Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:40

Nargiza Zokirova "Golos"ning so‘nggi bosqichiga o‘tdi


Sochi qirilgan, boz ustiga, qariyb butun tanasiga tatuirovka chizdirgan Nargiza Zokirova bu gal yalang oyoqdagi ijrosi bilan "Golos" loyihasi tomoshabinlarini lol qoldirdi. Anna Aleksandrova bilan qoyilmaqom duet ijrosidan so‘ng qo‘shiqchi loyihaning uchinchi bosqichiga o‘tdi.

Rossiyaning "Perviy" telekanalida 8 noyabr kuni yakuniga yetgan “Golos” teleloyihasining ikkinchi faslida Nargiza Zokirova tovoniga tushar tim qora jubbada yalangoyoq ijro etgan qo‘shig‘i bilan hay‘at olqishini qozondi.

Leonid Agutin guruhini tanlagan va bu guruhdagi yana bir go‘zal ovoz sohibi Anna Aleksandrova bilan duet ijro etgan Nargiza "Golos" loyihasining uchinchi bosqichiga o‘tdi.



15 noyabrdan boshlab "Golos" teleshousining uchinchi bosqichi ishtirokchilari o‘rtasida keskin kurash boshlanadi va so‘ngida tomoshabinlar bergan ovozlar orqali loyiha g‘olibi tanlanadi.

Rus matbuoti Nargiza Zokirovani ehtimoliy g‘oliblardan biri sifatida tilga olmoqda.

Shu kunga qadar o‘zbek matbuotiga intervyu bermay kelayotgan o‘zbekistonlik xonanda bu gal Rossiyaning "Perviy" telekanaliga intervьyu berdi.

"Golos" loyihasi ikkinchi bosqichida rus kompozitori Vladimir Presnyakovning "Zamok iz dojdya" qo‘shig‘ini ijro etgan Nargiza bu lirik qo‘shiq uning uchun ijro uslubi o‘laroq yangi tajriba bo‘lganini aytdi.

“Nyu Yorkdagi klublarda ishlab yurgan kezlarimda ko‘p bor o‘zimga yaqin bo‘lmagan qo‘shiqlarni kuylashga to‘g‘ri kelgan. Shu bois sahnada chiqish bo‘yicha kattagina tajriba orttirganman. Volodya yozgan qo‘shiq menga yoqmaydi, demayman. Lekin avvaliga uni qanday ijro etishni bilmadim. Ammo keyinchalik bu qo‘shiqni ijro etish qiziqarli tuyula boshladi, oxir-oqibat, unda o‘zimni topdim va kuyladim” , dedi Nargiza Zokirova "Perviy" telekanali jurnalisti bilan suhbatda.

Shuningdek, suhbat davomida Nargiza ikki yil muqaddam ham Rossiya sahnasini zabt etishga uringani, ammo muvaffaq bo‘lmaganini aytdi.

Xonanda so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kezda rossiyalik prodyuserlar rus shou-biznesi olamiga kirish uchun ovozning o‘zigina emas, balki katta miqdorda pul ham kerakligini tushuntirishgan.

Endilikda esa u Rossiya sahnasiga yo‘llanma olganini komili ishonch bilan ta‘kidladi.

“Ochiq aytadigan bo‘lsam, hozir bo‘sh vaqtim umuman yo‘q, intervyu, fotosessiya, yana intervьyu... Lekin hozir menda direktor paydo bo‘ldi va ishim ancha yengilladi, u menga yordam berayapti va ishimga to‘g‘ri yo‘nalish berayapti”, dedi rus matbuotiga so‘zlagan Nargiza.

Intervьyu mazmunidan AQShdan Moskvaga borgan xonandaning "Golos" loyihasida ishtirok etishdan ko‘zlagan maqsadiga hozirdanoq erishgani ko‘rinadi.

Nargizaning ikki yil muqaddam unga ochilmagan eshiklarni ochish uchun qattiq tayyorgarlik ko‘rganini loyiha boshlovchisi Dmitriy Nagiyev ham ilk chiqishdayoq e‘tirof etgandi.

Uning kabi farqli qiyofadagi ishtirokchining yo‘qligiga alohida urg‘u bergan Nagiyev: “Sizning qiyofangiz darhol e‘tiborimni tortgan edi, ammo ovozingizni ham eshitgach: “Bu xonandani kuzatish kerak”, degan fikrga keldim”, degan edi loyihaning ilk bosqichida.

Ilk bosqichda Nargiza afsonaviy “Scorpions” guruhining “Still Loving You” qo‘shig‘ini etdi va tomoshabinlar, shu jumladan, hay‘at a‘zolarini ham favqulodda kuchli ovozi bilan qoyil qoldirdi.

Shu tariqa, sochni tubidan qirdirgan, butun a‘zoi badanini turli shaklu-shamoyillaridagi tatiurovkalar bilan qoplagan va ayni qiyofasida rock musiqa san‘atining – pop rock, folk rock va heavy metal yo‘nalishiga xos uslublarni bir qolipga solishga uringan xonanda “Golos” loyihasining so‘nggi bosqichiga yo‘llanma oldi.

Nargiza Zokirova bunga qadar Nyu York shahridagi klublarda qo‘shiq kuylagan va ijodi davomida bir qancha yo‘nalishlarda imkonini sinab ko‘rgan.

Misol uchun, uning AQShda chiqargan ilk alьbomi 2001 yilda yozilgan etno uslubidagi “Oltin qafas” nomli albom edi.

Bundan so‘ng klublarda qo‘shiq kuylab yurgan xonandaning favqulodda kuchli ovozini payqagan mahalliy prodyusserlar uni turli guruhlar tarkibida birga ishlashga taklif qila boshladilar.

O‘sha kezda Nargiza avvaliga pop, keyin esa pop rock va oxir-oqibat, hard rock, heavy metal uslublarida ham qo‘shiqlar ijro etgan.

Misol uchun, rock guruhlaridan biri tarkibida heavy metal uslubida ijro etgan “The Evil One” qo‘shig‘i dunyoning sobiq birinchi raqamli terrorchisi Usama Bin Ladinning qo‘lga olinishiga bag‘ishlangan.

Asta-sekin tajriba va muxlis orttirgan Nargiza yakkaxon qo‘shiqchilik uslubiga o‘tdi.

Xonanda katta sahnaga chiqishga bir necha bor uringan. Ikki yil muqaddam Rossiyadagi muvaffaqiyatsiz urinishlaridan so‘ng uning 2013 yilda AQShning mashhur X-Factor teleshousida ham ishtirok etgani aytiladi.

Shouning uch bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgach, final bosqichi uchun yo‘llanma – “oltin chipta”ni qo‘lga kiritgan Nargiza tanlovning so‘ngiga qadar bormagan va “Golos” loyihasida ishtirok etish uchun Rossiyaga borgan.

Asli o‘zbekistonlik xonanda 1971 yilda Toshkentda tug‘ilgan va u o‘zbekistonlik mashhur san‘atkorlar – Zokirovlar oilasiga mansubdir.

Onasi – Luiza Zokirova 1960-70 yillarda sobiq ittifoqda tanilgan estrada xonandasi bo‘lgan. Otasi – Po‘lat Morduxayev qayin ukasi Botir Zokirov ansamblida ijrochi bo‘lgan.

Og‘ir xasta bo‘lgan otasi 2012 yilda vafot etishidan sal avval ham Nargiza 2012 yilgi “Golos” loyihasi kastingida ishtirok etish uchun Rossiyaga borgan va otasining vafoti bois ortga qaytgan edi.

Uni ilk bor 4 yasharligida sahnaga olib chiqqan ustozi aynan otasidir. O‘shanda u sobiq ittifoq hududidagi birinchi raqamli xonanda bo‘lgan Sofiya Rotaruning “Ya, ti, on, ona” qo‘shig‘ini kuylagan edi.

15 yoshida esa u “Unutma meni” qo‘shig‘i bilan sobiq ittifoq davridagi mashhur tele-shou – “Yurmala”-86 tanlovida ishtirok etib, tomoshabin olqishiga qozongan xonanda sovrinini olgan.

Ma‘lumoti bo‘yicha Nargiza Zokirova estrada xonandasidir. U Toshkentdagi Tsirk san‘ati o‘quv-ta‘lim muassasining Estarada bo‘limini tamomlagan.

1995 yilda ota-onasi bilan AQShga ko‘chib ketgan Nargiza ayni damda Nyu Yorkda turmush o‘rtog‘i Filip Balьzano va farzandlari bilan istiqomat qilmoqda.
XS
SM
MD
LG