Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:49

O‘zbekistonda Ramazon oyi 10 iyuldan boshlanadi


Toshkentning Kamolon masjidida 8 iyul kuni tushdan keyin paydo bo‘lgan e‘lon. Surat WhatsApp (+420724971539) orqali yo‘llandi.
Toshkentning Kamolon masjidida 8 iyul kuni tushdan keyin paydo bo‘lgan e‘lon. Surat WhatsApp (+420724971539) orqali yo‘llandi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 8 iyul kuni tushdan keyin Ramazon oyining boshlanish sanasi 10 iyulga to‘g‘ri kelishi aniqlangan va bu ma‘lumot mamlakat musulmonlariga yetkazilgan. Bunga qadar O‘zbekistonda Ramazon oyi ro‘zasining boshlanish sanasi 9 iyulga belgilangan taqvim e‘lon qilingan edi.

9 iyuldan taroveh namozlari boshlanadi


O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur 8 iyul kuni tushdan keyin O‘zbekistonda bu yilgi Ramazon oyi 10 iyuldan boshlanishi to‘g‘risida qaror olinganini ma‘lum qildi.

- Avvalo, Olloh taollohning muborak Ramazon oyiga yetkazganiga shukrlar qilamiz! O‘zbekistonda Astronomiya instituti, markazlar bilan kelishib turib va o‘zimizning diniy taqvimlarimiz asosida mana bugun hal bo‘ldi, bir to‘xtamga keldik - 10 iyul Ramazonning birinchi kuni bo‘ladi. 9 iyul oqshomidan, inshaolloh, taroveh namozlarini boshlaymiz, dedi shayx Abdulaziz Mansur.

Bunga qadar O‘zbekistonda Ramazon oyi taqvimi e‘lon qilingan va unda ro‘zaning birinchi kuni sifatida 9 iyul belgilangan edi.

- Ha shunaqa taqvim e‘lon qilingan edi. Mana hozir ikki soat bo‘ldi, aniq bo‘ldi. Ramazon sanasi almashgani haqida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limidan hamma masjidlarga qo‘ng‘iroq qilinib, ma‘lum qilindi, dedi shayx Abdulaziz Mansur.

O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarda Ramazon 9 iyuldan


O‘zbekistonga qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmanistonda ham bu yilgi Ramazon oyi 9 iyuldan boshlanadi.

- Bugun kechasi saharalikka turiladi, inshaolloh. Ertaga (9 iyul kuni - Tahr.) og‘zimiz yopiq bo‘ladi, dedi, jumladan, qozog‘istonlik dindor jurnalistlardan biri.

Shayx Abdulaziz Mansur O‘zbekiston Musulmonlari idorasining bir mintaqada joylashgan qo‘shni davlatlardan farqli olgan qarorini izohlar ekan, bu hol dunyoning aksar musulmon davlatlarida uchrashini ta‘kidladi.

- Har yili musulmon mamlakatlarida Ramazon oyining boshlanishi bir xil bo‘lmaydi. Chunki, payg‘ambarimiz s.a.v. aytganlarki: "Yangi oyni ko‘rib, ro‘za tutishni boshlanglar va keyingi yangi oyni ko‘rgandan keyin Hayit qilishni boshlanglar", deganlar. Shu hadisdan kelib chiqib, har bir mamlakat o‘z iqlimiga qarab turib, Hilolni kuzatganda, yangi oy bir ko‘rinib, keyin botib ketadi. Lekin Hilol hamma mamlakatlarda bir xil ko‘rinavermaydi. Agar yangi oy ko‘rinmasa, Sha‘bon oyiga bir kun qo‘shib, 30 kun qilib, keyingi kundan boshlab, ro‘za tutinglar, deyilgan. Shu hadis asosida ish tutilgani uchun, mana arab mamlakatlarida ham, ba‘zi davlatlarda 9 iyul, ba‘zilarida esa 10 iyuldan qilib belgilandi, deydi shayx Abdulaziz Mansur.

U kishi bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:51 0:00
Бевосита линк


Bu yil ham musulmon davlatlarining ba‘zilarida Ramazon oyi 9 iyuldan, ba‘zilarida esa 10 iyuldan boshlanishi e‘lon qilindi.

Ramazon oyining boshlanishi va shunga mos ravishda Ramazon hayitining farqli sanalarda nishonlanishi har yili bahsu munozaralarga sabab bo‘lib keladi.

Mana bu linkda bu mavzudagi maxsus maqola bilan tanishishingiz mumkin.

