Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 17:43

Obid Saidov: Onam Dilmurod akamning himoyasi uchun tinimsiz kurashdi


Siyosiy mahbus Dilmurod Sayyidning 89 yoshida vafot etgan onasi Hamida Tolipova va ukasi Obid Saidov.
Siyosiy mahbus Dilmurod Sayyidning 89 yoshida vafot etgan onasi Hamida Tolipova va ukasi Obid Saidov.

Tovlamachilikda ayblanib, 5 yil muqaddam qamoqqa tashlangan o‘zbekistonlik huquq faoli va jurnalist Dilmurod Sayyidni huquqiy himoya qilishga uringan onasi Hamida Tolipova 89 yoshida olamdan o‘tdi. 11 oktabr kuni onasini tuproqqa bergan Obid Saidov xasta onasi akasining himoyasi uchun so‘nggi 5 yillik umrini sarflaganini aytmoqda.

Shu kunlarda dunyoning turli nuqtalaridan hamdardlik maktublari, qo‘ng‘iroqlar va sms-xabarlarni olayotgan Obid Saidov 89 yoshda olamdan o‘tgan onasi o‘g‘li Dilmurod Sayyidni nohaq qamaldi, deb hisoblagan va umrining so‘nggi 5 yili o‘g‘lini himoya qilish bilan o‘tgan.

O‘zbekistonlik huquq faoli va jurnalist Dilmurod Sayyid 2009 yilning 22 fevralida tovlamachilik aybi bilan qo‘lgan olingan va 30 iyul kuni Toyloq tuman sudi hukmi bilan 12 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

- Onam respublikadagi hamma idoralarga bosh urib chiqdilar. Lekin, hammasidan jazo to‘g‘ri berilgan, hammasi risoladagidek, degan javob keldi. Ombudsmen janoblari, shaxsan Sayyora Rashidova onamning qo‘llarini ushlab, o‘zim ko‘rib chiqaman, degandilar. Keyin "Biz sud ishlariga aralashmaymiz", degan mazmunda qanaqadir Usmonov, degan shaxs qo‘l qo‘ygan xat keldi. Shunda ham onam to‘xtamagandilar,- deydi Obid Saidov.

Uning aytishicha, marhuma onasi BMTga ham ariza bilan murojaat qilgan va o‘g‘lini faqat arz-dod bilan emas, balki huquqiy jihatdan ayblovni inkor qilishga qaratilgan hamda qonuniy tartibda kiritilgan shikoyat arizalari asosida himoya qilishga uringan.

- Chunki, rahmatlik onamizning 2 ta yo‘nalishda oliy ma‘lumoti bor edi. Oldiniga Yuridik institutni tamomlaganlar va prokuror yordamchisi, keyin prokuror bo‘lib ishlaganlar. Keyin bu sohani tashlab, pedagogikani bitirgan va 40 yildan ortiq maktabda dars bergan. Onamdagi bilimning yarmisining yarmini bilmasam ham, akam nohaq ayblanganiga aqlim yetadi. Onam esa buni yaxshi tushunganlar,- deydi Obid Saidov.

Hamida Tolipova umri davomida Respublikada xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi, Xalq maorifi a‘lochisi, "Shuhrat" medali sohibi, Front ortidagi mehnatlari uchun "Ikki jahon urushidagi g‘alabaning 50 yilligi" medali sohibi bo‘lgan.

Hamida Tolipova o‘g‘li Dilmurod Sayyid nohaq qamaldi, degan da‘vo bilan 2009 yilning 30 martida Ozodlikka intervьyu bergan va "O‘g‘limni hibsga olish uchun hech qanaqa asos yo‘q", degan edi.

O‘sha kezda 85 yoshda bo‘lgan ayol endilikda marhum kelini Barno Jumanova va 6 yoshli nabirasi bilan birga o‘g‘lini ko‘rish uchun Samarqandga borgan edi.

O‘shanda Barno Jumanova birinchi guruh nogironi bo‘lgani bois, eshitish va ko‘rish qobiliyati zaiflashgan qaynonasining so‘zlarini Ozodlikka yetkazgan:

- Oyim birinchi guruh nogironi. Quloqlari yaxshi eshitmaydi, ko‘zlari yaxshi ko‘rmaydi. Oyimlarning fikricha, huquq-tartibot tuzilmalarining qilgan ishi butunlay qonunga zid. Chunki kimnidir qamoqqa olish kerak bo‘lsa, hech bo‘lmasa qo‘lida order bo‘lishi lozim. Oyimning prokuror sifatidagi gaplari mana shu,- degan edi Dilmurod Sayyidning rafiqasi Barno Jumanova bundan besh yil avval.

Taqdir taqozosi bilan 2009 yilning 5 noyabrida Navoiydagi qamoqxonada saqlanaëtgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqan Barno Jumanova va 6 yashar qizchasi avtohalokatga uchrab, fojia joyida halok bo‘lgan.

Obid Saidov akasiga bu mash‘um xabarni yetkazish naqadar og‘ir bo‘lganini xotirlar ekan, shu kunda yana bir mash‘um xabar - onasining o‘limidan Dilmurod Sayyid hanuz bexabar ekani, oy oxirida borishga va bu judolikdan uni xabardor qilishga ruhan hozirlanayotganini aytdi.

Unga ko‘ra, ona-bola so‘nggi 3 yil ichida - Hamida Tolipova yiqilib tushib, to‘shakka mixlanganib qolganidan so‘ng ko‘risha olmagan va diydor qiyomatga qolgan.

53 yashar jurnalist va inson huquqlari faoli Dilmurod Sayyid 2009 yilning 22 fevralida tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olingan.

Dimurod Sayyid va yana uch shaxs O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tovlamachilik, hujjatlarni soxtalashtirish, qalbaki muhrlar tayyorlash, qalbaki imzolar qo‘yish moddalari bo‘yicha ayblanib, mahkamaga tortilgan.

Samarqand viloyat Toyloq tuman sudi 2009 yilning 30 iyul kuni Dilmurod Sayyidga 12,5 yillik qamoq jazosi tayinlagan. 2009 yilning 11 sentabrida tuman appelyatsiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi ham 2010 yil 10 avgust kuni Samarqand viloyati Toyloq tuman sudi chiqargan hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

2013 yilda Navoiy shahridagi 64/36-sonli jazoni o‘tash muassasasida saqlanayotgan jurnalist va huquq faoli Dilmurod Sayyid O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi raisi Abdurahmon Tashanov nomiga xat chiqargan va unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanillayotgani, she‘r va hikoyalarining qo‘lyozmalari tortib olinayotgani haqida yozgan edi.

O‘sha yilning 6 martida u sog‘lig‘i jiddiy yomonlashgani sababi bilan Toshkentdagi 18-sonli maxsuslashtirilgan koloniya (Sangorod)ga yotqizilgan edi. 2013 yilning kuzida esa u Qarshi shahridagi 49-sonli qamoqxonaga ko‘chirilgan. 3 oy muqaddam u bilan ko‘rishgan ukasi Obid Saidovga ko‘ra, Dilmurod Sayyidning ahvoli yaxshi va qiynoq yoxud taxqirlar haqida shikoyati yo‘q.

Qo‘lga olinguniga qadar u mustaqil elektron nashrlarda O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tanqid qiluvchi tahliliy maqolalar chop etgan.

Dilmurod Sayyid ilk bor 2005 yilda O‘zbekistonda chop etilgan va jurnalistning o‘zi ishlagan “Advokat” nomli gazetada “Yo‘q haqidagi badiha” nomli maqolasini chop ettirgan edi. Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan o‘sha maqolasidan so‘ng jurnalist hukumat bosimiga uchragan. Avvaliga uning o‘zi ishdan bo‘shatilgan, biroz o‘tib esa gazeta ham yopilgan edi.

XS
SM
MD
LG