Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:23

"O‘zbek imomlari": Arab diyorida tanilgan Mubashshirxon Taroziy


Mubashshirxon Taroziyning yaqinlari Ozodlikka yo‘llagan surat.
Mubashshirxon Taroziyning yaqinlari Ozodlikka yo‘llagan surat.
Islom olamining yana bir katta olimi, ayni paytda Turkiston ahli taqdiri uchun qayg‘urgan, kelajagi uchun kurashgan, ammo taqdir taqozosi bilan boy diniy, tarixiy, adabiy merosini arab dunyosida qoldirgan olim – Sayyid Abu Nasr Mubashshirxon Taroziy "O‘zbek imomlari" ruknining navbatdagi qahramonidir.

Sayyid Abu Nasr Mubashshirxon Taroziy 20 asr davomida turkiy musulmonlar dini va Turkiston xalqlari mustaqilligi uchun kurashgan olimlardan biri sifatida tilga olinadi.

(Avval boshdan e‘tirof etish kerak, bu olim haqida o‘zbek tilidagi internet nashrlarida ma‘lumot juda oz. U kishi haqidagi aksar tarixiy manbalar arab tilida va bu eshittirishni tayyorlar ekanmiz, Ozodlik muxlislari ko‘magiga tayandik.)


Sayyidzodalar avlodi


Mubashshirxon Taroziy – 1896 yilda, ba‘zi manbalarga ko‘ra esa 1886 yilda hozirgi Qozog‘istonning Jambil shahrida tug‘ilgan.

U kishining sayyidzodalar avlodidan ekani tarixiy manbalarda alohida urg‘ulanadi. Ya‘ni, otasi nasl-nasabi Islom payg‘ambari Muhammad alayhissalomning nabirasi imom Husaynga bog‘langan sulola vakili Sayyid Muhammad G‘ozixon bo‘lgan.

G‘ozixon o‘z davrining yirik olimi va Turkiston mintaqasida Naqshbandiylik tariqatining o‘sha davrda tanilgan yetakchilaridan biri, deb xotirlanadi.

Onasi esa hozirgi Xitoyning Sharqiy Turkiston — Uyg‘uriston mintaqasidagi oxirgi amir Sayyid Buzrukxonning nabirasi bo‘lgan.


Ilm yo‘li


Yoshlik yillarida Mubashshirxon avval Taroz shahrida, keyin Toshkentdagi "Abdulqosim", Buxorodagi "Mir Arab" madrasalarida o‘qigan.

U kishi Islomning tafsir, fiqh yo‘nalishlari hamda arab adabiyotini chuqur o‘zlashtirgani xotirlanadi. Arab, fors va turkiy tillarini mukammal egallab, keyinchalik shu uch tilda musulmon olamiga yoyilgan kitoblarini yozgan.

1920 yillar boshlarida u kishi yozgan "Qur‘on va nubuvvat" nomli ilk kitob ham turkiy va arab tilida yozilgan.

U kishi kitobini ilk bor o‘zi imomlik qilgan Taroz shahridagi masjidlardan birida xalqqa o‘qib bergani va o‘sha kezdayoq uning kitobi qo‘lyozma shaklida musulmonlar orasida tarqala boshlagani aytiladi.

O‘sha kezlarda uning Taroz shahrida bolalarga islom dinidan dars beriladigan diniy maktablar ochilishiga bosh bo‘lgani xotirlanadi.


Sho‘rolar taqibi


Shu tariqa, Mubashshirxon Taroziy diniy mazmundagi kitoblari, islom dini asosi bo‘lgan Qur‘on va hadisni yoyishga qaratilgan harakatlari uchun sobiq sho‘‘rolar hukumatining ilk kunlaridanoq dindorlarga qarshi boshlangan ta‘qiblarga nishon bo‘lgan.

Shu tariqa, kitoblari musodara qilinib-yo‘qotilgach, ma‘ruzalariga esa taqiqlar qo‘yila boshlagach, yoshgina Troziy o‘z harakatlarini astan-sekin Turkiston ozodligiga qarata boshlagan.


Paranji himoyachisi


Muhimi, o‘sha kezlarda sho‘‘ro hukumatining paranjini yechish kampaniyasiga qattiq qarshi chiqqanlardan biri ham Mubashshirxon Taroziy bo‘lgan.

Ammo, 1930 yillarga borib sho‘‘ro hukumati Taroziyning din va millat yo‘lidagi harakatlariga tamomila chek qo‘ygach, u o‘sha davrdagi qator islomiy o‘zbek olimlari kabi Turkistonni tark etib, Afg‘onistonga ketishga majbur bo‘lgan.


Podshohga kuyov, davlatga vazir


U kishining hayot yo‘li haqida bitilgan manbalardan birida shunday hikoya qilinadi:

"1930 yili Allomai Taroziy Buxoro orqali Afg’onistonga hijrat qilishga majbur bo’ldilar. U zotni Afg’oniston podshosi Muhammad Nodirshoh katta hurmat bilan kutib olib, odatdan tashqari Afg’oniston fuqarosi, podshohlik devoni bosh mudiri, deb elon qildi. Shuningdek, Afg’oniston adabiyot akademiyasi a'zosi va Afg’on qomusi hay"ati tahririga a'zo etib tayinlandilar", deyiladi Mubashshirxon Taroziyning hayoti bitilgan tarixiy manbalardan birida.

Mubashshirxon Taroziy hazratlari hayoti, ilmiy izlanish va ijodidan yaxshi xabardor qirg‘izistonlik ulamo Sodiq qori Kamolov yuqoridagi manbada berilgan ma‘lumotlarga yana ba‘zi jihatlarni qo‘shimcha qildi.

- Mubashshirxon Taroziy muhojir bo‘lishlariga qaramay Afg‘onistonga borganlaridan so‘ng Afg‘oniston Madaniyat vaziri bo‘lgan. Afg‘onistonning o‘sha vaqtdagi podshosiga kuyov ham bo‘lgan. Bu kishining o‘sha paytlardayoq diniy, siyosiy ilmlari juda yuqori bo‘lgan. Shuning uchun juda yuqori baholangan siyosiy arbob bo‘lganlar. U kishi Arabiston, Pokiston, Afg‘oniston, Hindiston diyorlarida Turkistondan borgan, juda katta obro‘ga ega bo‘lgan zot sifatida nom chiqargan, deya xotirlaydi qirg‘izistonlik ulamo Sodiq qori Kamolov.


Turkiston qayg‘usi


Kam sonli tarixiy manbalar va ulamolar hikoyalaridan tushunilishicha, uch tilda mukammal so‘zlasha olgan hamda Islomning tafsir, fiqh yo‘nalishlari, arab adabiyotini chuqur bilgan bu olim sobiq sho‘‘ro hukumati ta‘qiblari bois muhojiratga yuz tutganidan so‘ng, butun e‘tiborini ona yurti - o‘sha vaqtda Turkiston, deb nomlangan diyorga qaytish, uni sho‘‘rolardan ozod qilishga qaratgan.

Zero, O‘zbekistondan muhojiratga ketganlarning aksariyati o‘sha kezlarda Afg‘onistondan boshpana topgan va ularni birlashtirgan asosiy jihat Turkiston qayg‘usi bo‘lgan.

Mubashshirxon Taroziyni avvaliga Afg‘onistonda, keyinchalik Saudiya Arabistonida ko‘p bora ko‘rgan va u kishi bilan suhbatlar qurgan asli o‘zbekistonlik, hozir Saudiya Arabistonida yashayotgan keksa muhojir Zuhriddin Turkistoniy xotiralarini Ozodlikka so‘zlab berdi.

- U kishini birinchi bor ko‘rganimda 12-13 yashar bola edim. Afg‘onistonda u paytlarda Turkistondan borgan muhojirlar birga edilar. Men esa o‘sha paytlarda "bosmachi" deb Turkistondan quvilgan Shermatboy va uning ukasi o‘g‘illari bilan birga o‘ynab yurgan, yosh bolalik paytlarim edi. Birinchi marta o‘shanda ko‘rganman Mubashshirxon Taroziyni. U kishi u vaqtlarda Afg‘onistondan siyosiy boshpana olgan va faqat ilm bilan shug‘ullangan paytlari edi, deya xotirlaydi Zuhriddin Turkistoniy.


Siyosiy muzokaralar


Turkistoniy Mubashshirxon Taroziy va uning Buxoro amiri Olimxonga kuyov bo‘lgan o‘g‘li Nasrulloxon Taroziylar hayotini juda yaxshi bilgan, hayoti davomida ular bilan ko‘plab suhbatlar qurgan muhojirlardan biridir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mubashshirxon Taroziy umri davomida islom dini va ayni paytda Turkiston ozodligi uchun kurashgan siyosiy liderlardan biri bo‘lgan.

- Keyinchalik, Afg‘onistonda ko‘rishganimizdan 30 yillar o‘tib, men u kishi bilan Riyodda ko‘rishganman. O‘shanda va keyin ham biz u kishi bilan Turkiston ozodligiga qanday qilib erishish mumkinligi haqida ko‘plab suhbatlar qurganmiz. Bu kishi butun umri davomida Arabistondagi qirollar, podshohlar bilan ham shu masalalarda ko‘plab muzokaralar yuritgan edilar, deya xotirlaydi Zuhriddin Turkistoniy.

Mubashshirxon Taroziy ma‘lum muddat Afg‘onistonda yashagach, keyinchalik Saudiya Arabistoni va keyin Misrga ko‘chib o‘tgan hamda umrining oxirgi yillariga qadar Qohirada yashagan.


Turkiston tarixidan saboqlar


Mubashshirxon Taroziy umrining so‘nggi yillarida, Qohirada.
Mubashshirxon Taroziy umrining so‘nggi yillarida, Qohirada.
Misrda yashagan kezlarida Mubashshirxon Taroziy oliy o‘quv yurtlarida islom dini va Turkiston tarixidan dars bergan.

Ayni paytda o‘z davrining yetuk olimi sifatida nom qozongan Taroziy va u kishining o‘g‘li Nasrulloxonlarga Qohiradagi eng katta kutubxonaning rahbarligi berilgan.

Taroziy Misrda chog‘larida jami 47 ta kitob yozgani manbalarda qayd etiladi. Aksariyati arab va fors tillarida yozilgan bu kitoblar Misr, Saudiya Arabistoni, Hindiston, Pokiston, Indoneziya, Turkiyada chop etilgan.

Uning asarlarida, asosan Islom ilmi, fiqh ilmi, payg‘ambarlar hayoti, Umar Hayyom ruboiylari sharhi, Islomda askarlik, jihod kabi mavzularda gap borgan.

Bundan tashqari, Mubashshirxon Taroziy Islom payg‘ambari Muhammad alayhissalomga ergashgan ummatning birlashishi uchun ko‘p urinishlar qilgan, izlangan din arboblaridan biri sifatida ham qadrlanadi.


O‘zga yurtlarda qolgan meros


Asli Jambilda tug‘ilgan, keyinchalik Toshkent, Buxoro madrasalarida ilm olib, ulug‘ alloma sifatida nom taratgan Taroziyning asarlari, diniy va ilmiy merosi arab o‘lkalaridagi yirik ilm dargohlaridagi merosga aylangan.

- Afsuski, u kishining asarlari hanuz bizning o‘lkalardagi musulmonlar, Taroziyning asl millatdoshlari qo‘llariga yetib kelmagan, deydi qirg‘izistonlik ulamo Sodiq qori Kamolov.


Muhojiratdagi ehtirom


Sayyid Abu Nasr Mubashshirxon Taroziy 1977 yilning fevral oyida 83 yoshida Misrda vafot etgan.

Tarixiy manbalarda yozilishcha, Mubashshirxon Taroziyning janoza marosimida arab diyori hamda Islom olamida tanilgan olimlar, siyosatchilar, bundan tashqari qirollik va davlat rahbarlari ishtirok etgan.

Sobiq sovet zamonida yurtidan quvilgan olim ham din, ham davlat arbobi o‘laroq hozir ham Misr, Saudiya Arabistoni, Pokiston, Turkiya, Indoneziya, Hindiston va hatto Yaponiyadagi diniy ilm dargohlarida xotirlanadi.

Bu davlatlardan bir nechasidagi Islomiy ilmiy tadqiqot markazlarida hanuz Mubashshirxon Taroziy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlar davom etmoqda.

Quyida "O‘zbek imomlari" ruknining ushbu olimga bag‘ishlangan sonini to‘liq tinglashingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:41 0:00
Бевосита линк


O‘zbek imomlari haqida Ozodlikka bildiring!

Biz o‘zbekistonlik musulmonlarga ilm bergan va ularning hayotida chuqur iz qoldirgan ahli ilmlar haqida imkonimiz qadar xotirlashga harakat qilyapmiz.

Shu vaqtgacha hikoya qilganimiz o‘ndan ortiq o‘zbek imomining ko‘pchiligi haqidagi ma‘lumotlarni siz aziz mushatriy ko‘magida yig‘dik va buning uchun sizlardan minnatdorligimizni bildiramiz!

Sayyid Abu Nasr Mubashshirxon Taroziy haqida to‘plaganimiz bir hovuchgina ma‘lumotga qo‘shimchalar bo‘lsa hamda buni Ozodlik tinglovchilariga bildirish istagi bo‘lsa, marhamat, bizga murojaat qiling!

Zero, "O‘zbek imomlari" turkumidan olib borayotganimiz loyiha biroz mushkulligi, nodir ma‘lumotlarning ozligini inobatga olgan holda har doim yordamingizga umid qilamiz.

Marhamat, bizga maktub yozing: ozodlikmail@gmail.com, isakovab@rferl.org

bizga qo‘ng‘iroq qiling: +420 221 123 437, +420 608 549 460 (mob)
XS
SM
MD
LG