Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:08

Gulnoraning sobiq menejeri "Nurik"ni yaqinlari qidirmoqda


Ozodlikka "Nurmuhammad Sodiqovga tegishli", deb taqdim qilingan surat.
Ozodlikka "Nurmuhammad Sodiqovga tegishli", deb taqdim qilingan surat.
Gulnora Karimovaga tegishli ko‘riladigan tashkilotlardan birida menejer bo‘lib ishlagan Nurmuhammad Sodiqovni yaqinlari 11 oydan buyon qidirmoqda. Ozodlikka Moskvadan bog‘langan Anvar Maxatov ismli shaxs Nurmuhammadning "Gulnoraga tegishli janggari yigitlar tomonidan o‘g‘irlangani va qiynoqqa solingani"ni iddao qildi.

Rossiyaning Penza shahrida istiqomat qilishini aytib, Ozodlikka bog‘langan Anvar Maxatov ismli shaxs Gulnora Karimovaning qo‘lida menejer bo‘lib ishlagan kuyovi – 40 yashar Nurmuhammad Sodiqov 11 oydan buyon bedarak ekanini aytdi.

Muxbir bilan Skype orqali bog‘langan Anvar Maxatov kuyovi 2013 yilning yanvar oyida prezidentning qiziga xizmat qiladigan Oleg va Rafiz ismli yigitlar tomonidan o‘g‘irlab ketilganini iddao qildi.

- Ular uni o‘g‘irlab ketishgan. Keyin esa Nurmuhammadning uyiga borib, singlimning pasportini tortib olishgan va kuyovimni sog‘lom qaytarish evaziga undan tovon puli talab qilishgan. Ular juda dahshatli jangarilar, faqat bir avtoritetga bo‘ysunadi va ularning qilayotgan ishlari “polnыy bespredel”, - deb iddao qildi Ozodlik bilan suhbatda Maxatov.

Uning iddaosicha, bu yigitlar o‘tgan 11 oy davomida kuyovini o‘g‘irlagan shaxslar zo‘ravonlik va kuch qo‘llash yo‘li bilan Nurmuhammadning uyini, avtomobilini va qo‘lga ilingulik mol-mulkini tortib olgan, ammo uning o‘zini qaytarishmagan.
Shuningdek, Anvar Maxatov 11 oy davomida kuyovi o‘zining qiynoqqa solinayotgani haqidagi bir xatni xotiniga yetkazganini ham aytdi.

- Uni Gulnoraga qarashli ob‘ektlardan birida saqlashayotgani, sistematik tarzda urishayotgani va u olmagan qanadir pullarni talab qilishayotganini yozgan u xatida. Hozir Nurmuhammadning qayerda ekanini hech kim bilmaydi. Singlim ham o‘g‘rilarga beradigan hech narsasi qolmagach, qaysidir tanishlarinikiga ko‘chib o‘tgan. Unga tahdid ko‘paygani uchun men bilan ham aloqaga chiqmayapti, - dedi Anvar Maxatov.

Maxatovning so‘zlariga ko‘ra, asli kasbi bank xizmatchisi bo‘lgan Nurmuhammad 2003 yilgacha Toshkent shahridagi banklardan birida ishlagan va 10 yil muqaddam Gulnora Karimovaga qarashli biznes strukturaga hisobchi bo‘lib ishga o‘tgan.

Anvar Maxatov qisqa muddatda menejer lavozimini egallagan Nurmuhammadni Gulnora Karimova biznes strukturalaridagi “asosiy figuralardan biri” deb da‘vo qildi.

Shuningdek, u Nurmuhamad Sodiqovning shu kunlarda Shveytsariya, Shvetsiya va Frantsiyada Gulnora Karimovaga bog‘lab olib borilayotgan o‘zbeklar ishida nomi tilga olingan Alisher Ergashev va Shoxruh Sobirovlar bilan birga ishlaganini ehtimoldan soqit qilmasligini ham aytdi.

- Men aniq ayta olmayman, lekin ular birgalikda ishlagan va Gulnora ham Nurmuhammadni yaxshi tanigan bo‘lishi kerak, - dedi Anvar Maxatov.

Aslida, bu Gulnora Karimova biznesidagi hisob-kitoblarga mas‘ul shaxslar orasida “Nurik” laqabi bilan tanilgan Nurmuhammad Sodiqov ismli shaxsning bo‘lgani va uning yanvarda o‘g‘irlab ketilganiga oid birinchi murojaat emas.

