Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:25

"Gazprom" yaqin kelajakda O‘zbekistondan gaz olishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin


O‘zbek gaziga oid yangilik Rossiya-Ukraina munosabatlariga borib taqaladi.
O‘zbek gaziga oid yangilik Rossiya-Ukraina munosabatlariga borib taqaladi.

Rossiyaning “Gazprom”i yaqin kelajakda O‘zbekiston va Turkmanistondan gaz sotib olishdan mutlaqo voz kechishi mumkin. Mazkur gigant kontsern mutasaddilari Rossiya axborot vositalarida paydo bo‘lgan bu xabarni rad etayotgan bir paytda, kuzatuvchilar Ukraina bo‘hroni tufayli "Gazprom" Yevropaga gaz uzatish hajmini keskin qisqatirganini e‘tirof qilmoqda.

“Gazprom” o‘zbek gazini sotib olishni to‘xtatish niyatida emas”

Rossiyaning “Vedomosti” nashri Interfaks axborot agentligiga tayanib o‘zbek gazining asosiy xaridori bo‘lgan “Gazprom” yaqin kelajakda turkman va o‘zbek gazini sotib olishdan mutlaqo voz kechishi mumkinligini xabar qildi.

“”Gazprom”dagi manba kompaniya yaqin kelajakda Turkmaniston va O‘zbekiston gazini sotib olishdan to‘la voz kechish niyatida, ammo buni amalga oshirish uchun bu kontraktlarni himoya qilib turuvchi davlatlararo kelishuvlar bekor qilinishi zarur. Bu kelishuvlarni bekor qilish bo‘yicha ish ham olib borilmoqda”, deb yozdi o‘z manbasiga tayangan “Vedomosti”.

Ayni paytda “Gazprom”boshqaruvi a‘zosi, shirkatning Gaz, gaz kondensati va neft qazib olish departamenti rahbari Vsevolod Cherepanov IV Peterburg xalqaro gaz forumida “keyingi yilga balansni rejalashtirishda kompaniya Markaziy Osiyo gazini sotib olishdan voz kechgani yo‘q”, deya bayonot berdi.

Rossiya nashri O‘zbekistonning asosiy qazilma boyligi sanalgan gazni sotib olish to‘xtatilishi to‘g‘risida boshqa ma‘lumot bermadi.

Ozodlik so‘roviga “Gazprom”ning tashqi munosabatlar Departamenti rahbari Olga Moreva bu "mish-mish ekani"ni ta‘kidlab, kontsernning bunga bo‘lgan rasmiy munosabatini bildirdi.

- Interfaks go‘yo qandaydir manbaga tayanib bu xabarni chiqaribdi. Haqiqatan, Cherepanov bu haqda gapirayotib, bunday vaziyatni inkor etmagan edi. Hozircha sotib olinayotgan gaz hajmi kamaytirilishi to‘g‘risida biror rasmiy xabarimiz yo‘q. Qandaydir manbaning nimadir degani – bu jiddiy gap emas, dedi Olьga Moreva.

“Gazprom” matbuot vakilasining bu so‘zlarini O‘zbekistonda gazni qazib olish va geologik qidiruv ishlari bilan shug‘ullanuvchi “Gazprom zarubejneftegaz” kompaniyasi rasmiy vakili Ivan Gogolev ham Ozodlikka tasdiqlab berdi.

- Biz O‘zbekistonda qidiruv, qazish, burg‘ulash ishlari bilan shug‘ullanib kelamiz va, bilishimcha, bizda biror muammo yo‘q. Hatto yangi loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, deydi shirkatning O‘zbekistonda o‘z ishini hatto qisqartirilishi to‘g‘risida xabari yo‘qligini bildirgan Ivan Gogolev.

Evropa Rossiya gaz qaramligidan qutulmoqchi

“Gazprom” so‘nggi yillarda Yevropaga gaz eksportini kamaytirayotgani kuzatilmoqda.

Ta‘kidlash joyizki, sentabr boshlaridan Ukraina iqtisodiy ehtiyojini qoplash uchun gazning asosiy qismini Slovakiya, Polsha va Vengriyadan revers tarzida ola boshladi. Bu hol esa Rossiya hukumatining ochiqchasiga noroziligiga sabab bo‘ldi. Buning ortidan, prezident Vladimir Putin Yevropa Ittifoqi davlatlarini gazning Ukrainaga revers uzatilishini to‘xtatishni talab qilib chiqdi.

