Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:45

Obama Suriyaga zarba berish uchun Kongressga murojaat qildi


AQSh Prezidenti Barak Obama Damashq yaqinida kimyoviy qurollar qo‘llagani iddao qilingan Suriya hukumatiga qarshi “cheklangan” harbiy zarba berishga ruxsat so‘rab, Kongressga murojaat qildi. Ayni paytda dunyo liderlari Obamaning Suriya bo‘yicha qabul qilgan qaroriga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirmoqda.

AQSh Prezidenti Barak Obama Damashq yaqinida kimyoviy qurollar qo‘llagani iddao qilingan Suriya hukumatiga qarshi “cheklangan” harbiy zarba berishga ruxsat so‘rab, Kongressga murojaat qildi. Ayni paytda dunyo liderlari Obamaning Suriya bo‘yicha qabul qilgan qaroriga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirmoqda.

31 avgust kuni Vashingtonda chiqish qilgan AQSh prezidenti Barak Obama Suriya hukumatiga qarshi “cheklangan” harbiy zarba berishni so‘rab, Kongressga murojaat qildi.

Suriya hukumatiga tarafdor kuchlar 21 avgust kuni Damashq yaqinida amalga oshirgani iddao qilingan kimyoviy hujumni “dahshatli” deb atagan Obama unga javoban “cheklangan” harbiy zarba berilishi kerakligini aytdi.

Obama bunday chora kimyoviy qurollar qo‘llanilishiga toqat qilinmasligiga mujda bo‘lishini urg‘uladi.

- Xatolikka yo‘l qo‘ymang. Bu kimyoviy urushdan tashqari boshqa oqibatlarga ham ega. Agar biz ushbu dahshatli harakatni amalga oshirganlarga jazo chorasini ko‘rmasak, xalqaro qonunlarni pisand qilmay, yadroviy qurolni tayyorlashga urinayotgan hukumatlarga, biologik qurollar tarqatmoqchi bo‘lgan terrorchilarga, genotsid sodir etayotgan armiyalarga qarshi turish qarorimiz qayerda qoladi? Biz o‘z farzandlarimizni bergan va‘dalarimiz, imzolangan shartnomalarimiz bajarilmaydigan va bizni shakllantirgan qadriyatlarimizga rioya qilinmaydigan dunyoda voyaga yetkaza olmaymiz, - dedi AQSh prezidenti.

Shanba kuni kechqurun Oq Uy Suriyada kimyoviy hujumlar yana uyushtirilishining “oldini olish, to‘xtatish va bunday hujumlar ehtimolini kamaytirish”ni nazarda tutgan qonun loyihasini Kongressga yo‘llab, uni tasdiqlashni so‘radi.

Yozgi ta‘tildan 9 sentyabr kuni qaytadigan Senat va Namoyandalar palatasi a‘zolarining bu masalasini muhokama qilib, ovozga qo‘yishi kutilmoqda.

Obama ma‘muriyati rasmiylari Kongress a‘zolari Suriyaga “chekalangan” harbiy zarba berishni qo‘llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi. Biroq bu choraning tasdiqlanishi kafolatlangan emas.

Kongressning ayrim a‘zolari harbiy zarba berilishiga qarshi. Boshqalar esa Suriya Prezidenti Bashar al-Assad rejimini hokimiyatdan ag‘darish uchun harbiy amaliyotlar o‘tkazilishini dastaklamoqda.

Oxirgi so‘rov natijalari amerikaliklarning aksari Suriyada harbiy amaliyot o‘tkazish AQSh manfaatiga xizmat qiladi, degan fikrga qo‘shilmasligini ko‘rsatgan.

AQSh razvedka xizmatlari tomonidan juma kuni e‘lon qilingan ma‘lumotlarga ko‘ra, AQSh rasmiylari 21 avgust kungi kimyoviy hujum uchun prezident Assad hukumati mas‘ul ekaniga “qat‘iy ishonch” bildirgan.

Hisobotda kimyoviy hujumda 1400 odam, jumladan, 400 nafar bola nobud bo‘lgani qayd etilgan.

Shanba kuni o‘z qarorini e‘lon qilgan Barak Obama Qo‘shma Shtatlar kuch qo‘llashi uchun BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiya qabul qilishi shart emasligini urg‘ulagan.

Suriyaning ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya BMT Xavfsizlik kengashida rezolyutsiya qabul qilinishiga qarshi harakatlarga boshchilik qilib kelmoqda.

Dunyo liderlari AQSh prezidentining Suriya hukumatiga qarshi “cheklangan” harbiy zarba berish haqidagi qaroriga ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirmoqda.

1 sentyabr kuni Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe o‘z hukumati Kongressdagi mubohasalarni diqqat bilan kuzatib borishini aytdi.

- Biz AQSh Kongressidagi voqealarni diqqat bilan kuzatib boramiz. Vaziyat o‘nglanishiga umid qilgan holda, ma‘lumot yig‘ish va uni tahlil qilishni xalqaro hamjamiyat bilan muvofiqlashtirib boramiz, - dedi Yaponiya Bosh vaziri.

Suriya Bosh vaziri Vayel al-Xalqiy Suriya armiyasi AQShning har qanday harakatiga javob qaytarishga “to‘la tayyor” ekanini aytdi.

Eronning Islomiy inqilob posbonlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Ali Jafariy Suriyaga “harbiy interventsiya cheklangan” bo‘ladi, deb o‘ylash “xom xayol” bo‘lishini urg‘uladi.

Muxolifatdagi Ozod Suriya Armiyasining Sharqiy birlashgan qo‘mondonligi boshlig‘i o‘rinbosari Muhammad Abud AQSh prezidentining qarorini olqishladi.

- Biz bu qarorni ancha vaqtdan beri kutayotgan edik. Vaqt ketgan bo‘lsa ham, AQSh bu haqda qaror qabul qildi. Suriya xalqi va ozodlik jangchilari prezident Obama shunday qaror qabul qilganidan mamnun, - dedi Muhammad Abud.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro shanba kuni AQSh prezidentini BMTni chetlab qaror qabul qilgani uchun tanqid qildi.

Moskvada Rossiya Davlat Dumasining Xorijiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Aleksey Pushkov Twitter orqali Obama urushga ozgina bo‘lsa-da, qonuniy tus berish uchun Kongressga murojaat qilganini yozdi.

Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron va Frantsiya Prezidenti Fransua Olland AQSh Prezidenti Barak Obamani Suriyada “cheklangan” harbiy amaliyot o‘tkazishga ruxsat so‘rab, AQSh Kongressiga murojaat qilganini olqishladi.
XS
SM
MD
LG