Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:54

Qrim tatarlari vatanidan deportatsiya qilinganining 70 yilligi xotirlandi


Qrim tatarlari yetakchisi Mustafo Jamilev, Kiyev shahri, 2014 yil 18 may.
Qrim tatarlari yetakchisi Mustafo Jamilev, Kiyev shahri, 2014 yil 18 may.
Qrim tatarlari SSSR yo‘lboshchisi Iosif Stalinning buyrug‘iga muvofiq 1944 yili o‘z vatanlari Qrim yarim orolidan deportatsiya qilinganining 70 yilligini yodga oldi. Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim hukumati ommaviy tadbirlar o‘tkazishni taqiqlagini bois xotirlash marosimi Qrim poytaxti Simferopol yaqinidagi masjidda bo‘lib o‘tdi. Xotira marosimlari Kiyev, Moskva va boshqa shaharlarda ham o‘tkazildi.

18 may kuni ertalab Simferopol shahridagi temir yo‘l vokzali yaqinida uyushtirilgan xotira marosimiga yuz nafardan kam odam keldi.

Har yili o‘tkaziladigan shu kabi tadbirlarda minglab qrim tatarlari ishtirok etgan.

Biroq Qrim tatarlari yig‘ini - Majlis 18 may kuni Simferopol markazida xotira marosimi o‘tkazishni bekor qilib, tadbirlarni diniy markazlar va boshqa joylarda o‘tkazishga chaqirdi.

Marosimlar o‘tkazilmasligiga joriy yil mart oyida Rossiyaga anneksiya qilgan Qrim yarim oroli rahbariyati 6 iyunga qadar bu yerda ommaviy tadbirlar o‘tkazishga taqiq joriy etgani sabab bo‘ldi.

Qrim hukumati rahbari Sergey Aksyonov taqiqni Ukraina janubiy-sharqidagi vaziyatning qaltisligi bilan izohladi.

Qrim tatarlari Majlisi raisi Refat Chubarov hukumat qarorini “g‘ayriinsoniy akt”, deb atadi.

Sovet davridan hozirga qadar Qrim tatarlari milliy harakati yetakchisi bo‘lib kelayotgan Mustafo Jamilev 18 may kuni Ukraina poytaxti Kiyevda jurnalistlarga bu yil Qrimda Sovet Ittifoqi davridagidek vaziyat hukm surayotganini aytdi.

- Bu yil xuddi sovetlar davridagidek voqealar ro‘y bermoqda. Sana munosabati bilan o‘tkazilishi rejalangan hamma tadbirlar bekor qilindi, - dedi Mustafo Jamilev.

Rossiya hukumati 22 aprel kuni Mustafo Jamilevning 2019 yilgacha Qrim yarim oroliga kirishini taqiqlagan.

Yakshanba kuni Kiyevda o‘tkazilgan namoyishda chiqish qilgan Mustafo Jamilev Qrim yana ozod bo‘ladi, deya bayonot berdi.

- Tadbirning hamma ishtirokchilari Qrim bosqinchilardan ozod bo‘ladi va vatanimiz, buyuk Ukrainaning ajralmas qismi bo‘lib qolishi muqarrarligiga chin dildan ishonadilar, - deya bayonot berdi Mustafo Jamilev.

17 may kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Sochi shahrida qrim tatarlari vakillari bilan uchrashib, Rossiya ularning hayotini yaxshilashini aytdi. Biroq Putin qrim tatarlari o‘z kelajaklari Rossiya bilan birga ekanini qabul qilishlari kerakligini qo‘shimcha qildi.

Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri “Rossiyaning Qrimni bosib olgani va noqonuniy anneksiya qilish urinishi eski yaralarni yangiladi”, dedi.

Jon Kerri Qo‘shma Shtatlar “qrim tatarlari hozirda duch kelayotgan yangi tahdidga qarshi ular bilan birga ekanini va 1944 yilgi fojiani qayg‘u bilan xotirlashini” ta‘kidladi.

1944 yil may oyida SSSR yo‘lboshchisi Iosif Stalinning buyrug‘iga muvofiq qariyb 200 ming nafar qrim tatari bir kechada yuk vagonlariga ortilib¸ olis yurtlarga olib ketilgan edi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Stalinning qahriga uchragan qrim tatarlarining 151 ming 136 nafari O‘zbekistonga jo‘natilgan.

Stalin buyrug‘i asosida badarg‘a qilingan qrim tatarlari 1989 yilda SSSRning oxirgi rahbari Mixail Gorbachyovning ruxsati bilan tarixiy vatanlariga qaytishga muvaffaq bo‘ldilar.
XS
SM
MD
LG