Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:50

O‘zbekiston universitetlaridagi hojatxonalar nega pullik?


O‘zbekistondagi aksar ta‘lim muassasalari davlatga qarashli bo‘lgani holda¸ oliygoh talabalarining aksariyati o‘qish uchun shartnoma bo‘yicha millionlab so‘m haq to‘layotgan bir paytda¸ mamlakat bo‘ylab ko‘pchilik universitet¸ institut va hatto kollej-litsey talabalari eng oddiy haqlari bo‘lmish hojatga chiqish uchun ham pul to‘lab kelmoqda. Ozodlik suhbatlashgan Oliy ta‘lim vazirligi mutasaddilari bunday amaliyot va oliygohlarda o‘rnatilgan narxu navodan bexabarliklarini bildirdilar.

Mavzuni o‘rganish jarayonida Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha¸ ta‘lim muassasalaridagi hojatxonalarning talabalar uchun pullik qilib qo‘yilganiga bir necha yil bo‘lgan. Avvaliga arzimagandek bo‘lib ko‘ringan “hojat haqi” yil oshgan sayin ko‘tarilib¸ hozirda ayrim universitetlarda 500 so‘mga yetgan.

Toshkent Agrar universiteti talabasi gapiradi:

- 2011 yildan boshlab bizda ham pullik bo‘ldi. Bungacha¸ masalan¸ bilganim Pedinstitutda¸ Narxozda 2006 yildan beri pullik edi. Hozir Agrar universitetining bosh korpusida¸ Ekonomfakda bir marta kirish 500 so‘mdan. Ayrim talabaning cho‘ntagida umuman puli yo‘q. Pul bermaganni kirgizmaydi. Qulflab qo‘yib¸ kalitni pulni olgan keyin beradi ba‘zida o‘sha yerda o‘tiradigan ayollar. Talaba o‘qiyotgani uchun davlatga kontrakt puli to‘lasa¸ yana nima uchun hojatxonaga pul to‘lashi kerak? Universitetda 7000 tacha talaba o‘qiydigan bo‘lsa¸ yo‘q deganda kuniga 1000 tasi kiradi hojatxonaga. Hojatxona oldida yig‘ilayotgan mablag‘ qayerga ketayapti? Bu pulning davlat yo universitet kassasiga borib tushmasligi aniqku!¸ deydi Agrar universiteti magistranti Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni paytda Toshkentdagi Jahon tillari universiteti¸ Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti¸ Iqtisodiyot universiteti¸ Qarshi muhandislik-iqtisodiyot universiteti¸ Samarqand Qishloq xo‘jalik instituti¸ Namangan pedagogika universiteti talabalari Ozodlikka murojaat qilib¸ o‘zlari ta‘lim olayotgan davlat oliygohidagi hojatxonalarning pullik ekaniga nisbatan e‘tiroz bildirishdi.

- Men o‘qiyotgan O‘zbekiston Jahon tillari universitetida studentlar uchun hojatxona narxi 200 so‘m. Mana qish kunlari¸ sovuq havoda ko‘chada navbat kutib turdik. Administratsiya¸ o‘qituvchilar uchun ichkarida tualet bor. Lekin olti qavatlik korpusda o‘qiydigan talabalar uchun birgina tualet ko‘chada. Tualet xususiy¸ pullik deb ayollar o‘tirishibdi. Universitet yotoqxonasida yashovchilar yonimizdagi binoga o‘tib¸ hojat chiqarishadi. Lekin yotoqda turmaydiganlarning ko‘chada navbat kutib¸ pul to‘lab kirishdan boshqa iloji yo‘q¸ deydi Ozodlikka bog‘langan yana bir talaba.

“Kontrakt puli va korruptsiya yuki ostida qiynalib kelayotgan ko‘pgina talabaning yonida ba‘zida 200 so‘m ham topilmaydi. Hojatga chiqqisi kelsa¸ nima qilishini bilmay qoladi bundaylar. Ta‘lim uchun shuncha pul to‘layotgan talaba uchun nahotki universitet binosidagi tualetni bepul qilib qo‘yishning iloji yo‘q”¸ deb junbushga tushdi Ozodlikka murojaat qilgan aksar talabalar.

