Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:46

Farg‘ona shahar qurilishiga tadbirkorlar majburlanmoqda


Farg‘onalik tadbirkorlardan ishxonasiga yaqin joylarni o‘z hisobidan mana shunday maysazorga aylantirish talab qilinmoqda.
Farg‘onalik tadbirkorlardan ishxonasiga yaqin joylarni o‘z hisobidan mana shunday maysazorga aylantirish talab qilinmoqda.

Farg‘ona viloyati tadbirkorlari shahar qurilishiga mablag‘ o‘tkazishga majbur qilinmoqda. Ozodlik manbalarining aytishlaricha, xususiy do‘konlar va avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari egalariga favvoralar qurish va gul ekish vazifasi yuklatilgan.

Farg‘ona shahridagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini moliyalashtirishga tadbirkorlar majburlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka shikoyat qilgan farg‘onalik tadbirkorlardan biri yozdi:

“Farg‘ona shahrida bo‘layotgan qurilishlarga viloyat bo‘ylab tadbirkorlarning pul o‘tkazishi talab qilinyapti. Masalan, shahar atrofidagi favvoralarni qurish xususiy zapravkalari bor firmalar rahbarlariga, hududlarni maysazor qilish va gullar o‘stirish majburiyati esa magazin yoki oshxona ochgan tadbirkorlar zimmasiga yuklatilyapti”, deb yozadi farg‘onalik tadbirkorlardan biri.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan farg‘onalik boshqa bir tadbirkor buning sababi Farg‘ona shahrini qayta qurish uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘ yetmay qolganligida deb biladi:

- O‘tgan yildan boshlab tadbirkorlar yig‘ilishlarga chaqirilib, qurilishlarga yordam berishga majburlanmoqda. Mening fikrimcha, byudjet pulini allaqachon “o‘zlashtirib” bo‘lishgan va uning hisobini endi bizdan chiqarishmoqchi. Men ham o‘z firmamdan shu paytgacha 7 million so‘mdan ortiq pul o‘tkazdim,- dedi tadbirkor.

Farg‘ona shahrini qayta qurish uchun tadbirkorlarni mablag‘ o‘tkazishga majburlash viloyatning boshqa tumanlarida ham kuzatilyapti.

Bu haqda Ozodlikka rishtonlik tadbirkorlardan biri gapirib berdi:

- Hozir Farg‘ona shahar qurilishiga tadbirkorlardan pul olishyapti. Bular pul ajratishning hech kimga gap tegmaydigan, beozor yo‘lini topishgan. Ya‘ni bu pullar go‘yoki obodonlashtirish uchun ajratiladi,- dedi rishtonlik tadbirkor.

Farg‘ona viloyatidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish xususiy shoxobchalaridan birining boshlig‘i ham, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, obodonlashtirish uchun pul yig‘ishlar juda ham ko‘p bo‘layotganini aytdi:

- Jonga ham tegib ketdiku bular. Unga pul ber, bunga pul ber deyishaveradi. Hech qayerda yozilmagan qonunlarni ro‘kach qilishadi. Faqat og‘zaki buyruq. Bajarmasdan ilojimiz yo‘q, bo‘lmasa tekshir-tekshirga tushishimiz aniq,- dedi yonilg‘i quyish shoxobchasi boshlig‘i.

Farg‘ona shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda tadbirkorlardan majburan pul undirilayotgani haqidagi iddaolarni inkor qildi:

- Shahar qurilishi uchun O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan yetarli miqdorda mablag‘ ajratilgan. Qurilishlar genplan asosida olib borilyapti. Hech qaysi tadbirkorga pul ber deb aytilmagan. Agar biror tadbirkorga o‘zingni do‘koningni atrofini obod qilib qo‘y degan bo‘lsak, bu u pul o‘tkazishga majburlandi degani emas,- dedi mulozim.

O‘zbekistonda mahalliy hokimlarning og‘zaki buyruqlari bilan tadbirkorlardan qurilishlarga, turli xil tadbirlarga pul o‘tkazishga majburlaniishi odatiy holga aylangan.

Namangan shahrida joriy yilning 28 may kuni bo‘ladigan "Barkamol avlod" sport musobaqasi ochilish marosimiga mahalliy tadbirkorlar va byudjet tashkilotlari ishchilaridan pul yig‘ilayotgani xabar qilingan.

O‘tgan yili Namangan viloyat hokimi shahardagi “Navbahor” stadioni qurilishi uchun tadbirkorlarga o‘lpon solgan edi.

O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlarida 2014-Yangi yil tadbirlarini o‘tkazish xarajatlari ham tadbirkorlar zimmasiga yuklangan edi.
XS
SM
MD
LG