Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:02

Toshkentning Eski shaharida 9 oktyabrda birinchi uy buzildi


Poytaxtning Eski shahar qismida joylashgan bir nechta mahalladagi uylar buzila boshlandi. Uylarni buzish ishlari hukumat va shahar hokimiyati qarorlariga muvofiq amalga oshmoqda va avtomobil yo‘lini kengaytirish zarurati bilan izohlanmoqda.

Uylari buzilayotgan aholiga yer uchastkalari va kvartiralar taklif
qilinayotgani aytildi. Buzilayotgan uylar uchun tovon puli masalasi hali hal qilinmagan.

Toshkent shahrining Olmazor tuman Chig‘atoy darvoza mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi Toir Abduazimov Ozodlik bilan suhbatda uy buzish ishlari 9 oktyabr kuni boshlanganini aytdi.

- Xudo xohlasa boshlandi. Shahar hokimi ham, tuman hokimi ham shu yerdalar. Sharsharagacha bo‘lgan joydagi uylar uchta qismga bo‘lingan. Birinchi qismdagi uylar ketayapti hozir - 30ta xonadon. Buning ichida "nejiloy"lar ham bor, to‘yxona ham bor, moykalar bor. 30 tasi buzilishi kerak birinchi ocheredda yo‘lni boshlash uchun, - dedi, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi

Abduazimov Olmazor tumanida Chig‘atoy darvoza mahallasidan tashqari Hurriyat, Qorasaroy va Sebzor mahallalarida ham uylar buzilishi rejalanganini aytdi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi uylari buzilayotgan fuqarolarga yer uchastkalari va kvartiralar taklif qilinayotganini qo‘shimcha qildi.

- Chuqursoy mahallasining etagida joylashgan quruq yer bor. O‘sha joydan yer uchastkasi berishayapti. Bir xillar Qoraqamish va boshqa joylarga borib domlarni ko‘rishayapti. Ibn Sinodan ham uylar ko‘rishayapti. O‘zimizning tarafdagi domlarni ham ko‘rib kelishayapti. Arizalar yozib berishayapti ma‘qul bo‘lganlari. Unaqa norozichilik yo‘q Xudo xohlasa, - dedi Chig‘atoy darvoza mahallasi fuqarolar yig‘ini raisi.

Uylari buzilayotgan odamlarga tovon puli to‘lanyaptimi, degan savolga mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bu ish bilan ko‘chmas mulk bo‘yicha mutaxassislar shug‘ullanayotganini aytdi.

- Narx chiqaradiganlar hammasi shu yerda. Ularni ishiga men aralashganim yo‘q. Narx chiqaradiganlar bor. Narx chiqaradi deb aytishayotgan edi, dedi Abduazimov.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, hozirda Farobiy ko‘chasida buzilayotgan uylarga tabiiy gaz uzatish quvurlari qirqilgan. Suv va elektr uzatish to‘xtatilmagan.

Olmazor tumanida uylarni buzish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda yordam berish uchun mahallalarda shtab tuzilgan.

Toshkent shahar hokimiyatining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda Eski shahardagi uylar olti qatorli avtomobil yo‘lini qurish uchun buzilayotganini aytdi.

- Transport vositalari tirbandligining oldini olish uchun yo‘l ochilyapti. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining va shahar hokimining qarorlari bor. Bu yo‘llar Olmazor va Shayxontohur tumanlaridan o‘tadi. Ikkala tumanda uylar buziladi.

Shahar hokimiyati rasmiysi buzilishi rejalangan aholi uylarining aksari Olmazor tumanida ekanini qo‘shimcha qildi.

2012 yil 12 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2020 yilga qadar Toshkentning Eski shahar qismini to‘liq ta‘mirdan chiqarish haqidagi qarorga imzo chekkan.

16 mart kuni Toshkent shahar xalq deputatlari kengashida so‘zlagan Karimov Eski shaharni ta‘mirlashdan maqsad poytaxtning bu qismini zamonaviy talablarga javob beradigan, telekommunikatsiya tizimi bilan ta‘minlangan shaharga aylantirishdan iborat ekanini aytgan.
XS
SM
MD
LG