Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:58

"O‘zbekistonda amnistiya qilinganlar orasida firibgar va savdogar ayollar ko‘p"


Amnistiya qilingan mahbusning yaqinlari bilan uchrashuvi. (O‘zTV 2012 yilda namoyish qilgan "Panjara orti yoxud Ozodlik ne‘mati" hujjatli filmidan olingan surat.)
Amnistiya qilingan mahbusning yaqinlari bilan uchrashuvi. (O‘zTV 2012 yilda namoyish qilgan "Panjara orti yoxud Ozodlik ne‘mati" hujjatli filmidan olingan surat.)
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Konstitutsiyaning 21 yilligi munosabati bilan e‘lon qilingan amnistiyaga ilingan 69 yarim ming mahbusdan 43 mingi jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilinganini ma‘lum qildi. Huquqshunoslar kuzatuvicha, amnistiya qilinayotgan mahbus ayollar orasida odam savdosi, firibgarlik va bezorilikda ayblangan ayollar soni ortib bormoqda.

Amnistiya ijrosida kamchilik borligi e‘tirof etildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘tgan yili dekabrda e‘lon qilingan amnistiya akti 69 ming 497 kishiga nisbatan qo‘llangani va bulardan 43 ming 82 nafari jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilinganini ma‘lum qildi.

Prokuraturada 30 may kuni bo‘lib o‘tgan majlis haqida matbuot xizmati bergan rasmiy xabarda aytilishicha, ozod qilinganlardan 3 ming 237 nafari ishi sudga oshmay turib yoki sud zalidan ozod qilingan shaxslardir.

O‘tgan yili 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati yalpi masjlisida O‘zbekiston Konstitutsiyasining 21 yilligi munosabati bilan amnistiya e‘lon qilingan edi. Amnistiyaga oid Senat qarori ijrosi uchun esa 3 oy muddat belgilangan.

Matbot xizmati xabarida aytilishicha, Bosh prokuratura yig‘ilishida mahbuslarga nisbatan amnistiya aktini qo‘llash jarayonida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani e‘tirof etilgan va Jazoni ijro etish muassasalarining bu ishga mas‘ul bo‘limlari tanqid qilingan. Natijada, ayrim viloyat prokurorlari va ularning maqomiga tenglashtirilgan prokurorlar kamchiliklar uchun izoh bergan.

Shuningdek, bu rasmiy xabarda Qoraqalpog‘iston respublikasi prokuraturasi qator jiddiy kamchiliklar yo‘l qo‘ygani ham ta‘kidlangan va alohida ogohlantirish berilgan.

Bosh prokuraturaning qisqagina xabarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar aynan qanday kamchiliklar ekani va bu kamchiliklar qaysi viloyatlarda sodir etilgani haqida hech qanday ma‘lumot berilmagan.


Amnistiya qilingan shaxslar yana jinoyat sodir etmoqda

O‘zbekistonda mahbuslarga nisbatan amnistiya akti qo‘llanishi jarayonini yillar davomida kuzatib keladigan huquqshunos Ruhiddin Komilovning aytishicha, amnistiya qilingan mahbuslarning asosiy qismini O‘zbekiston JKning 168-, 167-, 109-, 135-moddalari asosida ayblanib, qamalgan yoki hibsga olingan shaxslar tashkil qilmoqda.

- 168-modda - firibgarlik, 167-modda - o‘zganing mulkini o‘zlashtirish, 277-modda - bezorilik, 109-modda - tan jarohati yetkazish, qizig‘i yana 135-modda - odam savdosi kabi jinoyatlar ko‘p sodir etilmoqda va shu jinoyatlarni sodir etganlar amnistiya qilinmoqda, - deydi o‘zbekistonlik huquqshunos Ruhiddin Komilov.


O‘zbekistonda 498 mingga yaqin mahbus bor

2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi raisi Bo‘ritosh Mustafoyev mamlakatdagi mahbuslar umumiy soni haqida tasavvur berishi mumkin bo‘lgan bayonotni e‘lon qilgan edi.