Rossiya gazi uzatilishi to‘xtatilishidan xavotirga tushgan Ukraina 1,67 mlrd. dollar miqdorida mablag‘ni o‘tkazganini ma‘lum qilgan bo‘lsada, “Gazprom” Ukrainadan pul o‘tkazmalari kelib tushganini tasdiqlamadi.

Moskva Davlat xalqaro munosabatlar institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha eksperti Leonid Gusev Ukraina bo‘hroni, Rossiya bilan EI o‘rtasida so‘nggi paytlarda avj olib borayotgan sovuqchilik va siyosiy sahnadagi o‘zgarishlar Rossiyani Markaziy Osiyo davlatlari bilan oldin imzolangan kelishuvlariga ham o‘zgartish kiritishga undayotganini gapiradi.

Ozodlik bilan suhbatda Leonid Gusev oldin o‘zbek va turkman gazining asosiy qismi aynan Ukrainaga jo‘natilib kelinganini aytadi.

- Menimcha, haqiqatan bu gap-so‘zlarning paydo bo‘lishi eng avvalo Ukrainadagi vaziyat bilan bog‘liq. Ilgari turkman va o‘zbek gazi Rossiya gazi bilan aralashtirilib, Ukrainaga yetkazib turilgan. Oxirgi oylarda Ukrainaga Rossiyadan gaz uzatish keskin kamaytirildi: adashmasam, Ukrainaning gaz uchun 5 mlrd. dollar qarzi bor. Agarda Yevropaga rus gazi uzatilishi hajmi qisqarsa, xulosa qilaveringki, o‘zbek va turkman gazi sotib olinishi ham kamaytiriladi. Bu masala yuzasidan “Gazprom” rahbariyatining rasmiy xabari yaqin orada chiqsa kerak, deb o‘ylayman, deydi tahlilchi.

Leonid Gusev, boshqa tomondan, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondan sotib olinayotgan gaz hajmi oshib borayotganiga ham e‘tiborimizni qaratdi.

Mutaxassisning fikricha, iqtisodiyoti gurkirab o‘sayotgan Xitoyning Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston gaziga bo‘lgan ehtiyoji oshib bormoqda.

- Xitoy 5 yil oldin – 2009 yilda – barchaga ma‘lum bo‘lgan Turkmanistondan O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali o‘tib boruvchi gaz quvurini tortdi. Mening ma‘lumotlarim bo‘yicha, ular yana bir tarmoqni ishga tushirmoqchi, chunki ichki va tashqi inqirozlarga qaramasdan bu mamlakatning uglevodorodlarga bo‘lgan ehtiyoji yil sayin oshmoqda. Bilishimcha, Xitoy Qozog‘istonning sharqiy qismidan Shinjonga gaz quvuri tortish haqida muzokara olib bormoqda. Bundan tashqari, Xitoyga o‘tgan ikkita neft quvuri borligini unutmang. Shu sababli ham oxirgi yillarda Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlarida faollashgani sezilib qoldi, dedi Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha ekspert Leonid Gusev.

O‘zbekistonning neft va gaz zahiralari hamda bir yil mobaynida qazib olingan tabiiy boyliklar haqidagi rasmiy statistik ma‘lumotlar to‘liq oshkor etilmaydi.

O‘zbek gazi statistikasi

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra¸ O‘zbekistonning 4-5 trillion metr kub hajmida gaz zahirasi borligi, yiliga 60-70 milliard metr kub metr gaz qazib olinayotgani aytiladi. O‘zbekistonda yiliga 63-65 milliard kubometr gaz o‘zlashtiriladi va shundan 50 milliard kubometri¸ hukumat iddaosicha, ichki ehtiëjga sarflanadi.

2003 yildan beri o‘zbek gazini sotib olaëtgan "Gazprom" 2013 yilda O‘zbekistondan 7,5 milliard kubometr gaz olgan.

O‘zbekiston qo‘shnilari Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Rossiyaga avvaldan gaz sotib kelgan, yaqinda esa Xitoyga ham katta hajmda gaz yetkazib bermoqda.

Ma‘lum bo‘lishicha, kelasi 2 yilda “Markaziy Osiyo-Xitoy” gaz quvurining "S" tarmog‘i to‘liq ishga tushadi va bu quvur orqali Xitoyga yiliga 55 milliard kub metr o‘zbek, turkman va qozoq gazi uzatiladi.

XS
SM
MD
LG