Линклар

Шошилинч хабар
09 сентябр 2024, Тошкент вақти: 23:33

UzMobile 2015 yildan Toshkentda GSM xizmatini boshlashni rejalamoqda


"O‘zbektelekom" aktsiyadorlik kompaniyasi qoshida ochilgan ilk milliy aloqa operatori - UzMobile 2015 yil boshidan Toshkent shahri va viloyatida GSM standartida xizmat ko‘rsatishni boshlashga hozirlik ko‘rmoqda. 19 mart kuni Vazirlar Mahkamasi yangi mobil operatorini quvvatlash uchun davlat bojidan 5 yilga ozod qilish haqidagi qarorini e‘lon qildi. UzMobile operatori yangi xizmat turini sobiq MTS chastotalari bazasida amalga oshirishi aytilgan.

O‘zbekiston prezidentining 12 fevral kungi qarori ostida milliy mobil aloqa operatoriga aylantirilgan UzMobile shirkati 2015 yil boshidan Toshkent shahri va viloyati hududida GSM standartida xizmat ko‘rsatishni boshlashni rejalamoqda.

Hozir CDMA-450 standartida xizmat ko‘rsatayotgan mobil aloqa shirkatining Toshkent shahridagi bo‘linmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, poytaxt va unga tutash Toshkent viloyat tumanlarida podstantsiyalarni qurish jarayoni boshlangan.

"Shu yil oxiriga qadar Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida GSM standartiga o‘tishga tayyorgarlik ketayapti. Lekin, konkret qaysi datadan boshlanishi hozir aniqmas", dedi UzMobile shirkati vakili muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

Bunga qadar ushbu shirkatning sobiq "O‘zdunrobita" (Rossiyadagi MTS shirkatining O‘zbekistondagi filiali) foydalanib kelgan chastotalar bazasida 2017 yildan boshlab GSM standartida xizmat ko‘rsatishni rejalayotgani xabar qilingan edi.

Ammo shirkatning Sirdaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlari va Toshkent bo‘limlaridan 24 fevral kuni olingan ma‘lumotga qaraganda, milliy aloqa operatori rahbarlari GSM xizmatiga ertaroq o‘tishni rejalamoqdalar.

"2015 yildan Sirdaryoda stantsiyalarni qurish boshlanadi. 2016 yil boshidan bizda ham GSM standartiga o‘tiladi, degan gap bor", dedi, jumladan, UzMobile shirkatining Sirdaryo bo‘limidagi texnik ta‘minot xizmatiga mas‘ul xodim.

Ayni masalada shirkatning Navoiy va Samarqand viloyatlariga mas‘ul mutasaddilaridan ham shu mazmunda javob olindi.

Biroz muqaddam milliy mobil aloqa operatorining 2014 yil ichida 1 ming 20 ta tayanch stantsiyasi, 500 komplekt radiorele jihozi, 2 million raqamga mo‘ljallangan kommutatsion stantsiya va billing tizimini o‘rnatish orqali Toshkent shahrini mobil aloqa tarmog‘i bilan qoplashni ko‘zlayotgani rasman xabar qilingan edi.

Shuningdek, 2015 yilda milliy operator tarmog‘i bilan barcha viloyat markazlari, 2017 yili esa qolgan aholi punktlarini qoplash rejalangani aytilgan.

UzMobile shirkati mutasaddilaridan bugun olingan ma‘lumotga ko‘ra, garchi rasman oshkor qilinmatgan bo‘lsa-da, hozir barpo etishga kirishilgan texnik bazani ko‘proq GSM standartidagi aloqa xizmatiga mo‘ljallamoqdalar.

Yangi standartdagi aloqa xizmatida sobiq MTS-O‘zbekiston foydalangan chastotalar bazasidan foydalanishini tasdiqlagan UzMobile mutasaddilari MTSning respublika bo‘ylab ishlaymay turgan texnik bazasining ham milliy aloqa operatoriga olib berilishi ehtimoli haqidagi norasmiy ma‘lumotlarni qat‘iyan inkor qildilar.

"MTSning stantsiyalari mutlaqo boshqa texnik baza. Uning bizga aloqasi yo‘q. Bizda o‘zimizning stantsiyalar quriladi", dedi shirkatning ismini oshkor qilmayotganimiz mutasaddisi.

2012 yilning iyulida MTS faoliyati to‘xtatilishi oqibatida mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatori bo‘lgan "O‘zdunrobita"ning 10 millionga yaqin mijozi bir kunda aloqasiz qolgan edi.

Rasmiy Toshkent “O‘zdunrobita”ni qator iqtisodiy jinoyatlarda ayblab, litsenziyasini qaytarib olgan hamda shirkatni 600 million AQSh dollaridan ziyod moddiy zarar keltirganlikda ayblagan.

Shirkat 2013 yil boshida bankrot deb e‘lon qilingan, uning mol-mulkini sotish bo‘yicha o‘tkazilgan ikkita kimoshdi savdosi esa "potentsial xaridorlardan ariza kelib tushmagani sabab" natijasiz tugagani rasman ma‘lum qilingan edi.

2013 yilning dekabrida Toshkent mahkamasi qarori ostida “O‘zdunrobita” shirkatining barcha mol-mulki ekspluatatsiya qilmaslik sharti bilan “O‘zbektelekom” milliy aloqa operatori balansiga o‘tkazilgani xabar qilingan edi.

O‘z navbatida Toshkent hukumatini O‘zbekistondagi mo‘may daromad keltiradigan bizneslarni tortib olishga urinishda ayblagan MTS shirkati Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markaz (ICSID)ga shikoyat qilgan.

Ayni paytda, Vazirlar Mahkamasi 19 mart kuni e‘lon qilgan qarori bilan 2018 yil 1 yanvarigacha “O‘zbektelekom” hissadorlik shirkatini UzMobile uchun mamlakatga olib kirilajak texnologik uskunalarga boj to‘lovidan ozod qildi.

Bundan tashqari, milliy operator uyali aloqa xizmati ko‘rsatish huquqini beradigan litsenziya uchun davlat boji va radiochastota spektridan foydalanish to‘lovini to‘lashdan ham besh yilga ozod etildi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 19 million kishi uyali aloqadan foydalanadi. Bu mijozlarga Beeline va Ucell GSM-operatorlari hamda Uzmobile va Perfectum Mobile CDMA-operatorlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG