Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:57

Euronews yana O‘zbekiston hukumati reklamasiga kirishdi


Euronews xalqaro telekanalining yaqin kunlarda O‘zbekiston haqidagi navbatdagi turkum ko‘rsatuv va videolavhalarni namoyish etishi kutilayapti. Mazkur telekanalning har soatda dunyodagi yirik shaharlar qatori Toshkent shahridagi ob-havo haqida ham ma‘lumotlarni berishni boshlaydi.

Yaqindan boshlab mazkur telekanal har soatda dunyodagi yirik shaharlar qatori Toshkent shahridagi ob-havo haqida ham ma‘lumotlarni berishni boshladi.

O‘zbekistonning rasmiy “Jahon” agentligi bu yangilikni O‘zbekiston va Euronews telekanali o‘rtasida so‘nggi ikki yil davomida o‘rnatilgan hamkorlik samarasi, deya taqdim etdi.

Agentlikning Euronews tijorat direktori Oliviye de Monshenyuga iqtibosan yozishicha, telekanalda O‘zbekiston tarixiy-madaniy merosi, turizm va sarmoya salohiyati haqidagi ko‘rsatuvlar berilishi kutilyapti.

O‘zbekistonning Euronews orqali reklama qilinishida mamlakat Iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining homiylik qilishi aytiladi.

Hozircha reklama xarakterida ekani aytilaëtgan bunday ko‘rsatuvlar uchun O‘zbekiston tomonining qancha pul to‘lagani ma‘lum emas. Euronews vakillari hozircha bu yuzadan Ozodlik yuborgan savollarga javob berishmadi.

Ushbu roliklar namoyishi O‘zbekistonda qator xorij shirkatlari muammolarga yuz tutib¸ bu mamlakatni tark etayotgan, ayrim shirkatlar xalqaro arbitraj orqali O‘zbekistondagi sarmoyalarini qaytarib olishga urinayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston haqidagi bir qator filmlar muallifi, daniyalik jurnalist Maykl Anderson fikricha, Toshkent rasmiylari yirik pul evaziga Euronews kabi nufuzli telekanallarda O‘zbekiston haqidagi “yolg‘on PR roliklar” namoyish qilib¸ potentsial investorlar hamda xorijlik sayyohlarni ovlashga urinmoqda:

- O‘zbekistonning inson huquqlari qo‘pol buzilayotgan mamlakat ekani avvaldan ma‘lum. So‘nggi yillarda esa O‘zbekistondagi bir qator boshqa holatlar, jumladan¸ mamlakat ichida MTS va boshqa yirik shirkatlarga qarshi qilingan noqonuniy amallar, TeliaSonera atrofidagi mojaro, Shveytsariya, Frantsiyada o‘zbeklarning pul yuvish bilan bog‘liq janjal va bunga o‘zbek prezidenti qizining aloqadorligi haqidagi xabarlar sarmoyadorlarning O‘zbekistonga nisbatan qolgan so‘nggi ishonchini ham yo‘qotdi, deydi Anderson.

O‘zbekistonning “iqtisodiy, sarmoya va sayyohlik salohiyati” haqidagi reklama roliklari Euronews telekanalida birinchi marta berilayotgani yo‘q.

“Welcome To Uzbekistan” “O‘zbekistonga xush kelibsiz” reklama roligi shu yilning 13 may kuni, Andijon qatliomiga aynan 8 yil to‘lgan kunda Euronews kanalida namoyish etilgan edi.

“O‘zbekiston Sharqning marvaridi, buyuk ikmkoniyatlar diyoriga xush kelibsiz”, degan so‘zlar bilan boshlanuvchi 35 sekundlik ushbu videolavhaning aynan 13 may kuni Euronews telekanalida efirga uzatilishi shunchaki tasodif bo‘lganmi yoki O‘zbekistondagi buyurtmachilarning talabi asosida qilinganmi, bu ma‘lum emas.

Jurnalist Maykl Anderson Euronews so‘nggi paytlarda O‘zbekistondagi Karimov rejimining propaganda quroliga aylanayotgani borasida xavotir bildiradi:

- Men g‘arblik bir jurnalist sifatida aytamanki, yolg‘onga asoslangan bu kabi lavhalarning Euronews kabi kanalda efirga berilishi uyat. O‘zbekistonning dunyodagi eng qattol rejimlardan ekani ko‘pchilikka ma‘lum. Shunday ekan nega Euronews kanalining qonli pul evaziga rejimni ulug‘lovchi lavhalarni namoyish etishi meni ajablantiradi, deydi Anderson.

Frantsiyada yashayotgan o‘zbekistonlik taniqli huquq faoli, O‘tyuraklar klubi rahbari Mo‘‘tabar Tojiboyeva Euronews telekanalidagi videolavhalar dunyo ahliga yolg‘on mujdani yo‘llashi mumkinligi haqida gapiradi.

-Bu xorijlik sayyohlar, potentsial investorlarga yolg‘on ma‘lumot berishi va Euronews ham bu yolg‘onga sherik bo‘lib qolishi mumkin. Chunki, O‘zbekistonga borgan ko‘pchilik sayyohlar sarmoyadorlar muammolarga yuz tutishgani ko‘pchilikka ma‘lum, -deydi Tojiboyeva.

Euronews xalqaro telekanali 1993 yilda tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Frantsiyaning Lion shahrida joylashgan.

Telekanal o‘z ko‘rsatuvlarini 15 tilda jahonning 150 dan ziyod mamlakatiga uzatadi. Hozirda¸ aytilishicha¸ Euronews 350 milliondan ortiq tomoshabinga ega.
XS
SM
MD
LG