Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 19:21

Ispanlar Qamchiq dovoni yo‘lini vaqtida bitkaza olmayapti


Corsán-Corviam Qamchiq dovonidagi yo‘lning 64 kilometrlik qismini qurmoqda.
Corsán-Corviam Qamchiq dovonidagi yo‘lning 64 kilometrlik qismini qurmoqda.

O‘zbekiston poytaxtini Qirg‘izistonning O‘sh shahri bilan bog‘laydigan A-373 avtoyo‘lining Qamchiq dovoni qismi qurilishida muammolar paydo bo‘ldi. Osiyo Taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan loyihani Ispaniyaning Corsán-Corviam qurilish shirkati amalga oshirmoqda. Uning texnikaviy nazorati va boshqaruvi bilan Janubiy Koreyaning Sambo Engineering kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, shaxsan prezident Islom Karimovning topshirig‘iga ko‘ra, 2014 yilning oxiriga qadar bitishi kerak bo‘lgan yo‘l qurilishi noma‘lum muddatga kechikmoqda.

Qamchiq dovoni orqali o‘tadigan avtoyo‘l qurilishida muammolar kuzatilayotgani haqida O‘zbekistonga oid xos xabarlar sizdiriladigan Zamondosh nashri e‘lon qilgan “Evropacha sifat o‘rniga ispancha “ketmonqurilish” maqolasida gap boradi.

“Ispancha” deganda maqola mualliflari bu loyihaning bevosita amalga oshirilishi bilan shug‘ullanayotgan Ispaniyaning Corsán-Corviam, S.A. shirkatini nazarda tutgan.

A-373 Toshkent-O‘sh avtoyo‘lining Qamchiq dovoni qismini qurayotgan ispanlar, haqiqatan shartnomaning ba‘zi shartlarini buzayotgani va buning oqibatida, yo‘l qurilishi vaqtida yakunlanishi savol ostida qolayotganini O‘zbekiston moliya vazirligining Yo‘l jamg‘armasi vakili hamda bu loyihaning texnikaviy nazorati bilan shug‘ullanayotgan Sambo Engineering Co.LTD shirkatiga yaqin manba Ozodlik bilan xos suhbatda tasdiqlashdi.

Moliya vazirligining Yo‘l jamg‘armasi mutasaddilaridan birining shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, gap Qamchiq dovonidagi yo‘lning 64 kilometrlik qismi haqida ketmoqda.

“Haqiqatan, Qamchiq yo‘lini ispanlar quryapti. Ular ba‘zi shartlarni buzgani ham rost. Hozir yo‘lni vaqtida qruib bitkazish uchun nafaqat biz, hamma shu bilan shug‘ullanmoqda. Bu hozir biz uchun dolzarb masala bo‘lib turibdi. Endi bu masala hal bo‘ladi, degan umidlar bor”, deya ta‘kidladi O‘zbekiston Moliya vazirligi vakili.

Aytilishicha, Ispaniya shirkati yo‘lni qurish ishlarini, shartnomada belgilanganidek, Janubiy Koreyaning Sambo Engineering kompaniyasi bilan texnikaviy jihatlarini kelishib olmasdan amalga oshirgan va bu bilan yo‘l sifatini ta‘minalmagan.

Sambo Engineering shirkatiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, yo‘l qurilishida ispanlar tarafidan jiddiy qoidabuzarlik bo‘lgan. Natijada, yo‘lning belgilangan muddatda qurib bitkazilishi shubha ostida qolmoqda.

“Yo‘l shu yilning oxiriga qadar bitishi kerak edi. Qamchiq dovonidagi bu yo‘lni 2014 yil oxirigacha bitkazish haqida O‘zbekiston prezidenti shaxsan topshiriq bergan. Lekin yo‘lning hozirda vaqtida bitishini hech kim kafolatlamayapti. Yo‘lning sifati va qachon bitishi haqida bir narsa deyish qiyin, hozir. Lekin bir narsani atyish kerak, mas‘uliyat to‘laligicha Ispaniyaning Corsán-Corviam shirkatida”, deydi Ozodlik manbasi.

Sambo Engineering shirkatiga yaqin bu manbaning yana aytishicha, 64 kilometrlik yo‘lni qurishga doir loyihaning umumiy qiymati 211 million AQSh dollariga teng.

Ozodlik Corsán-Corviam shirkatining Toshkentdagi vakolatxonasi mulozimi Luis Larroa bilan telefon orqali bog‘landi.

Janob Larroa bu iddaolarni butunlay rad etib, gap nima haqida ketayotganini tushunmayotganini ta‘kidladi.

“Men sizni tushunmayapman, O‘zbekistonda hech qanday muammolarimiz yo‘q. Yo‘l qurilishi rejaga ko‘ra, davom etmoqda”, deya iddao qildi Corsán-Corviam vakili.

Toshkent-O‘sh avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tadigan qismi Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning qolgan qismi bilan bog‘lab turuvchi yagona yo‘lak o‘laroq, strategik ahamiyatga egadir.

Hozirda Toshkent bilan Farg‘ona vodiysi o‘rtasida Qamchiq dovoni orqali temir yo‘l ham o‘tkazilmoqda.

Bu loyihalar muhim ahamiyatga ega bo‘lgani bois O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning shaxsiy nazoratida ekani aytiladi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, shu kunlarda prezident Karimov Farg‘ona vodiysiga safari davomida u yerdagi avtomagistrallar ahvoli bilan tanishishni rejalashtirgan va shu sababdan O‘zbekiston Moliya vazirligi Yo‘l jamg‘armasi raisi Jamol Shukurov ham Farg‘onaga ketgan.

Yo‘l jamg‘armasi mutasaddisiga ko‘ra, Ispaniyaning Corsán-Corviam shirkati O‘zbekistonda G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu yo‘nalishi byo‘icha 787,5 kilometrlik A-380 avtoyo‘li qurilishida ham ishtirok etmoqda.

XS
SM
MD
LG