Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:07

Suriyadagi erining oldiga yo‘l olgan tojik ayoli uyiga qaytarildi


Tojikistonning So‘g‘d viloyati Isfara tumanida istiqomat qiluvchi ayol uch nafar bolasi bilan Suriyada jang qilayotgan erining oldiga ketayotganda Qirg‘iziston bilan chegarada ushlanib, uyiga qaytarildi. Ayolning aytishicha, u erining chaqirig‘iga binoan yo‘lga otlangan.

So‘g‘d viloyati huquq-tartibot idoralaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Isfara tumani militsiya xodimlari Qirg‘izistonning Botkent viloyatiga o‘tadigan chegara punktida, Suriyada jang qilayotgan eri Abdufattoh Fattoyevning oldiga uch nafar bolasi bilan ketayotgan Nasiba Fattoyevani to‘xtatib qolgan.

Isfara tumanining Chorqishloq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nasiba Fattoyeva to‘rtinchi farzandiga homilador bo‘lgan.

Shahrak qishloq jamoati vakili ayni paytda Nasiba Fattoyeva bolalari bilan yashab turgan uyiga qaytarilganini Ozodlik muxbiriga bildirdi.

Suhbatdoshning aytishicha, xotini ushlab qolinganini eshitgan Abdufattoh Fattoyev telefon orqali Isfara tumani hokimiyatiga bog‘lanib, o‘zining hech qachon ortga qaytmasligini ta‘kidlagan va oilasini uning oldiga qo‘yib yuborishlarini talab qilgan.

Chorqishloq qishlog‘ining imom-xatibi Sadriddin Sodiqovning aytishicha, Abdufattoh Fattoyev oddiy qishloq yigiti bo‘lib, uning diniy ma‘lumoti yo‘q:

“Uning yaxshigina kasbi va ishi bor edi. Keyin Rossiyaga ishlagani ketdi. Har yili uyiga kelib oilasi va qarindoshlarini ko‘rib ketardi. U so‘nggi bor qishloqqa ikki yil burun kelgan edi. Uni boshqa ko‘rmadik va keyinchalik Suriyaga urushga ketganini eshitdik”, deydi imom-xatib.

Shahrak qishloq jamoatining diniy ishlar bo‘yicha xizmati rahbari Mubashshira Mirzoxo‘jayeva, Ozodlik bilan suhbatda, Nasiba Fattoyevaning Suriya safaridan qaytarilganini tasdiqladi. Uning aytishicha, hozir Suriyada chorqishloqlik 20 nafar yigit bor va ularning uch nafari bola-chaqasi bilan ketgan.

Mirzaxo‘jayevaning aytishicha, rasmiylar Suriyadagi tojik yigitlarining ota-onalari va xotinlari bilan muntazam aloqadadir:

“Biz yoshlarimizning Suriyaga va boshqa mamlakatlarga jangga ketib qolmasligi uchun harakat qilyapmiz. Lekin Rossiya ular uchun “perevalochniy” punkt bo‘lib qolmoqda”, deydi Mubashshira Mirzoxo‘jayeva.

Ayni paytda Suriyada yuzlab tojikistonliklar jang qilayotgani aytiladi. Tojikiston Ichki ishlar vazirligi joriy yilning aprelь oyida isfaralik Masrur Ibrohimovning Suriyadagi janglarda halok bo‘lganini tasdiqladi.

Iyunь oyida esa Istaravshan tumanidan bo‘lgan Abdurahmon ismli yigitning halok bo‘lgani xabar qilindi. So‘g‘d viloyati ichki ishlar boshqarmasi Suriyaga jangga ketgan uch nafar yigitning qaytarilganini bildirgan.

Suriyada tojikistonliklardan tashqari uch yarim ming o‘zbekistonliklar ham jang qilayotgani iddao qilinadi.

XS
SM
MD
LG