Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:18

Uzoq muddat xorijda yurganlar “Savolnoma”ga javob berishga majburlanmoqda


Aksariyati oilasini boqish uchun Rossiyada og‘ir sharoitlarda og‘ir ishlarni qilaëtgan o‘zbek muhojirlari Toshkent hukumati tomonidan "tahdid guruhi" deb tasniflanmoqda.
Aksariyati oilasini boqish uchun Rossiyada og‘ir sharoitlarda og‘ir ishlarni qilaëtgan o‘zbek muhojirlari Toshkent hukumati tomonidan "tahdid guruhi" deb tasniflanmoqda.
O‘zbekistondagi “tinchlik va barqarorlik uchun tahdidga aylanish ehtimoli bor” deb ko‘riladigan Rossiya¸ Qozog‘iston va boshqa xorij davlatlarida mehnat muhojiratida yurgan o‘zbekistonliklar vatanga qaytganida ular ustidan turli “profilaktika ishlari” o‘tkazish kuchaytirilmoqda. Shunday profilaktikadan o‘tgan muhojirlarning bu haqdagi xabarlarini Ozodlikning ichki ishlar tizimidagi manbalari tasdiqladi.

Mahalladan MXX ga...

Ozodlikning O‘zbekiston ichki ishlar va xavfsizlik tizimidagi manbalariga ko‘ra¸ “uzoq muddatlilar” deb ataluvchi mehnat muhojirlari turli sabab¸ xususan¸ biometrik pasport olish maqsadida uyiga qaytganida¸ ular bilan tegishli profilaktika amaliyotlari o‘tkazish majburiy tusga kirgan.

Ichki ishlar boshqarmalari qoshidagi Huquqbuzarlikni oldini olish¸ shuningdek¸ Jinoyat-qidiruv bo‘limi inspektor va xodimlari nazoratida o‘tkazilayotgan bu profilaktika jarayoniga oid batafsil hisobot har oy Milliy xavfsizlik xizmatiga taqdim etilmoqda.

Bu jarayonda Qishloq fuqarolar yig‘ini oqsoqollari va mahalla raislari faol rol o‘ynamoqda.

Ozodlikka bir-biridan mustaqil murojaat qilgan Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari¸ bunday profilaktika amaliyotlarining Andijon¸ Buxoro¸ Jizzax¸ Qashqadaryo¸ Xorazm va Qoraqalpog‘istonda qanday borayotgani haqida hikoya qildilar.

"SAVOLNOMA"dagi savollar

Xususan¸ Ozodlikka Buxoro bo‘ylab Rossiyadan qaytgan “uzoq muddatlilar”ga uchastka noziri tomonidan uyma-uy yurib tarqatilayotgan savollar ro‘yxati ham taqdim etildi.
Savolnoma nusxasi.
Savolnoma nusxasi.
“Yashash joyidan uzoq muddatga chiqib ketib qaytib kelgan shaxslar bilan o‘tkaziladigan profilaktik suhbatda aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar bo‘yicha SAVOLNOMA” deb nomlangan mazkur hujjatning Ozodlikka kelgan nusxasidan¸ 21 ta savol o‘rin olgan.

Yaqinlaridan biri ayni shu savolnoma bo‘yicha so‘roq qilingan buxoroliklardan biri hikoya qiladi:

- Mahallaning raisi kelib uyga bergan mana shu savolnomani. O‘shanga javob yozib berar ekanmiz. Undan keyin militsiya chaqirib¸ dopros qilarkan. O‘sha vaqtning o‘zida srazu javob yozib berayapti qo‘liga. Undan keyin militsiya chaqirib¸ so‘roq qilgan. “yoningda Andijondan¸ Namangandan bor edimi? Namoz o‘qiysanmi? Qancha pul ishlading? Qayerda ishlading? Qanchasini kimga¸ qanday yubording? Nima ishlar qilding? Kimlar bilan gaplashding?”ga o‘xshagan savollar. Bitta Buxoroda emas Qoraqalpog‘iston¸ Xorazmda ham shu narsa bo‘ldi. Hamkasblarimiz borib kelgan paytda hammasi doprosga borgan. Mahalla noziri¸ asosan¸ “Namoz o‘qiysanmi?” degan savol javobi bilan qiziqadi. Borib kelganlar aytayaptiku. “Qayerda ishlading? Stroykada ishladim. Nima ish qilding? Malyarkada ishladim. Kim bilan ishlading? O‘rislar edi. O‘zbeklar yo‘qmidi? O‘zbeklar bor edi. Qayerdan edi o‘zbeklar? Qaraqalpog‘istonning turkmanlari¸ Turkmaniston turkmanlari. Andijonliklar bor edimi? Yo‘q. Qancha pul ishlading oyiga?”. Asosan ana shu savollar ekan¸ deydi yaqinlaridan biri shu oyda “Savolnoma”ga yozma javob bergach¸ tuman ichki ishlar bo‘limida maxsus “profilaktika”dan o‘tgan buxorolik yigit.

"Nega O‘zbekistondan ketding?"

