirakli bomba ekanligidan barchani ogohlantirdi.
XS
SM
MD
LG