Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:36

Yakkabog‘lik aka-uka Prokuror ustidan arz qilgani uchun jarimaga tortildi


Qashqadaryo viloyati, Jinoyat ishlar bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi shu tumanlik inson huquqlari faoli Jamoliddin Ortiqov va uning ukasini tuman prokurori ustidan arz qilgani uchun jarimaga tortdi.

Aka-ukalar o‘tgan yilning sentyabrida jiyanini paxtadan olib qolgani uchun ularning “Neksiya” avtomobilini tuman prokurori tortib olgan, prokurorning bu harakatini g‘ayriqonuniy, deb bilgan ortiqovlar O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga arz qilgan edi.

Qashqadaryo viloyati, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudi O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyati faoli, Madaniyat qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Jamoliddin Ortiqov va uning ukasi Sanjarga eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarima solish haqida 12 fevral kuni qaror chiqardi.

Bu qarordan norozi bo‘lgan Jamoliddin Ortiqovning Ozodlikka aytishicha, ular prokuratura ustidan shikoyat qilib, oxir-oqibat o‘zlari aybdor bo‘lib qolgan:

- O‘tgan yil kollejning birinchi kurs o‘quvchisi, jiyanim Mehrinisso Ziyodullayevani majburiy paxta terimidan olib qolgan edim. Keyin menga jazo sifatida prokurorning topshirig‘i bilan bizni “Neksiya” mashinamizni avtomoykadan DAN xodimlari olib ketishgan edi. Biz shundan keyin Bosh prokuraturaning ishonch telefoniga sim qoqib, prokurorning ustidan da‘vo qilgandik. Keyin shu ish bo‘yicha viloyat prokuraturasi tergov o‘tkazdi, deydi Jamoliddin Ortiqov.

Inson huquqlari faolining aytishicha, viloyat prokuraturasi tekshiruvida bularning da‘volari go‘yoki isbotini topmagan va shikoyat qilgani uchun ularning o‘zlari aybdor bo‘lib qolgan:

- Sud bizga “tuman prokurorining ustidan yozgan arizalaring tasdig‘ini topmadi va prokurorga nisbatan tuhmat uyushtirganlaring uchun sizlar O‘zbekiston Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 40-moddasiga binoan eng kam ish haqining 2 baravari, ya‘ni 182 ming so‘mdan jarimaga tortilasizlar”, degan qaror chiqardi. Haqsizlikdan davo istab, oqibatda o‘zimiz aybdor bo‘lib qoldik, dedi inson huquqlari faoli.

Jamoliddin Ortiqovning iddao qilishicha, jiyanini paxta terimiga chiqarmagani uchun, tuman prokurorining buyrug‘i bilan uning “Neksiya” avtomashinasi 53 kun g‘ayriqonuniy ushlab turilgan va uning jiyani Bahriddin nomiga g‘ayriqonuniy protokol tuzilib, u ham jarimaga tortilgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudi sudьyasi Yashin Omonov Ozodlik savollariga javob berar ekan, Jamoliddin Ortiqovning sudga tortilishi viloyat prokuraturasining yo‘riqnomasi bilan o‘tkazilganini aytdi:

- Ularning yozgan arizalarini viloyat prokuraturasi ko‘rib chiqqan va arizadagi vajlar tasdig‘ini topmagan. Ular kimni ko‘rsatgan bo‘lsa hammasi chaqirib so‘roq qilingan. Ular boshqa shaxsning sha‘nini toptovchi ma‘lumotlarni yozganiga ma‘muriy tartibda chora ko‘rish uchun bu ish viloyat prokuraturasidan bizga yuborilgan. Agar ularning vajlari tasdig‘ini topganda prokurorning ustidan chora ko‘rish mumkin edi, dedi sudьya Yashin Omonov.

Yakkabog‘ shahrida avtomobilga xizmat ko‘rsatish shoxobchasini ijaraga olib ishlagan Jamoliddin Ortiqov bir vaqtlar ushbu tumandan turib, mahalliy va xalqaro axborot vositalarida chiqish qilgan marhum mustaqil jurnalist Asadullo Ortiqovning 4 o‘g‘lidan biridir.

Asadullo Ortiqov 2005 yilda og‘ir xastalikdan so‘ng olamdan o‘tgan.

U kishi 1997-2005 yillar oralig‘ida Qashqadaryo viloyatidagi ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy muammolar tilga olingan keskin tanqidiy chiqishlari bilan xorijiy axborot vositalari, xususan, Ozodlik dasturlarida ham ishtirok etgan.
XS
SM
MD
LG