Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:08

Haydovchilar har ikki yilda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi


Bu haqdagi qaror tez orada qabul qilinishini Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysidan 3 iyul kuni so‘rab bildi.

Biroq ba‘zi axborot vositalari Sog‘liqni saqlash vazirligining Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda qabul qilgan qarori 1 iyuldan kuchga kirgani to‘g‘risida xabar qildi.

Mototsikldan tortib tramvaygacha


Ikki vazirlikning 1 iyul kuni kuchga kirgan (yoki kirishi kutilayotgan) qo‘shma qaroriga binoan “A”, ”B”, ”C”, ”D”, ”E” kategoriyalaridagi avtomototransport hamda tramvay va trolleybuslar haydovchilari ikki yilda bir marta majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart.

Yo‘lovchilarga tijoriy asosda xizmat ko‘rsatuvchi haydovchilar esa, tibbiy ko‘rikdan, shu paytgacha bo‘lganiday, yilda bir bor o‘tadi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tish pullik bo‘lib, u davlatga qarashli tibbiyot muassasalarida o‘tkaziladi.

Qaror haqidagi xabarda aytilishicha, haydovchini ko‘rikdan o‘tkazish muddati uch kundan ortmasligi lozim.

Tibbiy ko‘rik - RW analizi uchun qon topshirish, flyuorografik tekshiruvdan o‘tish, terapevt, xirurg, nevropatolog, oftalьmolog, otorinolaringologlarning (ayollar uchun – ginekolog ham) ko‘rigidan o‘tishdan iborat.

Yoshi 55 dan oshganlar EKG tadqiqotidan ham o‘tadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining haydovchilar tibbiy ko‘rigiga oid Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda qabul qilgan qarori 1 iyuldan kuchga kirgani va mazkur hujjat Adliya vazirligida 2013 yil, 27 iyun kuni qayd etilgani to‘g‘risida Norma.uz sayti xabar qildi.


“Qaror hali qabul qilingani yo‘q. Lekin qabul qilinadi”


Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi Ozodlik savollariga javob berar ekan, qaror, hozircha, loyiha bosqichida ekanligini aytdi:

- Qaror loyihasi endi tayyorlanmoqda. Qaror qabul qilinishi arafasida.

Ozodlik: Axir kuchga kirdi, degan xabar chiqdiku?!

- Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Tayyorlanayapti, dedimku!


Nima majbur qildi?


Vazirlik vakili boshqa bir qator savollarimizga ham javob berdi.

Ozodlik: Joriy etilayotgan tartibning, ya‘ni hatto mototsikl haydovchilardan ham har ikki yilda tibbiy ko‘rikdan o‘tishni talab qilish boisi nimada?

- Ayrim holatlarda yuragi kasal, asab tolalari shamollagan bemorlar ham mashina haydab yuribdi. Ko‘zi yaxshi ko‘rmaydigan, qulog‘i yaxshi eshitmaydiganlar ham yuribdi. Ba‘zilar esa, svetofor ranglarini ajrata olmaydi. Natijada avtohalokatlar yuz berayapti. Shuning uchun har ikki yilda tibbiy ko‘rik o‘tkazilishi kerak, degan qarorga kelinmoqda.

Ozodlik: Rang ajrata olmaslik – tug‘ma kasallik-ku?! Bundaylar haydovchilik guvohnomasi olmoqchi bo‘lgan paytdayoq aniqlangan bo‘lishi kerak emasmi?

- Ha, shunaqa holatlarni yanada qattiqroq tekshirish lozim. Shuning uchun Ichki ishlar vazirligi bilan qaror qabul qilinayapti.


Sobiq militsioner: To‘g‘ri qaror!


Haydovchilarni har ikki yilda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish g‘oyasini nafaqat joriy, balki sobiq militsiya xodimlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

Ulardan biri surxondaryolik Shuhrat Akramov:

- Menimcha, bu to‘g‘ri qaror. Yo‘l-transport hodisalari ko‘payib ketgan. Mast holda mashina boshqaradigan haydovchilar ko‘p.

Ozodlik: Mast holda, deyapsiz. Haydovchining qachondir bir kun aroq ichib rulga o‘tirishi oldini tibbiy ko‘rik ololmaydi-ku?!

- Yo‘q, to‘g‘ri, masalan, qon analizlari topshiradi...


“Do‘xtirlarga mazza bo‘ladigan bo‘pti!”


Sobiq militsionerning bu argumenti boshqa suhbatdoshlarimiz fikricha, zaifdiri. Ular “har ikki yilda tibko‘rik o‘tkazish korruptsiyaning urchishiga xizmat qiladi”, degan fikrni bildirdi.

Bir necha tinglovchimizning aynan shunday gaplaridan, ularning “do‘xtirlarga maza bo‘larkan”, degan kesatig‘idan kelib chiqib bergan savolimizga Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi mana bunday dedi:

- Nimasi maza bo‘lar ekan do‘xtirlarga? Aksincha, ishimiz ko‘payadi. Odamlar gapiraveradi-da!


Hisobotlarda haydovchi salomatligi omili tilga olinmagan


Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi o‘tgan yil oxirida tarqatgan ma‘lumotlarga qaraganda, 2012 yilning 11 oyida mamlakat bo‘ylab 3 mln. 328 ming 184 qoida buzilishi qayd etilgan. Shu jumladan 1 mln. 285 ming 338 martasida yo‘l harakati qo‘pol buzilgan. 43204 haydovchi mast holda qo‘lga tushgan, 39321 haydovchi rulda ketayotib telefondan foydalangan, 992382 haydovchi xavfsizlik kamarini taqmagan. 42753 piyodaning yo‘l harakati qoidalarini buzgani aniqlangan.

3 mln. 328 ming 184 qoidabuzarlikning qancha qismiga haydovchilar salomatligi joyida emasligi sabab bo‘lgani aytilmagan. Har qalay vazirlik hisoboti to‘g‘risidagi xabarlarda bu haqda biron narsa deyilmagan.
XS
SM
MD
LG