"Narodnoye slovo" gazetasi Oliy Sud raisidan O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 166 nafar maxbus to‘g‘ri kelishi haqidagi iqtibosni chop etgan edi. Demak, bu rasmiy bayonot asosida 30 million aholi soniga qiyoslansa, mamlakatdagi jami mahbuslar soni 498 ming ekani ma‘lum bo‘ladi.


Odam savdosi, firibgarlikda ayblangan ayollar ko‘paymoqda

Advokat Ruhiddin Komilov 43 ming mahbusning ozod qilingani aslida mamlakatda kriminallashuv kuchayayotganidan darakdir, deb hisoblaydi.

- O‘zbekistonda jamiyatning kriminallashuvi kuchaymoqda. Keyingi yillarda jinoyatchi ayollar soni ko‘payayotganini kuzatayapman. Odam savdosi, firibgarlik va bezorilikda ayblangan ayollar amnistiya asosida ozod qilinayapti va jinoyatni kelgan joyidan yana davom ettirayapti. Yuzingizda ochiq tahdid qilishadi:"Amnistiya bilan chiqib kelaman, keyin ko‘rasan mendan!" deb. Amnistiya tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lishi kerak aslida. Bizning sharoitda esa buning aksi bo‘lmoqda, - deydi o‘zbekistonlik huquqshunos Ruhiddin Komilov.

Quyida huquq faoli Ruhiddin Komilov bilan suhbatni tinglashingiz mumkin.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:13 0:00
Бевосита линк


Siyosiylar ham avf qilinadi, "lekin ular juda kamchilik"

2012 yilda O‘zbekistonda e‘lon qilingan amnistiya akti ijrosi haqida "O‘zbekiston" televideniyesi bergan “Panjara orti yohud ozodlik ne‘mati” nomli hujjatli filmda yillar davomida ozod etilmay kelgan "Hizbut Tahrir", "Nurchilar", "Jihodchilar" diniy oqimlarida aylanib, qamalgan mahbuslar namoyish qilingan edi.

O‘zbekistonlik inson huquqlari va muholifat faoli, O‘zbekiston rasmiy televideniyesidagi ko‘rsatuvni tomosha qilgan Dilorom Isoqova ozod etilgan siyosiy mahbuslar va e‘tiqod tutqunlari soni juda oz bo‘lishini aytadi.

- Bu u qadar to‘g‘ri emas. 244,159, 242 bilan sudlangan va mahkum qilinganlar ham amnistiyaga ilingan. Lekin ular juda kamchilikni tashkil etadi. "Hizbut Tahrir" partiyasiga a‘zolikda ayblanib, yanglishmasam 10 yilga mahkum qilingan va keyin amnistiya qilingan mahkum qo‘shnim bor. 7 yil deganda chiqqan. Xuddi shuning bilan barobar 10 yilga qamalgan va muddati ustiga 3 yil, 5 yil, yana 10 yil qo‘shib berilganlar ham bor, - deydi Dilorom Isoqova.

Quyida diniy motivlarda ayblanib qamalgan va amnistiya akti asosida ozod qilinayotgan mahbuslar haqidagi “Panjara orti yohud ozodlik ne‘mati” nomli hujjatli filmni tomosha qilishingiz mumkin.


Amnistiya qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mahkumlar toifasi

Oliy Majlis Senat tomonidan qabul qilingan amnistiya to‘g‘risidagi qarorda aytilishicha:

- birinchi marta jinoyat sodir etgan ayollar,
- jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar,
- amnistiya kuchga kirgunga qadar 60 yoshga to‘lgan erkaklar,
- jinoyat sodir qilguniga qadar doimiy yashash joyi O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lgan, ozod etilganidan keyin mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asoslar bo‘lmagan chet el fuqarolariga nisbatan amnistiya akti qo‘llaniladi.

Shuningdek:

-ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etganlar,
- birinchi marta hukm qilingan shaxslar ham (ijtimoiy xavfi katta bo‘lgan yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etmagan bo‘lsa) jazoni o‘tashdan ozod etilishi mumkin.

Amnistiya akti:

- qaror kuchga kirgunga qadar bir yildan oshmagan muddat ichida qonunda belgilangan tartibda jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan og‘ir kasalikka chalingan,
- yoki birinchi va ikkinchi guruh nogironlari deb topilgan mahkumlarga ham tegishlidir.
XS
SM
MD
LG