Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:00

"Osmon va yer o‘rtasida" muallaq qolgan odam hikoyasi


Ulug'bek O'ktamov
Ulug'bek O'ktamov
Rossiya Federal Migratsiya xizmati 3 yildirki Kemerovo maxsus priyomnigida saqlanayotgan va samarqandlik ekani aytilayotgan Ulug‘bek O‘ktamovni deportatsiya qila olmayapti. O‘zbekiston rasmiylari esa bu shaxs o‘zi to‘g‘risida noto‘g‘ri ma‘lumot berayotgani va bunday shaxs Samarqandda yashamaganini ta‘kidlamoqda.


“Meni nega qo‘yib yuborishmayapti?”


Uch yildirki Kemerovo viloyat Federal migratsiya xizmati Kemerovo izolyatorida qolayotgan o‘zbek muhojiri masalasi ustida Rossiya va O‘zbekistonning qator idoralari bilan yozishma olib bormoqda.

Ulug‘bek telefon orqali Internetdagi turli ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi tushib qolgan vaziyat to‘g‘risida yoza boshladi.

“Men, O‘ktamov Ulug‘bek Ikromovich, Kemerovo shahar maxsus priyomnigida 3 yildan buyon saqlanib kelmoqdaman, chunki mening pasportim yo‘q. Men saqlanayotgan maxsus priyomnikda hech qanday sharoitlar yo‘q va nima sababdan va qanday qonun asosida meni UFMS panjara ortida ushlab turibdi? Haqiqat qani?”, deb yozadi 34 yoshli Ulug‘bek O‘ktamov “VKontakte”dagi shaxsiy sahifasida.

Ozodlik bilan suhbatda Ulug‘bek Samarqandda tug‘ilib o‘sgani, o‘sha yerda bolalar uyida katta bo‘lgani, lekin o‘tgan asrning 90 yillari boshida Rossiyaga qochib kelganini gapirib berdi.

- Men tug‘ilgan joyimni bilmayman. Bilamanki, 10 yoshimgacha Samarqand detdomida katta bo‘lganman. Keyin detdomdan qochib ketganman, aka. Taxminan 91 yil boshlarida ketganman. Vokzalda yotib yurib, provodnik bilan tanishib qoldim va 1994 yilda “Andijon-Samara” poyezdida Volgogradga kelvorganman. O‘shanda to‘liq 14 yoshda edim. 1997 yilgacha kolxozda traktor haydab ishlab yurdim. U yerdan keyin Surgutga ketdim va u yerda dachalarda qorovullik qildim,- deb eslaydi Ulug‘bek.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:45 0:00
Бевосита линк


2005 yilda u shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagani uchun Surgutda qo‘lga olingan. Uning aytishicha, roppa-rosa bir yil maxsus priyoknikda ushlab turilganidan va O‘zbekistonga deportatsiyasi amalga oshmaganidan keyin, u qo‘yib yuborilgan.

“Ikkinchi safar hibsdan chiqqanimdan keyin tuhmat orqasidan 3,5 yilga qamalib ketdim”, deydi Ulug‘bek.

- Nefteyuganskda melisani xotini bilan urib qo‘ysam, “Meni telefonimni tortib olmoqchi, xotinimni nima qilmoqchi edi”, deb qamatvordi ular. 2010 yil chiqdim, 1 dekabr kuni UFMSga qo‘lga tushib qoldim. Jami 2005 yildan beri o‘tirgan bo‘lsam, pasportim yo‘qligi uchun mana 5 yildan beri turmadaman. Osmon va yer o‘rtasida muallaq qoldim,- deydi Ulug‘bek.

Suhbatdosh Samarqanddagi bolalar uyidan qochib ketganidan keyin unga tegishli bo‘lgan hujjatlarni birov yo‘q qilib yuborgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Ulug‘bek Rossiya Migratsiya xizmatida unga “O‘zbekiston sendan rasman voz kechsa, biz senga pasport rasmiylashtirishga majbur bo‘lardik”, deya bildirishganini ham ma‘lum qildi.


“Bunday odam bo‘lmagan!”


Kemerovo viloyati bo‘yicha Federal migratsiya xizmati 2010 yilda “zo‘rlash” va “o‘g‘irlik” moddalari asosida o‘tirib chiqqan Ulug‘bek O‘ktamov masalasida bir necha marotaba O‘zbekiston elchixonasi va rasmiy idoralariga so‘rovnoma yuborganini ma‘lum qildi.

Og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan odamni qo‘yib yuborishdan xavfsirayotgan Kemerovo migratsiya xizmati matbuot markazi tarqatgan xabarga ko‘ra esa, Ulug‘bek avvaliga o‘zi O‘zbekistonga qaytishdan bosh tortgan va joniga qasd qilishini bildirgan. “U bir necha marotaba turli temir buyumlarni yutib, o‘z joniga qasd qilgan, lekin jarrohlar yordamida tirik qolgan”, deb xabar qiladi viloyat FMSi o‘z saytida.

Hujjatni Ozodlikka "Komsomolskaya pravda" muxbiri taqdim etdi.
Hujjatni Ozodlikka "Komsomolskaya pravda" muxbiri taqdim etdi.
O‘zbek diplomatlari Samarqand viloyatida bunday odam mutlaqo yashamagani, u haqda viloyat va shaharning biror FHDYo bo‘limi yoki bolalar uyida hech qanday ma‘lumot aks etmaganini ma‘lum qilishmoqda.

Shu sababli O‘zbekiston tomoni “12.07.1979 yilda tug‘ilgan U.I.O‘ktamovga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti berilmagan” va “unga O‘zbekistonga qaytish uchun sertifikatni berish imkoni yo‘qligi” tushuntirgan.

Ozodlik olgan hujjatlardan birida O‘zbekistonning Rossiyadagi Bosh konsuli Abdurahim Qayumov “fuqaro U.I. O‘ktamov” masalasini “2007.04.07 y. Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumatlari o‘rtasida imzolangan Readmissiya to‘g‘risidagi Kelishuv asosida hal etish”ni tavsiya qilgan.

Rossiya Migratsiya xizmati xodimlari ham 34 yoshga kirgan Ulug‘bek avvaliga o‘zi haqida biror ma‘lumot berishdan bosh tortib kelgani, keyinroq mutlaqo tasdiqlab bo‘lmaydigan ma‘lumotlarni bera boshlaganini aytmoqda.

Shu tariqa, SSSRda tug‘ilib, na O‘zbekiston va na Rossiyaga fuqaroligiga olingan Ulug‘bek O‘ktamov masalasi ochiqligicha qolmoqda.

Suhbatimiz so‘nggida Ulug‘bek aynan turmada unutib yuborgan o‘zbek tilini tiklab olganini aytadi:

- Men umuman o‘zbek tilini esimdan chiqarib qo‘ygan edim. Uch yildan beri o‘zbek-tojiklar bilan o‘tiribman-ku. Detdomda ham ruscha, maktab ham ruscha bo‘lgan. O‘zbek-tojiklar bilan yashab yana o‘rganib olyapman tilni: ona tilimku, vaqti kelsa baribir qaytib boramanku O‘zbekistonga,- deydi fuqaroligi yo‘q shaxs Ulug‘bek O‘ktamov.
XS
SM
MD
LG