Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 02:40

Galstuk taqib yurishingizni oqlaydigan dalil bormi?


Men oq do‘ppi haqidagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiydim. Bunaqa ahmoqona ish ikki yil avval yozda Namangan viloyatining Kosonsoyida ham kuzatilgandi.

O‘shanda mahalliy militsiya xodimlari bozor oralab yurib, rangi qanaqa bo‘lishidan qat‘iy nazar, to‘rtburchak bo‘lmagan “nomilliy do‘ppilar”ni odamlarning boshidan yulib olish bilan shug‘ullanishgandi. Kimningdir do‘ppisini yuzsizlarcha yulib olishgan, kimnidir hibsxonaga olib ketishgan. Aftidan, bu ish odamlarni qo‘rqitib qo‘yish uchun qilingan.

Menimcha, bu ayrim mansabdorlar yoki “ko‘lankasi maydon” MXXchilarning ishi bo‘lsa kerak, chunki Namanganning boshqa shaharlarida bunga o‘xshash holat kuzatilmagan.

Bunday voqealardan biriga o‘zim ham guvoh bo‘lgandim: 2012 yil yoz kunlarining birida Kosonsoy hokimiyati binosi oldidan o‘tib ketayotgandim. Hokimiyat oldida oq ko‘ylak kiygan basavlat erkaklar turishardi. Shu payt ularning oldidan yuzini ro‘mol bilan yashirgan bir ayol o‘tib qoldi. Erkaklar unga olaqarash qilib, darrov uning ko‘rinishini muhokama qilishga kirishishdi. Ular ayollarning bunday yurishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, bunaqa ayollarga nisbatan chora ko‘rish kerakligi haqida gapirishardi. O‘z qulog‘im bilan aniq eshitdim bu gaplarni.

Yana bir voqea: bozordagi do‘kondan suv olish uchun kirgandim. U yerda militsioner do‘kon sotuvchisiga norozi ohangda: “Soqolingizni qisqartiring”, deb turgan ekan. Aftidan, unga sotuvchi soqolining uzunligi yoqmagan. Do‘kondan chiqib ketishda militsioner sotuvchiga: “Bo‘limga bir kirib o‘ting”, dedi. Bu voqealar hali “milliy bo‘lmagan do‘ppilar”ga qarshi kampaniya boshlanmasidan bo‘lib o‘tgan.

Endi esa men amaldorlar, davlat xizmatchilari va xiyonatkor imomlarga bir savol bilan murojaat qilmoqchiman. Oq do‘ppi yoki soqol sizga qachondan beri xalaqit beradigan bo‘lib qoldi? Siz bularni nimaga asoslangan holda taqiqlayapsiz, bu haqda konstitutsiyaning qayerida yozib qo‘yilgan?

Modomiki, o‘z milliyligingizga qaytishni istar ekansiz, u holda paranji, salla va soqolni qaytaring. Axir bular ham bizning milliy narsalarimiz-ku.

Nima uchun siz kalta yubka yoki ochiq-sochiq kiyimlarga qarshi kurashish o‘rniga do‘ppi va soqollarni taqiqlayapsiz? Nahot qizlarning yubka, kepka, shlyapa kiyishi va ro‘molsiz yurishi milliylik bo‘lsa??? Men milliy qadriyatlarni ilgari surayotgan barchaga murojaat qilmoqchiman – sizning ajdodlaringiz soqol qo‘yib yoki paranji kiyib yurmaganmidi?

Milliylikka qaytishni istayotgan ekansiz, balki bu ishni o‘zingizdan boshlarsiz? Yo sizda galstuk taqib yurishingizni oqlaydigan dalil bormi, yoki bu ham milliy kiyimmi? Endi tushungandirsiz talab qilayotgan narsangizning naqadar bema‘niligini?!

XS
SM
MD
LG