Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:59

Peterburgda bir ayolni deb o‘zbek muhojiri vahshiylarcha o‘ldirildi


Sankt-Peterburgda o‘zbekistonlik muhojirni vahshiylarcha o‘ldirishda gumon qilingan rossiyalik shaxsni ushlandi. Politsiya peterburglik bu shaxs bir ayolni himoya qilish chog‘ida muhojir o‘zbekni urib o‘ldirganini taxmin qilmoqda. Ammo, rus matuboti hibsga olingan shaxs o‘zbekistonlik muhojirni o‘z ma‘shuqasi bilan ushlab olgani uchun shu tariqa "jazolagani"ni iddao qilmoqda.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Krasnoye Selo shaharchasida O‘zbekiston fuqarosini urib o‘ldirganlikda ayblanib, 1970 yilda tug‘ilgan rossiyalik qo‘lga olindi.

Bu xabarni tasdiqlagan Peterburg Bosh tergov qo‘mitasi axborot bo‘limi boshlig‘i Sergey Kapitonov bunday ma‘lum qildi:

- Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra, jabrlanuvchi O‘zbekiston fuqarosi. Biroq, uni ism-familiyasini ma‘lum sabablarga ko‘ra ochiqlay olmayman. Qotillikda gumon qilingan shaxs Sergey Veselov oldin og‘ir jinoyatlar uchun sudlanib chiqqan. U Rossiya Jinoyat Kodeksining 111-moddasi 4-qismi, ya‘ni ehtiyotsizlikdan o‘limga sabab bo‘lgan jarohat yetkazishda ayblanmoqda, - deya hodisa tafsilotlarini gapirib berdi Sergey Kapitonov.

Dastlabki tergov xulosasiga ko‘ra, 2014 yilning 24 avgustida jabrlangan o‘zbek yigiti Krasnoye Selo shaharchasidagi Strelninskaya ko‘chasida yashovchi mahalliy ayolnikida tunab qolgan. Bu ayol va o‘zbekistonlik erkak o‘rtasida yarim tunda janjal kelib chiqqan va uy egasi yordamga o‘z tanishi bo‘lgan muqaddam sudlangan 44 yoshli Sergey Veselovni chaqirgan.

Kvartiraga yetib kelgan Veselov va o‘zbekistonlik o‘rtasida mushtlashuv pod‘ezdga ko‘chgan va o‘sha yerda o‘zbekistonlik og‘ir zarbadan yiqilgan. Sergey Veselov behush yotgan muhojirni oyog‘idan sudrab to‘qqizinchi qavatdan birinchigacha olib tushgan va chiqindi tashlanadigan joyga tashlab ketgan.

Tergovchilar O‘zbekiston fuqarosi oyog‘idan sudralib tushayotganida boshi bilan zina betoniga urilaverib, boshi yorilgani va shundan keyin jon taslim qilganini taxmin qilmoqda.

Tez vaqtda politsiya Sergey Veselovni o‘yidan topgan va hibs etgan.

Biroq, ayrim mahalliy ommaviy axborot vositalarida hodisaning biroz boshqacharoq talqini berildi.

Veselov o‘z ma‘shuqasi bo‘lgan ayolnikiga ertalab kirib kelgan va u yerda tunab qolgan o‘zbek muhojirini aniqlagan. Kelib chiqqan mushtlashuv paytida o‘zbekistonlik ensasiga tushgan og‘ir zarbadan hodisa joyida jon taslim qilgan. Veselov murdani sudrab tashqariga olib chiqqan.

Janjal ovoziga uyg‘ongan qo‘shnilardan biri Veselovga o‘xshash shaxs boshqa birini chiqindi tashlanadigan baklar tomon oyog‘idan sudrab ketayotganini ko‘rgan va politsiya chaqirtirgan. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya marhum boshi yorilgan va orqa teshigiga tayoq tiqib ketilgan 25 yoshlardagi shaxs ekanini aniqlagan.

Bunday vahshiylarcha jinoyat uchun Rossiya qonunchiligida umrbod qamoq jazosi belgilangan.

Ammo, Ozodlik bilan suhbatda shahar Bosh tergov qo‘mitasi rasmiysi Sergey Kapitonov ommaviy axborot vositalarida hodisaning tergov tasdiqlay olmaydigan "tafsilotlari" tarqayotganini e‘tirof etib, buni “jurnalistlar uydirmasi”, deb atadi.

- Ommaviy axborot vositalarida berilayotgan ma‘lumotlar xato. Jabrlanuvchi oyog‘idan jiddiy jarohat olgan, ensasi yorilgani sababli o‘lgan, - deya tergov versiyasini ma‘qulladi Tergov qo‘mitasi vakili.

XS
SM
MD
LG