Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:15

Toshkentda Gulnora Karimovaning uyi tintildi


O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi xonadonidan kecha tutib ketilgan Gayane Avakyan (o‘ngda) Gulnora Karimovaning (chapda) xos yordamchisidir.
O‘zbekiston prezidenti to‘ng‘ich qizi xonadonidan kecha tutib ketilgan Gayane Avakyan (o‘ngda) Gulnora Karimovaning (chapda) xos yordamchisidir.
O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Toshkentdagi kvartirasida kecha oqshom tintuv o‘tkazilgan, kvartirada bo‘lgan 10 chog‘li odam, shu jumladan, yosh bolalar qo‘lga olingan. Bu haqda Russia Today sayti Gulnora Karimovaning yaqin tanishi bo‘lgan rossiyalik jurnalist Anton Korobkov-Zemlyanskiy so‘zlariga tayangan holda xabar tarqatdi.

Jurnalistning aytishicha, kecha qo‘lga olish guruhi Gulnora Karimova istiqomat qiladigan uy tomidan yettinchi qavat balkoniga tushib, kvartiraga bostirib kirgan. Bu paytda xonadonda Gulnora Karimovaning o‘zi, qizi Imon Karimova, uning fuqaroviy eri Rustam Madumarov, shuningdek, Gulnoraning yaqinlari bo‘lgan Gayane Avakyan, qo‘lida 1,5 yoshli qizchasi bo‘lgan Yekaterina Klyuyeva hamda xizmatkorlar bo‘lgan.

Ozodlik bilan qisqa telefon suhbatida, Anton Korobkov bu xabarlarni yana bir bor tasdiqladi.

Gulnora Karimova kvartirasida tintuv o‘tkazgan kishilar bu yerda hozir bo‘lganlarning mobil telefonlari va kompьyuterlarini olib qo‘yganlar, ushlanganlarni esa hech qanaqa ayblov e‘lon qilmay olib ketganlar. Gulnora Karimovaning rossiyalik jurnalistga aytishicha, tintuvga shaxsan O‘zbekiston prezidenti xavfsizlik xizmatining boshlig‘i, general Muidjon Tohiriy rahbarlik qilgan.

Tvitter mikroblogida bu voqea haqda yozgan @Persona887788 akkaunti egasi esa “Gulnorani MXX generali, Tatyana Karimovaning yaqin kishisi bo‘lgan Tohiriy urdi” deya tvitladi.



Bu manbaning yozishicha, mazkur kvartirada MXXdagi asosiy shaxslar haqidagi hujjatlar saqlangan.

@Persona887788 akkaunti egasi Tvitterda tintuv qog‘ozini ham ilova qilgan. Toshkent shahar prokurori birinchi o‘rinbosari M.A.Mirzayev tomonidan imzolangan Tintuv o‘tkazish haqida qarorda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani “9-a” uy 11-xonadonida tintuv o‘tkazish “Terra Group” MJChning buxgalterlik hujjatlari mavjud bo‘lishi mumkinligini nazarda tutib” amalga oshirilishi lozimligi qayd etilgan.

Tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi orderda xonadon kimga tegishli ekani aniqlashtirilmagan, lekin tivtdan uning Gulnora Karimovga qarashli ekanini tushunish mumkin.

@Persona887788 akkaunti egasi Tvitterda tintuv qog‘ozini ham ilova qilgan.
@Persona887788 akkaunti egasi Tvitterda tintuv qog‘ozini ham ilova qilgan.
Korobkov-Zemlyanskiyga ko‘ra, tintuv chog‘ida Gulnora Karimovaning qizi Imon o‘zini yomon his qila boshlagan va “tez yordam” Gulnora va qizini Toshkentdagi kasalxonalardan biriga yetkazgan. Gulnora sodir bo‘lgan voqealar haqida shu yerdan turib xabar bergan.

Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston Bosh prokuraturasi saytida Gulnora Karimovaga qarashli bo‘lgan “Terra Group”, “Prime Media”va “Gamma Promotion” shirkatlari mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyati ishi doirasida uch kishi ushlangani, Rustam Madumarov, Gayane Avakyan va Yekaterina Klyuyevalarni O‘zbekiston jinoyat-protsessual kodeksining 261-264 moddalariga binoan majburiy olib kelish amalga oshirilgani xabar qilingandi.

Prokuratura xabarida jinoyat ishi 184-modda 3-qismi (Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) va 178-modda 2-qismi (Chet el valyutasini yashirish) va boshqa ayblovlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgani aytilgan, biroq kecha tutib ketilgan kishilarning qay biri konkret qaysi jinoyatda ayblanayotganiga prokuratura aniqlik kiritmagan.
XS
SM
MD
LG