Issiq kunlarda tutilgan ro‘za


Bu yil ham Ramazon oyi o‘tgan yildagi kabi yozning issiq kunlariga to‘g‘ri kelmoqda.

Xususan, O‘zbekiston iqlimida yoz kunlari uzun va issiq, tunlari esa qisqa va dim bo‘lishi kuzatiladi.

Hozir mamlakatning turli mintaqalari bo‘ylab havo harorati 40-45 darajadan, 30-35 darajaga qadar kuzatilmoqda.

- Mana bugun 34 daraja bo‘ladi, deyilgan. Lekin kamida 38-40 bordir. Lekin men yashab turgan rayon har holda salqin, bahavo. Ammo issiq joylarda ro‘za tutish qiyin bo‘ldi o‘tgan yili ham, deydi qibraylik 64 yashar tinglovchi G‘ofur aka.

U kishi bilan suhbat chog‘ida qiziq bir gapni eshitib qoldik.

Issiqdan toliqqan ro‘zadorga bir kosa suv?!


Qibraylik G‘ofurjon aka o‘tgan yili diniy marosimlardan birida eshitgan gapini xotirladi.

- Toshkentdagi amri-ma‘ruflardan birida rasmiy domladan eshitdimki, o‘tgan yili o‘ta issiq bo‘lib ketganda Madinalarda bir kosa suv ichishga ruxsat berilgan ekan. Havo harorati 60 darajadan oshib ketganda. Shunaqa gap sekin aytildida. Issiqda ro‘za tutish nihoyatda og‘ir. Ammo men bir kun ham qoldirmay tutdim o‘tgan yili Xudoga shukr, deydi qibraylik keksa tinglovchi.

Shariat qoidalarida mutlaqo zid bo‘lgan gapni qaysi domla aytgani haqida Ozodlikda ma‘lumot yo‘q.

Ammo bu o‘rinda muhimi, shu gapning paydo bo‘lganidir. Shu bois, boshqa dindorlarga ham mikrofon tutdik.

Toqati yetmay qolayotganga bir qultum suv?!


Toshkentlik dindorlar bilan suhbatlardan ma‘lum bo‘ldiki, Ramazon oyi yozning chillasiga to‘g‘ri kelgan o‘tgan yili O‘zbekistonda ro‘zadorlarga oz miqdorda suv ichishga ruxsat berilgani haqida ham ovozalar tarqalgan.

Jumladan, toshkentlik Mo‘‘tabar Ahmedova uch qultum suv haqida eshitgani ovozani xotirladi.

- Men o‘zim ayollardan eshitdim. Judda issiq bo‘lib ketganda, bir qultum, ikki qultum, uch qultum suv ichishga ruxsat bo‘libdi ekan, degan gapni. Mutlaqo mumkin emasku! Shu gap tarqaldi o‘tgan yili, menimcha, bunga ergashlar ham bo‘ldi, deydi Mo‘‘tabar Ahmedova.

Bu ovozalar ortidan O‘zbekistondagi ayrim masjidlarga sim qoqdik.

Toshkent, Farg‘ona va Buxorodagi bir necha masjidda telefon go‘shagini ko‘targan diniy xodimlar bunday ovozalarga ahamiyat bermaslikka chaqirdilar.

- Bunaqa gaplarga parvo qilmangda endi?! Ro‘za tutgan odamga bir qultum suv ham mumkin emas, singlim. Bizda imomlardan yoki domullolardan bunaqa gap chiqishi mumkin emas. U gapirgan iymoni sustlarga emas, imomlarga quloq solingda siz, deya, hatto, biroz ranjidi Buxorodagi masjidlardan birining xodimi.

Sudanliklarga ro‘zasini ochish haqida fatvo?!


Ozodlikka bog‘lanib, diniy mavzularda fikr-munosabatlarini bildirib kelgan o‘zganlik dindor Hikmatulloh qori esa yana bir ovozadan gap ochdi.

- Ya‘ni, o‘tgan yili harorat 60 darajadan oshib ketgan ekvator chizig‘iga yaqin mamlakatlarda, eslashimcha, Sudanda kambag‘al, issiqda panohi yo‘q odamlarga ro‘zasini ochishga fatvo berildi, deb men ham eshitdim. Ammo quloqdan quloqqa ko‘chgan gap bu. Bu fatvoni kim bergan, o‘zi umuman bunaqa gap bo‘lganmi, bu menga ma‘lummas. Lekin bilasiz, xalq orasida shunaqa gaplar tarqalib turadi, dedi Hikmatulloh aka.

Ayni paytda u kishi bunaqa gaplar quloqqa chalinar ekan, albatta, mahalliy ulamolardan so‘rab, ularning maslahati bilan ish tutish zarurligini ta‘kidladi.

