Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 21:12

“Darakchi” tahririyatidagi taftish yana bir oyga cho‘zildi


O‘zbekistonda 11 dekabrdan buyon chop qilinmayotgan eng katta tirajli, ommabop, ko‘ngilochar “Darakchi” gazetasi jamoasiga tahririyat faoliyati ustidan taftish yana bir oyga cho‘zilishi ma‘lum qilindi. Ozodlik manbasiga ko‘ra, bir oy avval o‘z hisobidan ta‘tilga chiqarilgan gazeta xodimlariga ham 11 martga qadar ishga qayta olmasligi aytilgan.

Taftish yana bir oyga cho‘ziladi


Toshkentdagi “Darakchi” ijodiy uyi” mas‘uliyati cheklangan jamiyatida o‘tgan yilning 27 noyabrida boshlangan moliyaviy tekshirishlar 11 fevralgacha davom etadi.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan "Darakchi" xodimlaridan biriga ko‘ra, 11 yanvar kuni gazeta tahririyatida bo‘lib o‘tgan majlisda shu borada gapirilgan.

"11 yanvar kuni soat 11 da majlis bo‘lib o‘tdi. Majlisda gazetaning ochilishiga imkon boricha harakat qilingani, ammo tekshiruvlar yana bir oy davom etishi haqida aytildi", deya xabar qildi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan "Darakchi" xodimi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat Soliq qo‘mitasi va boshqa mutasaddi organ xodimlaridan iborat guruh “Darakchi” ijodiy uyi”ining 2000-2013 yillardagi moliyaviy faoliyatini taftish qilmoqda.

Ushbu taftish boshlanganidan ikki hafta o‘tib, "Darakchi" gazetasi va sayti yopilgani ortidan 500 ga yaqin xodim o‘z hisobidan 11 fevralgacha ta‘tilga jo‘natildi. Endilikda ta‘til yana bir oyga uzaytirilishi aytilgan.

"11 yanvarda majlisga borgan xodimlarning barchasi hech bo‘lmasa oylik maoshimni olib qaytsam, degan umidda bordi. Ammo hamma yana oylik maosh saqlanmagan holda ikkinchi bor o‘z hisobidan ta‘tilga chiqarildi. Prokuratura hali yana tekshirar ekan. 11 martgacha o‘z hisobimizdan ta‘til berishdi", deydi "Darakchi" gazetasining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan xodimi.

Darakchi o‘rniga Pressnews


“Darakchi” gazetasining Internet nashri – Darakchi.uz sayti o‘rnida 23 dekabr kuni Pressnews.uz nomi ostida yangi internet nashri ish boshladi.

Yangi sayt ko‘rinishi jihatidan Darakchi.uz saytidan ozgina o‘zgacha ko‘rinishda bo‘lsada, undagi maqolalarning mazmuni va yozilish uslubi “Darakchi” bilan ayni ko‘rinishda.

Hozircha na Pressnews.uz saytida, na mahalliy matbuotda ushbu saytning kimga qarashli ekani va uning aynan Darakchi.uz o‘rnini egallagani sabablari ochiqlanmadi.

Pressnews.uz saytida biror manzil yoki aloqaga chiqish mumkin bo‘lgan biror telefon raqami e‘lon qilinmagan.

“Darakchi” xodimlariga ko‘ra, Darakchi.uz nomi Pressnews.uzga o‘zgartirilmagan.

"Bizning xodimlarning barchasi ta‘tilda. U saytni kim yuritayotganidan xabarimiz yo‘q", dedi "Darakchi" xodimi.

“Darakchi” egasi qayerda?


“Darakchi” gazetasi taniqli tadbirkor Firdavs Abduholiqov tomonidan 1992 yilda tashkil qilingan bo‘lib¸ qisqa muddatda mamlakatdagi eng ommabop gazetaga aylandi.

Gazeta yopilganidan buyon Firdavs Abduholiqovning qayerda ekani noma‘lum qolmoqda.

Vesti.uz gazetasi Abduholiqovning tergov qilinayotgani, Uznews.net esa uning qamoqda ekani haqida yozdi.

Fergana.ru nashri esa Firdavs Abduholiqov o‘z qarindoshlari bilan birgalikda taftishlar boshlanishi bilanoq O‘zbekistonni tark qilgani borasidagi taxminni ilgari surdi.

“Darakchi” bilan bog‘liq vaziyatdan yaxshi xabardor Ozodlik manbasiga ko‘ra, Firdavs Abduholiqov oilasi, singlisi va opasi bilan birgalikda Germaniyada yashamoqda.

Ayni paytda Ozodlik ushbu xabarni boshqa manbalar orqali tasdiqlatish imkoniga ega bo‘lmadi.

“Darakchi” yopilishidan avval Abduholiqovga tegishli Samarqanddagi STV telekanalining ham faoliyati tugatildi.

STV Gulnora Karimovaga mansubligi aytiladigan bir qator telekanallar efirdan olinishi ortidan 31 oktyabrda yopib qo‘yilgan edi.

Mamlakat media bozorida o‘ziga xos nufuz va o‘ringa ega bo‘lgan “Darakchi” ijod uyi boshidagi “qora bulut”lar Gulnora Karimova hamda uning izdoshlari, xususan, mediamagnat Firdavs Abduholiqovga nisbatan olib borilayotgan siyosat mahsuli sifatida ko‘riladi.

Firdavs Abduholiqov o‘zbekistonlik yirik mediamagnat sifatida har doim matbuot diqqatida turgan figuralardan biri bo‘lgan.

U 1992-1995 yillarda O‘zbekistonda ilk nodavlat telekanal va gazeta ochish bilan birga 2004 yildan buyon mamlakatdagi 60 dan ortiq axborot vositasini birlashtirgan "O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi"ga rahbarlik qilib keladi.
XS
SM
MD
LG