Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:53

Rossiyada o‘zbek qochqinlariga bosim kuchaydi


7 may kuni o‘g‘irlangan Jonqulov Akmal.
7 may kuni o‘g‘irlangan Jonqulov Akmal.

Strasburg sudi 2012 yildan buyon Rossiya hibsxonasida ekstraditsiya qilinishi xavfi qolayotgan to‘rt nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojirini O‘zbekistonga berib yubormaslik to‘g‘risida qaror chiqardi. 7 may kuni Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sud rasmiy saytida e‘lon qilingan hujjatda “Xizb-ut Tahrir” tashkilotiga aloqadorlikda gumonlanayotgan namanganlik yigitlarning O‘zbekistonga ekstraditsiyasi Inson haqlari Konventsiyasining 3-moddasiga zid ekani ta‘kidlandi. Ayni paytda, Rossiyada o‘g‘irlab ketilayotgan o‘zbekistonliklar soni ko‘paymoqda.

Strasburg o‘zbeklar deportatsiyasini to‘xtatdi


7 may kuni Inson haqlari bo‘yicha Strasburg sudi Rossiyadan ekstraditsiya qilinishi kutilayotgan Nizomov Avazbek, Muhammadxo‘jayev Rahmatulloh, Jalolboyev Olim, Jalolboyev Hakimjonlar shikoyatini qondirganini e‘lon qildi.

Qariyb 2 yildan buyon “hizbchilik”da gumonlanib, Moskva hibsxonalarida yotgan o‘zbek muhojirlari 2013 yilning 28 martida Moskvaning Babushkino tuman sudi ularni “migratsiya qonunchiligini buzganlikda” ayblab, Rossiyadan chiqarib yuborish to‘g‘risida qarori ustidan shikoyat qilgan edi.

“Gap shundaki, - deydi Ozodlikka tafsilotlarni gapirgan advokat Roza Magomedova, - bundan avval Rossiya Bosh prokuraturasi ularga nisbatan ekstraditsiya tekshiruvini o‘tkazib, ularni O‘zbekistonga berib yuborish Rossiya qonunchiligiga zid ekani to‘g‘risida qaror chiqargan edi.”
Nizomov Avazbek.
Nizomov Avazbek.
- Kecha Evropa sudi rasmiy saytida paydo bo‘lgan xabarnomada sud tomonidan Rossiya Federatsiyasiga Nizomov va boshqalarni berib yuborish Inson huquqlari xalqaro Konventsiyasining uchinchi, ya‘ni “qiynoqqa tutish” moddasiga zid kelishini ko‘rsatib o‘tdi. Lekin sud Rossiyadan har bir arzchiga biz so‘ragan 15 ming yevro jarima undirib berish to‘g‘risida talabimizni qo‘llamadi. U muhim ham emas. Asosiysi – Inson huquqlari bo‘yicha oliy sud o‘zbekistonlik bu yigitlar o‘z yurtiga berib yuborilsa, qiynoq-azoblarga solinishi va nohaq ayblovlar bilan uzoq muddatlarga qamalib ketishi aniqligi e‘tirof etildi,- deydi advokat Roza Magomedova.

Himoyachi marhuma Yelena Ryabininaning “Boshpana olish huquqi” loyihasiga kiritilgan namanganlik muhojirlar hozirda migratsiya qonunchiligini buzganlar saqlanuvchi deportatsiya lageri – xorijlik fuqarolarni saqlash markazida qolayotganini qo‘shimcha qildi.
Jalolboyev Hakim.
Jalolboyev Hakim.
2012 yilning 15 noyabrida Moskvaning “Vnukovo” aeroportida O‘zbekiston so‘rovi bilan samolyotdan tushirib qoldirilgan 1992 yilda tug‘ilgan Nizomov Avazbek, 1989 yilda tug‘ilgan Muhammadxo‘jayev Rahmatulloh, 1979 yilda tug‘ilgan Jalolboyev Olim, 1983 yilda tug‘ilgan Jalolboyev Hakimjonlar Namangan Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan diniy ekstremizm, turli diniy tashkilotlarda a‘zolikda, separatizm va noqonuniy diniy adabiyotni tarqatishda ayblanib qidiruvga berilgani xabar qilingan edi.

O‘zbekistondan Rossiya politsiyasiga yuborilgan jinoiy ish materiallarida Kaliningraddan yurtiga qaytayotgan bu yigitlar “xalqaro jihodchi" tashkilotlarga “baytulmol” yig‘ib berish bilan shug‘ullangani aytilgan. Toshkentdan kelgan talabnomada Nizomov va uning sheriklari Turkiston Islom harakatiga a‘zolikda ham ayblanayotgani bildirilgani ma‘lum.

Ayblanuvchilarning taqdirini kuzatib borayotgan Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, namanganlik ustalar guruh bo‘lib, Rossiyaning Kaliningrad viloyatida bir yilcha ishlab, Moskva orqali tranzit yo‘li bilan o‘z yurtiga qaytayotgan bo‘lgan.

Himoyachilar bu yigitlar, hatto namoz o‘qimasligi va hech qanday noqonuniy diniy faoliyatga aloqador emasligiga ishonishini gapirmoqda.