Ro‘zangizni ochmang, imtiyozdan foydalaning!


O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansur xalq og‘zida yurgan "imtiyozlar" haqidagi ovozalarni eshitganini aytdi.

- O‘tgan yili Madinada yarim litr, bir litr suv ichishga ruxsat berilibdi ekan, degan gapni men ham eshitib, rosa kulgan edim. Buni kimdir hazillashib gapirgan. Agar tutolmasa, butunlay tutmasligi kerak o‘sha kuni. Yoki Qur‘onda belgilangan toifalarga kirsa, o‘rniga fidyasini berib, tutmasligi kerak. Ming kunlar uzun bo‘lib, issiq bo‘lib ketsa ham bir qultum, bir tomchi suv ichsa, ro‘zasi ochiladi, dedi shayx Abdulaziz Mansur.

Quyida u kishi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:16 0:00
Бевосита линк

Ro‘zadorlarga tavsiyalar


O‘zganlik imom Hikmatulloh qori yozning issiq chillasida ro‘za tutmoqchi bo‘lgan musulmonlarga ba‘zi tavsiyalarni eslatdi.

- Imkoni bo‘lsa, musulmonlar ta‘tillarini Ramazon kunlariga moslasalar ancha yengillik bo‘lar edi. Bundan tashqari, payg‘ambarimiz s.a.v.dan qolgan ba‘zi sunnat amallar ham bor. Muhimi, Qur‘onda o‘zingizni salqinlating, mazmunida oyatlar bor. Ammo aslo va aslo suv iching yoki ro‘zangizni oching, degan gap yo‘q. Musulmonlarimiz sabrli, toqatli bo‘lishlari va issiqda kelsin, sovuqda kelsin, toqati yetsa, ro‘zani tutishlari kerak, deydi o‘zganlik Hikmatulloh qori.

Quyida u kishi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:48 0:00
Бевосита линк


Dunyoning aksar musulmon davlatlarida Ramazon oyi munosabati bilan musulmon fuqarolarga yengilliklar berilishi kuzatiladi.

Mana bu linkda bu haqda qo‘shimcha ma‘lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekistonda bu yilgi fidya 6 ming so‘m


O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansurga ko‘ra, Qur‘onda belgilangan toifadagi musulmonlar ro‘zani tutib, keyin sabri yetmay ochib yuborganidan ko‘ra, o‘z haqlaridan foydalanishi lozim.

- Sog‘ligi ko‘tarmaydigan, yosh bolalari bo‘lgan, yoshi katta bo‘lganlar, uzrli bo‘lganlar ro‘zani Ramazon oyida tutolmasalar, yilning boshqa paytida tutib berishlari mumkin. Agar uzrlilar unda ham tutolmasalar, fidya berishlari mumkin. Bu jarima, degani bo‘ladi va bu yil O‘zbekistonda fidya 6 ming so‘m qilib belgilandi. Ammo toqati yetganlar ro‘za tutishlari farz, dedi shayx Abdulaziz Mansur.

Quyida u kishi bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:55 0:00
Бевосита линк


Aslida yozda ro‘za tutish osonroq


Sharqona, noana‘anaviy davolash uslubi bilan tanilgan olima Oydin Solih musulmonlarga yozda ro‘za tutish osonroq, deb hisoblaydi.

Asli o‘zbekistonlik, hozir esa muhojiratda yashayotgan biolog olim Oydin Solih kun qanchalik issiq bo‘lsa, tanadagi qon ham shunchalik issiq bo‘ladi va issiq qon tanada yig‘ilib qolgan metabolik tiqinlarni shunchalik tez eritishi bilan foydali, degan fikrni ilgari suradi.

- Faqatgina, bunday biologik jarayon borayotgan pallada tanada harorat oshgani bois odam o‘zini biroz lohas his qilishi mumkin. Biroq bu qo‘rqinchli emas. Muhimi, saharlik va iftorlikni to‘g‘ri qilish kerak. Saharlikka ko‘p va aralash ovqat yeganlargina hushidan ketishi mumkin. Buning oldini olish uchun to‘g‘ri saharlik qilish kerak, deydi biolog olima Oydin Solih.

Olima o‘z so‘ziga dalil sifatida payg‘ambar s.a.v.ning saharlikda kamtaom bo‘lgani va taomi tarkibi ham odmigina bo‘lgani haqida gap borgan ko‘plab hadislarni tilga oladi.

Mana bu linkda olima bergan tavsiyalar bilan to‘liq tanishishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG