Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:07

Farg‘onada qotil kompyuterning IP raqami orqali topildi


“Odno” va “Feysbuk”dan sevgi izlab chuv tushayotganlar ko‘paymoqda. Farg‘onada qotil kompyuterning IP raqami orqali topildi. O‘quv yili boshida maktab formasi bahosi oshib ketdi. “Million” guruhi besharmlikda ayblandi. Joriy hafta O‘zbekistonda matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

“Oliy o‘quv yurtlarida yillik shartnoma puli 8 million so‘mdan oshdi”

2014 yilning 1 sentyabridan O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun bir yillik shartnoma puli qiymati o‘zgaradi (“Adolat ko‘zgusi”, 14 avgust).

Moliya vazirligi tasdiqlagan yangi tartibga ko‘ra, bakalavriat ta‘lim yo‘nalishlari bo‘yicha kontrakt miqdori 5 050 000 so‘mdan 7 450 000 so‘mgacha etib belgilandi.

Oliy o‘quv yurtlarida ikkinchi ta‘lim va magistratura bo‘yicha shartnoma miqdori 5 480 000 so‘mdan 8 190 000 so‘mgacha etib belgilangan.

“Farg‘onada qotil kompyuterning IP raqami orqali topildi”

Farg‘ona viloyati Qirguli tumanidagi 24-umumta‘lim maktabi qorovulini o‘ldirib ketgan bosqinchi zamonaviy texnologiyalar yordamida topildi (“Huquq”, 14 avgust).

Farg‘ona shahrida yashovchi 25 yoshli Vitaliy Medvedev qorovulni o‘ldirib, maktabga qarashli kompyuter protsessorini o‘g‘irlab ketgan. O‘g‘irlangan protsessor Germaniyada ishlab chiqarilgan bo‘lib, maktabga Osiyo taraqqiyot banki tomonidan sovg‘a qilingan.

Shundan keyin tergov organi protsessorning xos raqami – IP raqamini aniqlab, bu borada mahalliy provayderlarga ma‘lumot yuborgan.

Medvedev ushbu protsessor orqali internetga ulangach, IP raqam orqali uning manzili aniqlangan va qotillik fosh etilgan.

“Odno” va “Feysbuk”dan sevgi izlab chuv tushayotganlar ko‘paymoqda”

O‘zbekistonda “Odnoklassiki”, “Feysbuk” kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z sevgisini izlab, oxir-oqibat talonchi va qalloblar qo‘liga tushib qolayotgan fuqarolar ko‘paymoqda (“Darakchi”, 14 avgust).

Jizzax shahar prokurorining katta yordamchisi Gulnora Hamroyevaga ko‘ra, Toshkentda yashovchi ismi oshkor etilmagan qiz “Odnoklassiki” tarmog‘ida jizzaxlik oilali erkak bilan tanishadi. Qizning onasi Toshkent va Jizzaxda restoranlarga ega badavlat ayol ekanini bilib olgan erkak uni shirin so‘zlar bilan aldab o‘ziga rom etadi.

Pirovardida erkak qizni aldab 31 million so‘mdan oshiq pul va tilla taqinchoqlarini tortib oladi. Jizzax shahar prokurori katta yordamchisi G.Hamroyeva virtual oshiqlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirgan.

“O‘quv yili boshida maktab formasi bahosi oshib ketdi”

Ota-onalar o‘quvchi farzandlarini yangi o‘quv yiliga tayyorlayotgan shu kunlarda Toshkent bozorlarida maktab formasi bahosi oshib ketdi (“Noviy vek”, 14 avgust).

Masalan, O‘rikzor bozorida kamtarona maktab formalari qizlar uchun 70 ming, bolalar uchun 140 ming so‘mgacha sotilmoqda. Mirobod tumanidagi “Puledro” do‘konida esa maktab formalari 600 ming so‘mgacha, oyoq kiyimlar esa 500 ming so‘mdan qimmatga pullanmoqda.

O‘quv yili arafasida o‘quv qurollari bahosi ham ko‘tarilan. Masalan, 48 varaqli daftarlar 600-1000 co‘m, 98 varaqli daftarlar esa 4-6 ming so‘m atrofida baholanmoqda.

Gazeta hisob-kitobiga ko‘ra, bitta o‘quvchini kamtarona tarzda maktabga hozirlash 500 ming so‘mga tushadi.

“Sirdaryoda 9 kishi kuydirgiga chalingan aniqlandi”

O‘zbekistonda havo harorati ko‘tarilgani tufayli kuydirgi kasalligi o‘choqlari faollashdi (“Oila davrasida”, 14 avgust).

Oqibatda Sirdaryo viloyatida aholi orasida kuydirgining teri shakli bilan kasallanish holati qayd etildi. Aytilishicha, Xovos tumanida 9 nafar fuqaroga kuydirga tashxisi qo‘yilgan.

Bu asosan veterinar ko‘rigisiz uy hayvonlarini so‘yish tufayli yuzaga kelgan. Yuzaga kelgan vaziyat tufayli sanitariya-epidemiologiya nazorati kuchaytirilgan, qoramollar kuydirgiga qarshi emlangan.

Aniqlik kiritilishicha, kuydirgi, odatda, kasallangan hayvon go‘shtini nimtalashda virus tananing tirnalgan, kesilgan joylariga tushishi oqibatida yuqadi.

“100 dan oshiq shikoyatchi fuqaro tuhmat uchun jazolandi”

Joriy yilning olti oyida prokuratura organlariga shikoyat yozgan va da‘volari isbotlanmagan 85 nafar fuqaro tuhmat qilishda ayblanib ma‘muriy jazoga tortildi (“Diyonat”, 14 avgust).

Bosh prokuratura Fuqarolar murojaatlari va xatlar bo‘limi prokurori Mirshod Boboyevga ko‘ra, shikoyat yozib, birovlarning ustidan tuhmat qilishni kasb qilib olgan 21 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Masalan, fuqaro G.Abdurahimovaning Pop tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i pora olayotgani haqidagi murojaati tekshiruv chog‘i tasdiqlanmagani sababli arizachiga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.

“Million” guruhi “Istiqlol” saroyini “masskultura”ning bemaza atalasi bilan bulg‘adi ”

Yoshlar orasida tobora mashhur bo‘lib borayotgan “Million” guruhining “Istiqlol” san‘at saroyidagi kontserti keskin tanqidga uchradi (“Hurriyat”, 13 avgust).

Haqqul Bek deya imzo chekkan muallif “Million” guruhi a‘zolarining besharm qochirimlari, ular nutqidagi sheva unsurlarini, shuningdek, tomoshalarda bir jinslik juftlikning chiqqanini keskin qoralaydi.

“Muqaddas dargohni “masskultura”ning suyuq va bemaza atalasi bilan bulg‘ashlari uchun ularga kim izn berdi?! Bu aynigan tomoshalarning stsenariysi qaysi badiiy kengash ko‘rigidan o‘tib tasdiqlandi ekan?! Bu ham mayli, “Istiqlol” koshonasining eshigini ularga kim ochib berdi?!” deb yozadi Haqqul Bek.

Muallif, shuningdek, ushbu tomoshada el suygan, ba‘zi ustoz san‘atkorlar ham turmush o‘rtoqlari bilan besharm qiziqchilarga jo‘r bo‘lib, ishshayib o‘tirganini afsus bilan qayd etadi.

XS
SM
MD
LG