Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:53

Buxoro teatri aktyorlari paxta terish san‘atini ko‘rsatmoqda


Buxoro teatri aktyorlari paxta dalasida "javlon" urayotgani sabab sahna ham bo‘shab qoldi
Buxoro teatri aktyorlari paxta dalasida "javlon" urayotgani sabab sahna ham bo‘shab qoldi

Sadriddin Ayniy nomidagi Buxoro viloyat musiqali drama teatrining san‘atkorlari aktyorlik mahoratini paxta dalasida oshiradigan bo‘ldi. Yigirma kishilik aktyoru musiqachilar va teatr xizmatchilaridan iborat guruh 15 kun mobaynida yotog‘i bilan majburan paxta terimiga jo‘natildi. O‘n besh kundan so‘ng teatrning boshqa guruhi ularni almashtiradi.

Sadriddin Ayniy nomidagi Buxoro viloyat musiqali drama teatrining san‘atkorlari 9 sentabr kuni ertalab paxta terimiga jo‘natildi.

Bu haqda ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka xabar bergan teatr aktyorlaridan birining aytishicha, aktyorlar va musiqachilardan iborat yigirma kishilik guruh 15 kunga yuborilgan:

“Kecha ertalab majlis bo‘ldi. Direktorimiz Shamsiddin Yo‘lliyev ertadan hamma paxtaga chiqadi deb aytdi. Yigirma kishilik birinchi guruh bugun ertalab jo‘nab ketdi. O‘n besh kundan so‘ng ularni boshqa guruh almashtiradi. Mening barmoqlarim musiqa chalishga ko‘nikkan, paxtani qanday teradi hayronman. Meni keyingi potok ro‘yxatiga tirkashgan. Direktor kimki norozi bo‘lsa, ishdan ketish haqida arizasini yozsin, deb aytdi”, dedi teatr san‘atkori.

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan teatrning boshqa bir xodimiga ko‘ra, ularni paxtaga chiqishga viloyat madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i majburlagan:

- Kecha majlisda direktorimiz aytdiki, bu boshqarmaning buyrug‘i. Yigirma kishidan bo‘lib "nochovka" bilan borishga majbur, dedi. Yoshi 50dan o‘tgan bir san‘atkorimiz direktorga kasal otam bor, unga qaraydigan odam yo‘q, men borolmayman, dedi. Direktor esa, borasan, bo‘lmasa boshqarmaga borib o‘zing gaplash, deb aytdi,- dedi teatr xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, paxta terimi salomatligiga to‘g‘ri kelmaydigan xodimlarning ham arzlari inobatga olinmagan:

- San‘atkorlarimiz orasida allergiyasi, astmasi bor odamlar bor. Ular do‘xtirdan spravkamiz bor deyishsa, direktor o‘tmaydi deydi. O‘zbekistonda yashaysanmi, teatrda ishlashni xohlaysanmi, unda paxtaga bor deyapti, dedi teatr xodimasi. Axir san‘atkorlar sahnada ishlayman deb teatrga ishga kirgan, paxta teraman deb ishga kelmaganku. Shumi endi san‘atkorlarga hurmat, shumi endi bizning qadrimiz, dedi teatr xodimi.

Teatr orkestrida musiqachi bo‘lib ishlaydigan navbatdagi suhbatdoshning aytishicha, teatr xodimlarining paxta terimiga chiqishini Madaniyat vazirligi taqiqlagan:

- O‘tgan yili ham biz paxtaga haydalgandik. Zamministrimiz Fotih Jalolov paxtadan keyin teatrimizga kelgan va paxtaga chiqqanimizni eshitganidan so‘ng, direktorni koyigan edi. Endi bilishimcha, buning hammasi rasmiyatchilik uchun ekan. Vazirning ham, uning o‘rinbosarining gapi ham bizning boshqarmamiz uchun bir tiyin ekan. Viloyat hokimi artislaringni paxtaga chiqarasan, deb buyruq berganda, boshqarma boshdig‘i esa qaltirab xo‘p degan,- dedi teatr orkestri musiqachisi.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i O‘lmasjon Rashidovga Ozodlik qo‘ng‘iroq qilib, uni paxta dalasidan topdi. O‘lmasjon Rashidov teatr xodimlarining paxtaga safarbar etilganini tan olar ekan, hasharchilar orasida teatrning ijodiy xodimlari yo‘qligini aytdi:

- To‘g‘ri, hasharga chiqqanmiz. Lekin teatrning texnik xodimlari paxta terimiga chiqqan. Ular orasida san‘atkorlar yo‘q,- dedi boshqarma boshlig‘i.

Ozodlik O‘lmasjon Rashidov bilan suhbatlashgandan so‘ng, yana teatr xodimlari bilan bog‘landi. Ismi sir qolishini so‘ragan xodimning aytishicha, boshqarma boshlig‘i yolg‘on gapirgan:

- Rashidov sizga g‘irt yolg‘on gapirgan. Yigirma kishidan 3-4 nafari teatrning texnik xodimlari bo‘lsa bordir, qolganlari ijodiy xodimlar. Mana sizga fakt, aktyorlar Faxriddin, Bozorov Rahmat, teatrda 35 yil ishlagan aktyor Zayniddin Karimov, Ilhomjon Rajabov va yana o‘nlab san‘atkorlar ayni paytda paxta teryapti,- dedi teatr xodimi.

Ozodlik Buxoro teatri xodimlarining majburan paxta terimiga chiqarilayotgani yuzasidan O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligiga murojaat qildi.

Vazirlikning o‘zini Rustam deb tanishtirgan mulozimiga ko‘ra, vazirlik teatr xodimlarining paxta terimiga chiqarish to‘g‘risida hech qanday topshiriq bermagan:

- Bizga paxtaga chiqaringlar degan topshiriq berilmagan. Bizning bundan xabarimiz yo‘q va bu masalani o‘rganib, javobini aytamiz,- dedi vazirlik mulozimi.

O‘zbekistonda maktab, bog‘cha, kollej, institut, universitet, shifoxona, zavod-fabrika va boshqa davlat idoralari ishchi-xizmatchilarini yilning to‘rt faslida turli ishlarga majburiy tarzda jalb qilinishi odatiy holga aylangan.

O‘zbekiston maktab o‘quvchilarini paxta terimiga majburiy chiqarishni to‘xtatganidan so‘ng, asosiy og‘irlik byudjetdan maosh olib ishlaydigan idoralarning ishchi-xizmatchilari bo‘yniga tushmoqda.

XS
SM
MD
LG