Ozodlikka murojaat qilgan qashqadaryolik Marhabo (ismi o‘zgartirilgan)¸ bir necha oy avval yangi pasport olish maqsadida uyga borganida¸ pasportga hujjat qabul qilish shartlaridan bittasi¸ aynan shunday profilaktik suhbatdan o‘tganini tasdiqlovchi hujjat bo‘lganini aytadi:

- Bir yildan keyin yangi pasport olish uchun O‘zbekistonga bordim. Pasportga dokumentlarimni topshirishga borsam u yerda “shunaqa-shunaqa tekshiruvlardan¸ tergovdan o‘tishing kerak”¸ deyishdi. Dokumentlarimni qabul qilishmadi. Tilxat yozdirishdi. Mazmuni” Rossiyada hech kim bilan birga bo‘lmadim¸ namoz o‘qimadim”.

Militsiya bo‘limida meni erkak kishi tergov qildi. Xonada men tanimaydigan yana bitta xotin ham bor edi. “Nimaga O‘zbekistonda ishlamaysan?” deb boshladi. O‘zbekistonda bunaqa oylik bermaydi¸ desam¸ “O‘qisang berardi. Mana man o‘qib¸ ishlab o‘tiribmanku!” deb qo‘pol munosabatda bo‘ldi. yonimdagi xotin yolg‘iz ona ekan¸ uni “Nega eringdan ajrashding?” deb qiynaganidan so‘ng¸ u “Shaxsiy hayotimga aralashma”¸ deb chiqib ketdi. Bir o‘zim qoldim. Erga tegmaganimni bilib turib meniyam “tuqqanmisan¸ kimlar bilan bo‘lding” deb hurmatsiz qilib tashlaganidan keyin¸ men ham chiqib ketdim¸ deydi qashqadaryolik yosh qiz.

Bu va boshqa suhbatdan o‘tkazilgan o‘zbekistonliklarning guvohlik berishicha¸ hozirda xorijda ishlab vataniga qaytgan fuqarolarning barchasi avvaliga mahalla qo‘mitasida maxsus guruh oldida¸ so‘ngra esa¸ ichki ishlar bo‘limi tergovchilari tomonidan yoppasiga shunday so‘roq-savol qilinmoqda.

"Bunday savol-javoblarning hamma "uzoq muddatlilar" uchun majburiy ekanini ichki ishlar bo‘limi oldidagi navbatdan ko‘rasiz. Men¸ masalan¸ ertalab borganimdan¸ qosh qorayganda suhbatga kirdim. Navbat shunaqa uzun¸ odam rosa ko‘p"¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan jizzaxlik muhojir.

"Terrorchilarni taniysanmi?"

Ozodlik suhbatlashgan “uzoq muddatlilar” ta‘kidicha¸ ularning barchasi mahalla va ichki ishlar xodimlari tomonidan “namoz o‘qiydigan¸ masjidga qatnaydigan va turli ekstremistik guruhlarga aloqador” odamlardan uzoq turish lozimligidan alohida ogohlantirilmoqda. Ayni paytda ularga¸ shunday o‘zbekistonliklarni bilib qolishsa¸ tegishli idoralarga darhol bildirish” tavsiya qilingan.

“Mendan terrorchilar bilan aloqadamisan?” deb so‘radi militsioner. Men bunaqa bema‘ni savolga “Aloqada bo‘lsam edi¸ hozir bu yerda o‘tirmagan bo‘lardim” deb javob qildim”¸ deydi “profilaktik suhbat”dan o‘tganlardan biri.

"Tahdid guruhi"ni tahdiddan ogohlantirish...

Ozodlikning ichki ishlar tizimidagi manbalari ta‘kidicha¸ uzoq muddat Rossiya¸ xususan¸ Qozog‘istonda ishlab yurgan o‘zbekistonliklarga¸ bu mamlakatlarda nisbatan erkin faoliyat yurg‘izayotgan O‘zbekistonda taqiqlangan diniy guruhlarning ehtimoliy o‘ljasi sifatida qaraladi.

“Bu qatlam ekstremist-terrorchilar o‘ljasiga aylanmay turib¸ ana shunday profilaktik choralar qo‘llanib¸ ularni bunday ehtimol oqibatidan ogohlantirayapmiz. Bularning hammasi O‘zbekistondagi tinchlik va xavfsizlik uchun¸ yana fuqarolarimizning odam savdosi qurboniga aylanishi oldini olish uchun qilinmoqda”¸ deydi Ozodlikka ichki ishlar tizimi xodimlaridan biri mikrofonsiz suhbatda.

Oddiy o‘zbekistonliklarga ko‘ra¸ bunday profilaktik amaliyotlar avvalgi yillarda ham bo‘lgan¸ ammo bu qadar ommaviy tusda o‘tkazilmasdan¸ asosan¸ dindor va namozxonlarga nisbatan qo‘llanib kelingan.

Ayni paytda¸ 2014 yildan boshlab O‘zbekistonda bir yildan ko‘proq vaqt bo‘lmaganlar vatanga qaytishi bilan aeroportlarda ham maxsus suhbatdan o‘tkazilmoqda.

Bu suhbatlarda ham¸ guvohlar hikoyasicha asosan¸ militsiya bo‘linmalaridagi “Savolnoma”lar asosida so‘roq-javob o‘tkazilmoqda.
XS
SM
MD
LG