Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:59

Moskvada "Palov sammiti" bo‘lib o‘tdi


Moskvada ilk marotaba “Palov sammiti” bo‘lib o‘tdi. Rossiya poytaxtida yig‘ilgan eng sara oshpazlar palovning 20 ortiq turini tayyorlash bobida bellashdi. Sammitga kelganlar aynan o‘zbek palovxonto‘rasi “taomlar shoxi” unvoniga ega ekani bejiz emasligiga yana bir bor amin bo‘ldilar.

15 iyun yakshanba kuni Moskva markazidagi Dorogomilovskiy bozorida “Palov sammiti” oshpazlar chempionati bo‘lib o‘tdi.

“Sharq Formulasi” Xalqaro festivali va taniqli moskvalik o‘zbek taomlari ustasi Hakim G‘aniyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan bellashuvda sotilgan har bir lagan oshdan tushgan daromad nogiron va kasal bolalarga ko‘maklashuvchi “Liniya jizni” jamg‘armasiga o‘tkazilishi aytildi.

Oshpazlar nafaqat an‘anaviy o‘zbekcha, balki palovning turli xalqlarda mavjud boshqa turlarini tayyorlashda o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.

Sammit ishtirokchilari hindcha, tojikcha, afg‘oncha, vegetarian, yahudiycha, xorazmcha, farg‘onacha, ozarbayjoncha, eroncha, an‘anaviy to‘y oshi, turli eksperimental va hatto, italyancha palov turlarini tayyorlash sirlari bilan o‘rtoqlashdi.

Moskvadagi italyan restorani bosh oshpazi Marko Chervetti usmonli-xitoycha oshni tayyorlash uchun musobaqada ishtirok etganini aytdi.

Markoning bobosi bir vaqtlari Markaziy Osiyodan Turkiyaga kelib o‘rnashib qolganlardandir.

Москвада "Палов саммити"
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:06 0:00
Бевосита линк


Palov tayyorlash musobaqasida Dorogomilovskiy bozoriga tomoshaga kelgan ko‘plab muxlislarga “Palov” so‘zining yangi mazmuni ham ochib berildi.

- Mana qizimiz tayyorlayotgan vegetarianlar oshi guruch va sabzavotdan iborat. “Palov” so‘zining o‘zi esa “PLOVE”, ya‘ni “Muhabbat” degan so‘zdan tashkil etilgan ekan. Qanday ajoyib! Ya‘ni, palov yegan odam mehr-muhabbatga to‘lib toshadi! - deydi musobaqa boshlovchisi.

Palov tayyor bo‘lguncha tomoshabinlar oldida o‘zbek mumtoz qo‘shiq va raqs ustalari o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.



“Eng yaxshi palov-2013” unvoni sammitda Moskvadagi “Anjir choyxonasi” bosh oshpazlari Sunnatilla To‘xtaxo‘jayev va Shoumar Abdullayevlarga nasib etdi.

Ikkinchi o‘rinni yozuvchi va oshpaz Aleksandr Usanin egalladi.

20 nafar oshpaz ichida faxrli uchinchi o‘rinni egallagan o‘zbekistonlik taniqli oshpaz va Oshxona.uz sayti blogeri Baxriddin Chustiyning “tok oshi” hakamlar oshqozoni va yuragidan joy oldi.

- Osh tayyorlayapmiz, Farg‘ona oshi, Xudo xohlasa. Bu do‘lma – tok oshi, deyiladi o‘zimizda O‘zbekistonda. O‘zbekistonda hozir yoz, Moskvada endi bahor. O‘shaning uchun yangi tok bargi chiqqani uchun, ham vitamin, ham taom mazali bo‘lishi uchun tokni qo‘shvordik. Zirvagi nisbatan jigarrangroq bo‘ladi, qovurma. Toshkent, Buxoro yoki Samarqand oshiga nisbatan qovurishda, zirvagida farqi bo‘ladi, deydi oshpaz-usta Chustiy.

Jyurida Xakim G‘aniyevdan tashqari O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi Assotsiatsiyasi raisi Akbar Umarov, mashhur yozuvchi Oleg Roy, Ispaniya oshxonasining Rossiyadagi faxrli elchisi Xorxe de Anxel Moliner, rassom Aaron Grigoryan va boshqalar ishtirok etdi.

Osh tayyorlash bo‘yicha chempinat boshqaruvchisi, “Sharq Formulasi” Xalqaro anjumani rahbari o‘zbekistonlik dizayner Lola Sayfi “palov sammiti” kelajakda an‘anaga aylanishiga ishonishini aytdi.

- Albatta, bunday anjuman yana bo‘lishiga ishonib qolamiz. Menga Dorogomilovo bozori ma‘muriyatida palovga 26 mingdan ziyod odam kelganini ma‘lum qilishdi: ularda kirishda allaqanday hisoblagich bor ekan. Bilishimcha, o‘sha kuni “Liniya jizni” Hayriya jamg‘armasi 113 ming rubldan ziyod mablag‘ yig‘di. Tasodifmi-yo‘qmi, mehmonlarimiz o‘zlarini Oloy yoki Chorsu bozoridagidek his qildi: o‘sha kuni Moskvada ham Toshkentning issiq harorati bo‘ldi, deya kuladi Lola Sayfi.
XS
SM
MD
LG