Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:12

Xorijdan qaytganlar tibbiy ko‘rikka majburlanayapti


Samarqand viloyatida xorijda mehnat qilib qaytganlar majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilayapti. Ozodlik manbalariga ko‘ra, ko‘rikdan o‘tishni istamaganlar militsiya ko‘magida majburlanmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi mulozimlariga ko‘ra, keyingi paytda mardikorlikdan qaytganlar orasida OITS holatlari ko‘paygani uchun ushbu tadbir amalga oshirilmoqda.

Samarqand tumani Gulobod mahallasida yashovchi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Rossiya yoki Qozog‘istonda ishlab qaytgan mahalladoshlari tibbiy ko‘rikdan o‘tishga majburlanayapti:

“Kim mardikorlikka borib kelsa, mahallakomlar “tekshirishga borasan, tekshirtirmasang bo‘lmaydi”, deb aytishayapti. O‘zi erkaklar doktorga tekshirishga borishni uncha xushlamaydi. Lekin mahallakomlar “borish shart”, degan gap qilayapti”, dedi gulobodlik manba.

Urgut tumanida yashovchi manba esa tibbiy ko‘rikdan o‘tishni istamagan erkaklar militsiya xodimlari tomonidan majburlanayotganini gapirdi:

- Hozir Rossiyadan kelganlarni tekshirayapti. U yoqdan kelganlar hammasi doktordan o‘tkazilayapti. Ularni majburan tekshirayapti. Uchastkavoylar aralashib, majburan tekshirayapti. “Bormayman” desa, Ichki ishlar aralashib, olib borishib, majburlab tekshirayapti,- dedi urgutlik manba.

Samarqanddagi manbalarning aytishicha, mardikorlikdan qaytganlar o‘zi yashayotgan qishloqdagi vrachlik puktlarida tekshiruvdan bepul o‘tayapti.

“Lekin qo‘shimcha tekshiruvga hojat bo‘lsa, tuman yoki viloyat kasalxonalariga yuborishayapti. U yerga borilsa, pul to‘lanayapti, yana yo‘lkiraga ham pul ketayapti”, dedi manbamiz.

Amaldagi tartibga ko‘ra, xorijda ishlab qaytgan o‘zbekistonliklarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni mutlaqo ixtiyoriy tarzda amalga oshirilishi lozim.

Samarqand viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, mardikorlikdan qaytganlar orasida OITS (Orttirilgan immun taqchilligi sindromi) holatlarining ko‘payotgani bois ayrim holatlarda erkaklarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelmoqda:

“Keyingi 2-3 yil ichida xorijda ishlab qaytgan fuqarolar orasida turli xil kasalliklarni yuqtirib qaytish holatlari ko‘paydi. Ayniqsa, OITS masalasi xavotirga sabab bo‘layapti. Rossiyaga borganlar u yoqdan OITS, so‘zak, zahm kabi jinsiy kasalliklarni yuqtirib kelayapti. Kelib xotiniga ham yuqtirayapti. Erkaklar hech qachon uyiga qaytgach, o‘z xohishim bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tay demaydi. Faqat sog‘ligi og‘irlashgach, uning kasali ma‘lum bo‘layapti. Hozir viloyatda 1675ta OITV yuqqan kishi bor. OITS markazi vaziyatni o‘rganganida, kasallik, asosan, chet elga ishlashga borib qaytganlar orasida ko‘paygani aniqlangan”, dedi sog‘liqni saqlash rasmiysi.

Samarqand viloyat OITS markazi ma‘lumotiga ko‘ra, so‘nggi olti oy davomida mardikorlikdan qaytganlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda 59 nafar odamda OITV aniqlangan.

Markaz ma‘lumotiga ko‘ra, so‘nggi 10 yil davomida Samarqand viloyatida 773 nafar odam OITSdan vafot etgan.

Samarqand mamlakat bo‘yicha OITS eng ko‘p tarqalgan viloyatlardan biri hisoblanadi.

Butun respublika bo‘yicha OITVga chalinganlarning umumiy soni 28 mingga yaqinlashib qolgan. Bu raqamning 70 foizi erkaklarga tegishli bo‘lib, umumiy ko‘rsatkichning 52 foizida OITV jinsiy aloqa orqali yuqqani qayd qilingan.

XS
SM
MD
LG