2012 yilning 7 dekabr kuni namanganlik mehnat muhojirlari saqlanayotgan SIZO-4 tergov izolyatoriga uch nafar O‘zbekiston ichki ishlar xodimi kelganidan keyin, mahbuslardan eng yoshi bo‘lgan Abdusamad Fazliddinov o‘zbek militsiya xodimlarining bosimidan tushkunlikka tushib qolgan va ikki kun o‘tib – 9 dekabr kuni o‘z kamerasida choyshabdan arqon yasab o‘zini osib o‘ldirgani xabar qilingan edi.

28 fevral kuni ertalab Kaliningradning Gvardeyskiy tumanidagi 7-sonli axloqni tuzatish koloniyasidan ozodlikka chiqqan Jalolboyevlar dan yana biri - Latif o‘g‘irlab ketilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

Bir yil oldin Rossiya prokuraturasi ularni O‘zbekistonga berib yubormaslikka qaror qilganidan keyin, aprel boshlarida ozodlikka chiqarilgan o‘zbek qochqinlari darhol “migratsiya qonunchiligini buzganlikda” ayblanib, yana qo‘lga olingan. Babushkin sudi ularni 2 ming rubldan jarimaga tortib, O‘zbekistonga endi “deportatsiya” qilish qarorini chiqardi.

Moskva sudi Avazbek va boshqalar qochqinlik statusini olish arafasida ekanini inobatga ham olmadi.

Strasburg sudi Rossiya hukumatiga sud Qoidasining 39-Reglamenti asosida O‘zbekistonga badarg‘a qilishini to‘xtatgan edi. Biroq, 2013 yilning 14 mayida Moskva shahar sudi ularni chiqarib yuborish to‘g‘risida o‘z qaroridan qaytmasligini bildirib, quyi sud qarorini kuchda qoldirdi.

Advokat Roza Magomedova Ozodlikka ayni paytda Rossiya FMSi qochqinlik so‘rashga majbur bo‘lgan o‘zbek yigitlari so‘roviga rad javobini berganini ham eslatdi.

- Endilikda yigitlar ozod etilishi ortidan Rossiyada qochqinlik maqomini olishi kerak, dedi advokat Roza Magomedova.

Qochqinlar xavf ostida

Nizomov, Muhammadxo‘jayev va aka-uka Jalolboyevlar ishi bo‘yicha Strasburg sudining ijobiy qarori e‘lon qilinishi bilan bir paytda Moskvada qochqinlik so‘rayotgan yana bir o‘zbek qochqini mahalliy maxfiy xizmat xodimlari tomonidan noma‘lum tomonga olib ketilgani to‘g‘risida xabar kelib tushdi.

7 may kuni shahrida Rossiyada qochqinlik maqomini so‘rovchi 25 yoshlar atrofidagi qashqadaryolik Jonqulov Akmal Hanimovich va qochqinning homilador rafiqasi Dilafruz Xuseyneva yo‘qolib qoldi. Bu haqda Ozodlikka xabar berishga ulgurgan do‘stlaridan biri ular politsiya xodimlari tomonidan olib ketilganini ma‘lum qilishga ulgurdi.

Ma‘lum bo‘lishicha, er-xotin Akmal va Dilafruz O‘zbekiston maxfiy xizmatlari tomonidan 159, 244 va boshqa qator moddalar asosida xalqaro qidiruvga berilgan. Hozirgacha ular “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti himoyasida bo‘lib kelgan.

Podmoskov ening Elektrogorsk shahrida yashab kelgan Akmal va Dilafruz Jonqulovlar 9 oy muqaddam ekstraditsiya tekshiruvi ostida bo‘lgan va yarim yillik hibsda saqlangan. Qamoqda ularning to‘ng‘ich farzandi Abdulloh dunyoga kelgan va go‘dak onasidan ajratilib, yarim yilga yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Jonqulov Akmal “jixodchilik”va “vahhobiylik”da ayblanib qidiruvga berilgani aytilmoqda.

Hozircha ularning telefon raqamlari uchirilgani va hozirda qayerda ekani noma‘lumligicha qolmoqda.

Bu hodisa yuzasidan izoh bergan “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina Rossiyada, ayniqsa Moskvada qidiruvda bo‘lganlar “ovi” boshlanganini e‘tirof qildi. Huquq himoyachisi Ukrainadagi hodisalar ortidan Rossiya va O‘zbekiston maxfiy xizmat idoralari faollashgani va istagan noqonuniy amaliyotlarini o‘tkazishga kirishgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

“Bunday faollikka kuni kecha dafn etilgan o‘zbek-tojiklar himoyachisi Yelena Ryabinina o‘limi ham sabab bo‘lishi mumkin”, deya xulosa qildi “Fuqaroviy ko‘mak” qo‘mitasi rahbari Svetlana Gannushkina.

Bundan oldinroq Ozodlik xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti "Hizbut Tahrir"islomiy partiyasiga a‘zolikda ayblanayotgan va Rossiyada BMTning qochqinlik maqomini olgan 45 yoshli o‘zbekistonlik Umid Yoqubov 29 aprel kuni Moskva ko‘chalaridan birida o‘g‘irlab ketilgani haqida bong urgani to‘g‘risida xabar bergan edi.
XS
SM
MD
LG