Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2024, Тошкент вақти: 17:51

Paxta-2014: Fermerlardan bolalarni dalaga yaqinlashtirmaslik talab qilindi


2013 yilda paxta terimiga jalb etilgan o‘zbekistonliklarning kamida 10 nafari, jumladan 6 yashar bola halok bo‘ldi.
2013 yilda paxta terimiga jalb etilgan o‘zbekistonliklarning kamida 10 nafari, jumladan 6 yashar bola halok bo‘ldi.

O‘zbekiston paxta yig‘im-terim mavsumiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hukumat joriy yilda paxta dalalariga yosh bolalarning olib chiqilishi oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini aytmoqda. Mamlakat bo‘ylab fermer xo‘jaliklari o‘z tasarrufidagi maydonlarga maktab bolalarini yaqinlashtirmaslik to‘g‘risida ogohlantirildi. O‘zbek paxtasini yetishtirishda bolalar va kattalar majburiy mehnatidan foydalanilishiga doir xalqaro tanqidlar bois, bu yilgi mavsum ham Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan monitoring qilinishi aytilmoqda.

2013 yilgi paxta mavsumida O‘zbekiston hukumati ilk bor BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan monitoring o‘tkazilishiga izn berdi. Hukumat mulozimlari hamrohligida uyushtirilgan monitoring natijalariga ko‘ra, XMT kuzatuvichlari “O‘zbekistonda majburiy bolalar mehnati sistematik tusga emas”, degan xulosani e‘lon qildi.

Lekin shunga qaramasdan o‘tgan yilgi paxta mavsumida maktab bolalari paxtaga chiqarilishi holatlari to‘g‘risida Ozodlik xabar qilgan edi. O‘zbekistonda chiqadigan yarim rasmiy Internet nashrlari 2013 yili bolalarning paxtaga jalb etilishi holatlari haqiqatan ro‘y berganini e‘tirof etib, bunga yo‘l qo‘ygan fermerlar javobgarlikka tortilganini xabar qilmoqda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, hukumatga yaqin manbalarning, oradan bir yil o‘tib, bolalar paxta dalasiga olib chiqilganiga doir o‘nlab holatning e‘tirof etishi “Paxta-2014” kampaniyasi ham Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari tomonidan monitoring qilinishi kutilayotgani bilan bog‘liqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Fermerlar kengashining o‘zini tanishtirmagan vakili, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, XMT kuzatuvchilari oyning ikkinchi yarmidan kelishi kutilayotganini bildirdi.

“O‘tgan yildan beri bu borada birgalikda ish olib boryapmiz. Milliy monitoring tashkil qildik, bu yil ham monitoring o‘tkazamiz. Xalqaro mehnat tashkiloti ikki marta kelib ketdi, bu yil ham 15 sentabrlardan boshlab kelishadi”, deydi fermerlar kengashi vakili.

Uning aytishicha, 2013 yilda maktab bolalarining dalaga olib chiqilishi bilan bog‘liq 40dan ortiq holat qayd etilgan.

“O‘tgan yili bolalarning paxta dalasiga kiritilishi uchun mas‘ul bo‘lgan fermerlarga ma‘muriy chora ko‘rildi. Belgilangan tartibda jarima solindi. Bundan tashqari bu bolalar o‘qigan maktab mutasaddilariga nisbatan ham chora ko‘rildi. Bu holatlarning ko‘pchiligi Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida qayd etildi. Shuning uchun bu yil bunday holatlar umuman bo‘lmasligi uchun fermerlar turli tashkilotlar bilan shartnoma tuzmoqda. Bu yil davlat tashkilotlari va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlari terimchilarni yetkazib beradi”, deydi fermerlar kengashi vakili.

Ozodlik bilan suhbatlashgan jizzaxzlik fermer mahalliy hokimiyat vakillari paxta dalalariga yosh bolalarni yaqinlashtirmaslik to‘g‘risida fermerlarni ogohlantirayotganini tasdiqladi.

Bolalar mehnatiga oid uzoq yillik tanqidlardan keyin O‘zbekiston hukumati o‘tgan yili ilk bor Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilarini mamlakatga kiritdi. Haqiqatan, “Paxta-2013” kampaniyasi davomida paxta dalalariga maktab bolalarining chiqarilishi cheklangan bo‘ldi. Lekin minglab kollej va universitet talabalari paxtaga safarbar qilindi.

O‘zbekistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, joriy yilda ham kollej va universitet talabalari paxtaga chiqarilishi mumkin.

Jizzax, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istondagi fermerlar, Ozodlik bilan suhbatda, mahalliy hokimiyatlarda o‘tkazilgan majlislarda talabalarni paxta terimiga jalb qilish masalasi ko‘rib chiqilganini bildirishdi.

Bundan tashqari, viloyat va tuman hokimliklari mahalla fuqarolar yig‘ini hamda davlat tashkilotlaridan paxta terimiga jalb etiladigan odamlarga doir ro‘yxatlarni tuzishni talab qilayotgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

O‘zbekiston paxta yetishtirishda bolalar va kattalar majburiy mehnatidan foydalanishi bois duyoning yetakchi chakana savdo shirkatlari o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.

Xalqaro tashkilotlarga ko‘ra, 2013 yilda kamida 2 million o‘zbekistonlik paxta terishga majburlangan.

O‘zbekistonda majburiy mehnat muammosining fojiaviy tomoni ham bor. O‘tgan yil paxta terimiga jalb etilgan o‘zbekistonliklarning kamida 10 nafari, jumladan 6 yashar bola halok bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG