Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:25

O‘zbekistonda 5000 so‘mlik pul joriy qilindi


Ozodlikning WhatsApp tarmog‘idagi mushtariylari yangi banknotaning tasdiqlangan namunasi rasmini ham jo‘natishdi.
Ozodlikning WhatsApp tarmog‘idagi mushtariylari yangi banknotaning tasdiqlangan namunasi rasmini ham jo‘natishdi.
O‘zbekiston Markaziy banki 5000 so‘mlik banknotani joriy qildi. Qadri Markaziy bank kursi bo‘yicha 2,4 AQSh dollariga (qora bozor kursi bo‘yicha 1,8 dollarga) teng banknotani joriy qilish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Oliy majlisi Senati tomonidan tasdiqlandi.

Ozodlik radiosiga WhatsApp tarmog‘i orqali yuborilgan hujjat nusxasiga ko‘ra, 5000 so‘mlik kupyurani joriy qilish taklifini senatga Markaziy bank kiritgan. 2013 yil 18 iyun kuni senat raisi Ilgizar Sobirov imzolagan qarorda aytilishicha, yangi banknota O‘zbekiston Respublikasining “Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunning 33 moddasiga asosan qabul qilinmoqda.

Ozodlikning WhatsApp tarmog‘idagi mushtariylari yangi banknotaning tasdiqlangan namunasi rasmini ham jo‘natishdi.

Senat qarorida 5000 so‘mlik banknotani joriy qilish ehtiyoji izohlanmagan keltirilmagan, lekin o‘zbek so‘mining o‘ta qadrsizligidan kelib chiqadigan noqulayliklar o‘zbekistonliklar e‘tirozlariga sabab bo‘lib keladi.

O‘zbek milliy valyutasi - so‘m 1994 yilning 1 iyul kuni joriy qilingan. O‘shanda 1 AQSh dollari 6 so‘mga to‘g‘ri kelgan. Oradan o‘tgan 19 yil ichida o‘zbek so‘mi, Markaziy bank kursi bilan hisoblaganda, qariyb 350 barobar, qora bozor kursi bilan, 455 barobarga qadrsizlandi.

Oxirgi marta yangi kupyura 2001 yilda joriy qilingan. 12 yidan beri amalda bo‘lgan eng yirik 1000 so‘mlik banknota yarim AQSh dollariga ham to‘g‘ri kelmagan.

100 AQSh dollari Markaziy bank kursi bo‘yicha ayirboshlansa kamida ikki pachka, qora kurs bo‘yicha esa, uch pachka 1000 so‘mlikni cho‘ntakka solishga to‘g‘ri kelgan.

Yangi joriy qilingan 5000 so‘mlik banknotaning qadri Markaziy bank kursi bo‘yicha 2,4 AQSh dollariga, qora bozor kursi bo‘yicha 1,8 dollarga tengdir.

Qiyoslash uchun, qo‘shni Qirg‘izistonda ham eng yirik banknota 5000 somlikdir. Lekin uning qadri 100 AQSh dollaridan ortiqroqqa to‘g‘ri keladi. Qozog‘istonning eng yirik 10000 so‘mlik banknotasi 66 AQSh dollari turadi. Tojikistonning eng yirik puli 100 somoniy 20 AQSh dollaridan qimmatroq. Turkmanistonda muomaladagi eng yirik 100 manat 35 AQSh dollariga tengdir.

O‘zbek so‘mi joriy qilinganidan beri kamida 350 barobarga qadrsizlanishi sabablaridan, mutaxassislar, hukumatning pul-kredit siyosati hamda mamlakat iqtisodi boshqariluvidagi noqisliklarni qayd etishadi.

Oliy Majlis Senatining qarorida Markaziy bankka 5000 so‘mlik banknota muomalaga kiritilgani hamda uning tavsifi haqida ommaviy axborot vositalarida xabar berish topshirilgan. Lekin rasmiy nashrlarda bunga oid xabar paydo bo‘lganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG