Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:50

O‘zbekistonlik shifokorlar bu yil ham majburan paxtaga olib chiqiladi


Bu yil ham o‘zbekistonlik shifokorlarning majburiy tarzda paxta dalalariga olib chiqilishi kutilyapti. Ozodlikka murojaat qilgan o‘zbekistonliklar so‘zlaridan shuni xulosa qilsa bo‘ladi.

Ozodlikka bu haqda ma‘lum qilgan manbaga ko‘ra, kasalxonalarda paxtaga chiqariladigan shifokorlar ro‘yxati tuzilmoqda, paxtaga chiqa olmaydigan xodimlarning oylik maoshidan pul undirilishi haqida ogohlanitirilmoqda.

Ulardan “o‘z ixtiyorim bilan berdim”, degan mazmunda tilxatlar ham olinmoqda.

Manbamizga ko‘ra, ish joyidan ajralib qolish tahdidi ostida shifokorlar shunday til xat yozib berishga majbur bo‘lmoqda.

Ozodlik manbasining aytishicha, Toshkentdagi kasalxonalardan birida ayrim shifokorlar oyliklari 250 ming so‘m atrofida ekani, oyligini deyarli yarmini berishga qiynalishlari haqida aytishsa, shu shifoxona bosh shifokori bu prezident qarori ekanini pesh qilib, siyosatga aralashmaslikni, aks xolda buning juda yomon oqibatlari bo‘lishidan ogohlantirgan.

O‘zbekiston Inson Huquqlari himoyachilari alyansi O‘zbekistonda paxta mavsumida majburiy mehnatdan foydalanilishi bilan bog‘liq vaziyatni monitoring qilib keladi. Tashkilot rahbari Yelena Urlayeva ham o‘zbekistonlik shifokorlarning majburiy tarzda paxta dalalariga olib chiqilishi haqida ma‘lumotga egaligini bildirdi.

Alьyans rahbari Ozodlik muxbiri bilan suhbatda paxtaga chiqariladigan tibbiyot muassasalari xodimlarining ro‘yxati allaqachon tuzilayotganini aytdi.

- Men kechagina Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 5-sonli bolalar kasalxonasi shifokorlari bilan gaplashdim. Ular juda xafa bo‘lib o‘tirishibdi. Paxtaga chiqariladigan xodimlar ro‘yhati tuzilayotgan ekan, borolmaydiganlarni har oyligidan 100 ming so‘m pul undirib olinishi haqida qattiq ogohlantirishgan ularni, - deydi Urlayeva.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi 1-sonli kasalxona shifokori Iqbol Avloqulovaning Ozodlikka aytishicha, ular ham paxta terimiga chiqarilishlari haqida ogohlantirilganlar.

- Bu yil 5 sentyabrdan paxtaga deyishyapti. Bilasizmi u yerda birinchidan sharoit juda yomon. Ikkinchidan, shifokor shifokorligini qilishi kerak emasmi. O‘tgan yili hamshiralarimiz borishgan edi. Ahvol juda yomon deb kelishgan. Bizni kasalxonadan har yili 60ga yaqin shifokor paxtaga boradi. Bormaganlarni oyligidan 80 ming so‘m olib qolingan edi, o‘shanda,- deydi Avloqulova.

O‘zbekistonlik shifokorlarning majburiy tarzda paxta terimiga jalb etilishlari bilan bog‘liq shikoyatlar yuzasidan izoh so‘rab O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga bog‘langanimizda, vazirlik mutasaddisi telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, majburiy bolalar mehnati bois xalqaro bosimlar ostida qolgan O‘zbekiston hukumati maktab o‘quvchilarini paxta yig‘im-terimiga ommaviy jalb etmaslikka harakat qilmoqda.

Bolalar o‘rniga davlat byujetidan moliyalanadigan korxonalar, jumladan shifoxonalar xodimlari va maktab o‘qituvchilarini dala ishlariga majbur etmoqda.

O‘zbekiston Inson Huquqlari himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayevaning aytishicha, so‘nggi yillarda tibbiiy muassasalar xodimlarining chopiqqa yoki paxta termiga olib chiqilishi ko‘lami ortgan.

- Birinchidan xodimlarning majburiy paxtaga olib chiqilishi, borolmaydiganlardan yana pul undirib olinishi bu mutlaqo qonunga zid amal. Mardikorlar uchun to‘laymiz, deb shifokorlar oyligidan urib qolinayotgan bu pullarning miqdori juda katta. Pul qayerga ketayotganini aniqlash esa juda mushkul,- deydi Urlayeva.

Hyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘tgan yilgi paxta mavsumida bir milliondan ortiq fuqarosini, jumladan o‘qituvchi, shifokor va hamshiralarni og‘ir sharoitda paxta terishga majbur qilgan.

O‘zbekiston rasmiylari esa mamlakatda majburiy mehnat muammosini o‘rganmoqchi bo‘lgan xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislarini besh yildan buyon mamlakatga kiritmay kelyapti.

Shu kunga qadar dunyoning yuzdan ziyod chakana savdo shirkati majburiy mehnat evaziga yetishtiriladigan O‘zbekiston paxtasidan tayyorlangan maxsulotlardan voz kechgan.
XS
SM
MD
LG