Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:51

Toshkentlik haydovchi tortib olingan mashinasini qaytarib ololmayapti


Toshkentlik Asqar Atamatov sud qarori bilan tortib olingan Nexia mashinasini ikki yildan buyon qaytarib ololmayapti. O‘tgan oy sud Asqarning mashinasini qaytarib berish haqida qaror chiqardi. Lekin, suddagilar mashina sotilib ketganini aytib, egasiga pul taklif etishmoqda.

Toshkentlik 22 yashar Asqar Atamatov 2011 yilda giyohvand modda iste‘mol qilgan holda mashinani boshqarganlikda gumonlanib, qo‘lga tushgan va Chilonzor tumani sudi qarori bilan uning Nexia rusumidagi mashinasi olib qo‘yilgan edi.

O‘tgan oy sud Atamatovning mashinasini qaytarib berish haqida qaror chiqardi. Lekin, sud vakillari mashina sotilib ketganini aytib, egasiga 22 million 840 ming so‘m pul taklif etishmoqda.

Asqar Atamatov Ozodlik bilan suhbatda bu pulga mashina sotib ololmasligini aytadi.

- Mashinam dyayerli yangi edi. Sudga borsam "mana ukam pulingni olgin-da ketavergin", deydi-da. Birinchidan, sudning qarori chiqmasidan turib, uni sotishga haqqi yo‘q edi. Bilsam, mashinam olib qo‘yilganidan ikki oy o‘tib sotuvga chiqarilgan va sotib yuborilgan ekan. Hozir menga 22 million 840 ming so‘m, ya‘ni 8 ming AQSh dollariga yaqin pulni taklif etishyapti, men bu pulga bozordan mashina ololmaymanku. Bozorda menikidaqa mashina 11 ming AQSh dollari turadi,- deydi Asqar.

Toshkentlik Atamatov mashinasini qaytarib olish uchun ikki yil yugurdi. O‘tgan oy Toshkent shahar Chilonzor tumani sudi mashina noqonuniy olib qo‘yilgan, egasiga qaytarib berilsin, degan qarorni chiqardi.

Chilonzor tumani sudidagilar mashina sotib yuborilganini tasdiqlashdi va mashina egasiga u pul shaklida qaytrib berilishini aytishdi.

- Bozor narxi degan narsa yo‘q, bizda. Davlat belgilagan narx bor. Shu pul egasiga qaytarib beriladi,- dedi Ozodlik bilan suhbatda Chilonzor tuman sudining ismini aytmagan xodimlaridan biri.

Lekin, Atamatov suddan yo mashinaning o‘zini yoki bo‘lmasa uning haqiqiy qiymatiga teng pulni talab etmoqda.

O‘zbekistonda qora bozordagi dollar qiymati real qiymat, deb ko‘riladi. Lekin, qonuniy hujjatlarda mashina narxi Markaziy bank belgilagan kurs bo‘yicha, ya‘ni 30 foizga kam narxda baholanmoqda.

- Mashinamning olib qo‘yilishi o‘zi noqoqnuniy bo‘lgan. Sudda ham mashinam noqonuniy olib qo‘yilgan, egasiga qaytarib berilsin degan qaror chiqdi. Endi bilsam, mashina sotilib ketgan ekan. Sotilib ketgan bo‘lsa menga shuni haqiqiy qiymatini berishlari kerak. Ular Markaziy bank kursi bo‘yicha hisoblashyapti, u kurs bo‘yicha mashina olib bo‘lmaydiku, - deydi Askar Atamatov.

Toshkentlik yurist Valeriy Belkovskiy musodara etilgan mashinalarni sud sotib yuborishga haqqi borligini aytadi.

- Sud qarori amalda bo‘lgan paytda musodara etilgan mashnalarni sud sotish huquqiga egadir. Bu holatda ham mashina sudning qarori amalda bo‘lgan paytda sotib yuborilgan. Qaror bekor qilinganidan keyin, unga shu mashinaning asl qiymatini qaytarib berishlari kerak. Lekin, O‘zbekistonda huquqiy hujjatlarda narxlar davlat kursi bo‘yicha hisoblanadi. Bozorda esa butunlay boshqacha vaziyat. Shu bois ko‘plab chalkashliklar, kelishmovchiliklar ko‘p bo‘ladi,- deydi Belkovskiy.

Hozirda O‘zbekiston valyuta “qora bozor”ida bir AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbati 2960 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa¸ Markaziy bank rasmiy kursi bo‘yicha u 2202 so‘mni tashkil etmoqa.

Xorij valyutalarining o‘zbek so‘miga nisbatan qadrini rasman Markaziy bank belgilaydi. Faqat davlat va sanoqli “tanlangan” savdo va ishlab chiqarish kompaniyalari oldi-berdisi uchun qo‘llaniladigan bu rasmiy kurs Markaziy bank tomonidan sun‘iy ushlab turiladi.

Buning jabrini esa oddiy fuqarolar tortmoqda.

- Men mashinamni asl qiymatini qaytarib berishlarini talab etib, kerak bo‘lsa Oliy sudga shikoyat qilaman,- deydi toshkentlik Asqar Atamatov.
XS
SM
MD
LG