2013 yilning 7 fevralida Zamondosh saytida G‘ayrat O‘rinov nomi ostida chiqqan maqolada ham Sodiqov bilan bir vaqtda g‘oyib bo‘lgani aytilgan yana bir shaxs – Shuhrat Akbarovning nomi tilga olingan va ularning Gulnoraga qarashli shaxslar tomonidan o‘g‘irlanib, qiynoqqa solingani iddao qilingan edi.

Bundan tashqari, Gulnora Karimovaning “yashirin hisobchisi” deb ta‘rif berilgan Nurmuhammad Sodiqov nomi O‘zbekiston hukumati rejimi haqida MXXdagi manbalariga tayanib, maqolalar berib keladigan, Usmon Haqnazarov degan ismli noma‘lum muallif chiqishlaridan birida ham tilga olingan.

2013 yilning 28 martida e‘lon qilingan: “Xayr Amerika yohud Karimov Kremlь shartlarini qabul qilmoqda” degan sarlavhali maqolada yozilishicha, Nurmuhammad go‘yoki O‘zbekiston Moliya vaziri Rustam Azimovning odami bo‘lgani va o‘z vaqtida O‘zbekistondagi klanlar to‘qnashuvida ishga solingan figuralardan biri ekani aytilgan.

"Haqnazarov"ning iddaosicha, Gulnora Karimova va Rustam Azimov o‘rtasida shu yilning aprelda nizo paydo bo‘lishi bilan prezidentning qizi Nurmuhammadni ishdan bo‘shatgan va qisqa muddat ichida bu yigit O‘zbekiston MXX xizmati tergov izolyatoriga tashlanib, Moliya vaziriga qarshi kompromatlar berishga majburlangan.

Shuningdek, bu maqolada MXX bosimi ostida qiynoqlarga solingan Sodiqovning MXX Xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i Hayot Sharifxo‘jayevga qarshi kompromat bergani, shundan so‘ng uni shaxsan prezident Karimov qabul qilgani ham da‘vo qilingan.

Anvar Maxatov uning 11 oydan beri bedarak qolayotgan kuyovi aynan yuqoridagi maqolalarda tilga olingan “Nurik” – Nurmuhammad Sodiqov ekanini tasdiqlash uchun Ozodlikka bir necha suratni taqdim qildi.

Uning iddaosicha, 3 farzandi – ikki qizi va bir o‘g‘li hamda rafiqasi bilan oilaviy tushgan suratdagi yigit aynan Nurmuhammad Sodiqovdir.

- Nurmuhammadni Toshkentda Gulnora Karimovaga qarashli istalgan idoraga bog‘lanib, aniqlashingiz mumkin. Shunday odam bor va u mening kuyovim, - deb da‘vo qildi Anvar Maxatov.

Ammo Ozodlik Maxatovning bu da‘vosini boshqa manbalar orqali tasdiqlashga hozircha muvaffaq bo‘lgani yo‘q. Ozodlik Maxatov taqdim qilgan suratlardagi yigitning aynan Gulnora Karimova idorasida ishlagan Nurmuhammad Sodiqov ekanini tasdiqlaydigan dalillarga ham ega emas.

Lekin, Maxatov iddaosining aynan shu kunlarda — Gulnora Karimovaga qarashli biznes imperiya qulab, prezident qizining o‘zi esa Twitter orqali O‘zbekiston MXXsiga qarshi kompromatlar sizdirish bilan ovora bo‘lib turgan vaqtda yangragani diqqatga sazovordir.

“Balki siz Gulnoraga qarshi sizdirilayotgan navbatdagi kompromat vositasi bo‘layotgandirsiz?” deyilgan savolga javoban Anvar Maxatov aniq-tiniq qilib shunday javob berdi:

- Nimaga aynan hozir? Chunki, keyingi kunlarda Gulnora Karimovaning televideniyelari yopilib, o‘zi qisuvga olinayotgani haqidagi xabarlarni saytlarda o‘qib o‘tirib, murojaat qilishga qaror qildim. Zora, bu murojaatimiz kimnidir qiziqtirib qolar va shu bahonada bu jinoiy guruhni javobgarlikka tortib, adolatga erisharmiz, - dedi Anvar Maxatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Nurmuhammadning qayerda ekani yaqinlariga qorong‘u qolayotganidan tashqari Toshkentdagi keksa ota-onasi va singlisining hayoti ham havf ostida ekani, kuyovini o‘g‘irlab ketgan guruhlarning doimiy boisi va kuzatuvi bois O‘zbekistonni tark eta olmayotganini ham qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG