O‘tgan asrning ikkinchi yarmida yashagan Tamaraxonimdan tortib Sherali Jo‘rayevgacha bo‘lgan ashulachilar¸ Chingiz Ahmarovdan tortib Omon Azizgacha bo‘lgan rassomlar qiyofasini fototasmaga muhrlagan Vladimir Dubrovskiy 60 yoshini O‘zbekistondan tashqarida nishonlanadi.
Hozir Rossiyaning Sibir mintaqasida ijod qilayotgan fotosuratchi Vladimir Dubrovskiy Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda o‘tkazgan kunlarini alohida mamnuniyat bilan esladi.
Suhbat davomida Vladimir Dubrovskiy o‘tgan asrning saksoninchi yillarida "Sovet O‘zbekistoni san‘ati" jurnalida ishlagan davrini o‘zi uchun eng omadli davr bo‘lganini aytadi.
Vladimir Dubrovskiy o‘sha paytda jurnal bosh muharriri¸ taniqli yozuvchi Nurali Qobul ko‘magida ancha dadil ijodiy rejalarni amalga oshirganidan fahrlanishini bildirdi.
Ana shunday rejalardan biri¸ o‘sha paytda taqiqda bo‘lgan Sherali Jo‘rayevning fotosuratini jurnalning birinchi betida e‘lon qilinishi bo‘ldi, deb eslaydi taniqli yozuvchi Nurali Qobul Ozodlik bilan suhbatda:
- Sheralini suratini birinchi sahifada e‘lon qildik. Volodya borib bir necha suratini olib keldi. O‘sha paytda Sherali zapretda edi. Uni matbuotda ilk marta biz kashf qilganmiz. Volodya olgan surat Sheralini matbuotda e‘lon qilingan ilk surati bo‘ldi. Bu ishimiz uchun hayfsan ham olganmiz yuqori idoralardan¸ - deydi Nurali Qobul.
Suhbatdoshimiz o‘z vaqtida "Sovet O‘zbekistoni san‘ati" jurnalining yoshlar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lishiga Vladimir Dubrovskiyning suratlari sabab bo‘lganini aytadi.
- Dubrovskiy ezgulikni qadrlaydigan inson¸ yaxshi odam, sodiq do‘st. Xemingueyning gapi borku¸ faqat yaxshi insondan yaxshi yozuvchi chiqadi degan. Shu ma‘noda Volodya aslan yaxshi bo‘lgani uchun ham katta san‘atkor bo‘lib yetishdi. U boshqalar ilg‘amagan nozik qirralarni ko‘ra oladigan ziyrak rassom. Shuncha yil bo‘ldi ko‘rishmaganimizga, ammo hali ham uni minnatdorlik bilan eslayman, - deydi "Sovet O‘zbekistoni san‘ati" jurnalining sobiq bosh muharriri Nurali Qobul.
Vladimir Dubrovskiy o‘sha paytdagi O‘zbekiston rahbari Sharof Rashidovni suratga tushirib rahbarlar e‘tiboriga ham tushdi.
Ammo Rashidov o‘limidan keyin fotosuratchi Rashidovga yaqin bo‘lgani bois istalmagan odamlar safiga qo‘shildi, jurnaldagi ishidan ketdi.
Vladimir Dubrovskiy ishdan ketsa ham qo‘lidan fotopparatini qo‘ymadi.
Rassom 1987 yili chet el nashrlari bilan hamkorlikda qurib qolgan Orol dengiz bo‘ylaridagi odamlar hayotini tarixga muhrladi.
Toshkent masjidlarida nomoz o‘qiyotgan musulmonlar¸ Farg‘ona vodiysidagi Mesxet turklari bilan bog‘liq nizolar ham suratchining ziyrak nazaridan qochmadi.
"Vladimir Dubrovskiyning O‘zbekistonni aks ettirgan suratlari tarixiy voqelikning badiiy qimmat kasb etgan tasvirlaridir”¸ deydi o‘zbekistonlik taniqli fotosuratchi Umida Ahmedova.
1994 yilda Vladimir Dubrovskiy O‘zbekistonni tark qildi.
Rossiya fuqaroligini olib Novosibirsk shaxrida ijod qila boshladi.
Hozir Vladimir Dubrovskiy o‘zi ochgan “Vizual yechim studiyasi"da ijod qilmoqda.
Ammo, O‘zbekiston haqida gapirgan rassom "bir kun tuz ichgan joyga qirq kun salom ber" degan aqidaga amal hamisha qilishini aytadi.