Ayon bo‘lishicha¸ pullik tualetlar ko‘lami universitet va institutlar bilan cheklanmay¸ bu siraga kollej va litseylar ham qo‘shilmoqda. Toshkentdagi 1-Tibbiyot kolleji talabasining aytishicha¸ bundan bir necha yil avval bu muassasada ham hojatxonani pullik qilishgan¸ biroq ayrim ota-onalar "to‘polon" qilganidan so‘ng¸ bu qoidadan voz kechishgan.

Toshkentdagi yana bir kollej o‘quvchisining ma‘lum qilishicha¸ har oy talabalardan "kollektiv jamg‘arma" degan bahona bilan pul yig‘iladi va har bir guruh ana shu jamg‘armadan oyiga 21 ming so‘mni hojatxona uchun ajratadi.

Talabalar o‘z fundamental haqlarining bunday tarzda buzilishiga e‘tiroz bildirmaydilarmi¸ degan savolga Ozodlik suhbatlashgan talabalarning barchasi¸ o‘zi o‘qishga zo‘rg‘a kirgan talaba arzimagan bahona bilan undan haydalishdan cho‘chib yashashi bois¸ o‘z noroziligini ko‘rsatmaslikka majbur ekanini bildirdilar.

O‘zbekistonda davlatga qarashli oliygoh va ayrim kollejlarda hukm surib kelayotgan bunday amaliyot sabablarini o‘rganish maqsadida Ozodlik muxbiri Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi¸ shuningdek¸ nomlari yuqorida keltirilgan universitetlar rahbariyatiga murojaat qildi.

Oliy ta‘lim vazirligining Ozodlik muxbiri suhbatlashgan bir emas¸ bir necha mutasaddisi bunday amaliyotdan o‘zlarining bexabar ekanliklarini ta‘kidlab¸ masalani o‘rganish uchun vaqt berishni so‘rashdi.

Ozodlik bog‘langan ayrim universitetlar moliya-xo‘jalik ishlari bo‘yicha mutasaddisilari esa¸ bu savolga jo‘yali javob topib bera olmadilar.

Ayrim talabalar¸ hojatxonalarning pullik qilinishini ta‘lim muassasalarida xo‘jalik yuritishning qisman tijoriy usulga ko‘chirilgani bilan bog‘lashsa¸ boshqalari bu amaliyotni hojatxonalar sanitariya-gigiyena ahvolini yaxshilash maqsadida maxsus xodimlarni ishga yollash zarurati bilan izohlashga urindilar.

Har ikkala taxmindan¸ agar ularda asos bo‘lsa¸ qariyb 90 foiz talabasidan o‘qish uchun yiliga bir necha million so‘mdan olayotgan oliy o‘quv yurtlarining nega hojatxonalar tozaligini saqlash uchun bir necha farroshni ishga olishga qurbi yetmaydi¸ degan navbatdagi savol kelib chiqadi.

O‘zbekistondagi tualet biznesi

Sirtdan ayrim alohida olingan universitetlar o‘zicha joriy qilgan kabi ko‘rinishi mumkin bo‘lgan pullik hojatxonalar muammosi¸ mustaqil kuzatuvchilar fikricha¸ aslida O‘zbekistonda keng quloch otgan katta biznesning kichik bir tarmog‘i bo‘lishi mumkin.

Hozirga kelib¸ mamlakat bo‘ylab nafaqat oliy va o‘rta maxsus ta‘lim muassasalari¸ balki mantiqqa ko‘ra bepul bo‘lishi taqozo etiladigan katta do‘konlar¸ bozorlar¸ umumiy ovqatlanish shohobchalaridagi hojatxonalar ham pullik tizimga o‘tkazilgan.


O‘zbekiston ta‘lim muassasalaridagi hojatxonalar nega talaba uchun pullik¸ degan savolga rasmiy javobni o‘rganishda davom etamiz.

Bu savolga oydinlik kirituvchi ma‘lumot Sizda bo‘lsa¸ marhamat¸ ularni sharh katakchasiga yozish orqali Ozodlik va jamoatchilikka yo‘llang!
XS
SM
MD
LG