Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:01

NYT: Karimovga vorislikka Bosh vazir va uning o‘rinbosari qoldi!


O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) va Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov.
O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev (o'ngda) va Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov.
O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga qarashli biznes imperiyasiga qarshi borayotgan amaliyotlarni sharhlagan New York Times gazetasi hozirgi jarayonlar xotimasini shunday baholadi. AQSh nashriga ko‘ra¸ Toshkentda bo‘layotgan voqealar otasining qahriga uchragan Gulnora Karimovaning vorislik iddaosi puchga chiqqanini anglatadi.

“Hozirga qadar ham Gulnora Karimova Markaziy Osiyodagi qashshoqlashib borayotgan bu mamlakatni boshqarayotgan o‘z otasi o‘rnini egallashga ko‘p ham loyiq ko‘rilmayotgan edi”¸ deb boshlanadi NYT gazetasi 20 noyabr kuni e‘lon qilgan maqola.

Ana shu juda zaif ehtimolni¸ amerikalik jurnalist nazarida¸ keyingi haftalar ichi Gulnora Karimovaning O‘zbekiston ichkarisidagi biznes imperiyasiga qarshi huquq tizimlari boshlagan harakatlar chippakka chiqarmay qolmagan.

Gollivud kinolaridagi kabi oilaviy dramaga aylanib borayotgan Gulnora Karimova atrofidagi mashmashalar¸ maqolada yozilishicha¸ O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlarning keyingi taqdirida aks etmay qolmaydi.

“O‘zbekiston Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p davlati¸ ammo bu mamlakatda risoladagiday tizimlar yo‘qligi bois zo‘ravonlik chiqishiga eltuvchi sabablar juda ko‘p. Hukmdor almashinuviga yaqinlashayotgan aksar avtoritar davlatlardagi kabi O‘zbekistonda ham vorislik masalasi hal bo‘lishining qon to‘kilishi¸ elita ichidagi xiyonat va hatto fuqaroviy notinchlikka aylanib ketishi tahdidi kuchli”¸ deb yozadi AQSh dagi nufuzli nashr.

“O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra¸ prezident o‘lsa¸ Senat raisi vaqtincha prezident vazifasini bajarishga o‘tishi kerak. Ammo sobiq sovet respublikalarining doim ham qonun normalariga amal qilmasliklari inobatga olinsa¸ xususan¸ Karimovlar oilasidagi ichki kurashga qaraladigan bo‘lsa¸ Karimov o‘lgan taqdirda Senat spikeriga haq berilishi rejada yo‘qligini ko‘rish mumkin”¸ deb davom etadi AQSh nashrida 20 noyabr kuni chop etilgan maqola.

“Bu o‘yinning asl holatini O‘zbekistondagi sanoqli odam biladi¸ xolos. Ammo Gulnora Karimova maqomining o‘zgargani oshkor”¸ deb iqtibos keltiradi gazeta amerikalik Markaziy osiyoshunos Skott Horton so‘zlarini.

“Gulnora Karimova vorislik musobaqasidan chiqarilgani inobatga olinsa¸ O‘zbekistonda Karimov vorisligiga ikkita asosiy nomzod qoldi – biri Bosh vazir (Shavkat Mirziyoev – tahr.) va uning birinchi o‘rinbosari (Rustam Azimov – tahr.). Ulardan qay biri “shoh” bo‘lishini esa¸ Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov belgilashga urinayotgan ko‘rinadi”¸ deyiladi maqolada.

Gulnora Karimova atrofidagi voqealarni kimlardir Islom Karimovning zaiflashuvi ifodasi deb talqin etayotgan bo‘lsa¸ ayrim boshqa tahlilchilar¸ oilaviy janjal Karimovning avvalgidan-da qudratliroq ekanidan dalolat ekanini aytmoqdalar¸ deb xulosa qiladi amerikalik muxbir.

“Aftidan¸ Karimov hech kimni Gulnoradan ko‘proq yaxshi ko‘rmaydi. Chunki u otasiga juda o‘xshaydi va juda aqlli. Ammo Karimov hatto eng yaxshi ko‘rganiga ham orqa o‘girishga qodirlardan bir va dunyoda bunaqalar kam emas”¸ deydi ota-qizning ikkalasi bilan ham uchrashgan G‘arb diplomatlaridan biri NYT muxbiriga.

Bu gap maqolaning so‘nggi jumlasi ekanidan¸ Islom Karimov o‘z hukmronligini uzaytirish maqsadida¸ kerak bo‘lsa¸ sevimli qizidan ham voz kechadigan hukmdorlar sirasiga kiradi¸ degan mantiq anglashiladi.
XS
SM
MD
LG