Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:59

Jizzaxda emizikli onalar ham dalaga haydalayapti


Jizzax viloyatida dekret ta‘tilida bo‘lgan emizikli ayollar ham paxta terimiga majburan jalb etilmoqda. Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan jizzaxliklarga ko‘ra, bu talabga e‘tiroz bildirgan ayollarga bolasi uchun beriladigan nafaqa pulidan mahrum qilish bilan tahdid qilinmoqda.

Paxtaga chiqmaganning “bola puli” qirqiladi

Ismini ochiqlamayotganimiz jizzaxlik ayolning aytishicha, nafaqat tumanlarda, balki Jizzax shahrida ham yosh bolali ayollar paxtaga haydalmoqda.

Uy bekasi bo‘lgan suhbatdoshimizning 8 oylik, emizikli chaqalog‘i bor. Shunga qaramay, undan paxta terimiga chiqish yoki o‘rniga odam yollash talab qilingan:

- Paxtaga hammani olib chiqayapti. Mening hozir qo‘limda yosh bolam bor. Mening umuman ilojim yo‘q. Bolam emizikli. “O‘rningizga odam chiqaring”, deb turib olishdi. Shunga o‘rnimga qaynimni chiqardim. Bolam endi sakkiz oylik bo‘ladi. “Chiqmasang, pulni to‘xtatamiz”, deyishdi. Qaynimni chiqarganimga to‘xtatishmadi. Hammaga shunaqa deyishayapti. Posobiye olayotganlarning hammasiga shunaqa deyishadi. Bitta menga emas. Majburiy o‘rningga odam topib berish kerak. Topib bermasa, “pulni qirqamiz, chiqmaydi” deyishadi, - deydi jizzaxlik yosh bolali ona.

Jizzaxda mehmonlar ham dalaga haydalmoqda

Jizzaxdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, joriy yilgi paxta mavsumi avvalgi yillarga nisbatan keskinroq tarzda o‘tmoqda.

Viloyatning Do‘stlik tumani Istiqlol qishlog‘ida yashaydigan suhbatdoshimizga ko‘ra, yaqinda uning Samarqanddan kelgan mehmonlarini ham paxta terishga majburlashgan:

“Kunduz kuni ko‘cha-kuyda bekor yurgan borki, paxta terishga majburlanmoqda. Yaqinda Samarqanddan qaynimlar kelgandi. Ko‘chada avtobusga bosib olib ketib, 40 kilodan paxta terdirishdi”, deydi jizzaxlik manba.

Jizzaxdagi paxta jarayonini monitoring qilayotgan huquq faoli O‘ktam Pardayevga ko‘ra, kunduz kuni ko‘chada yurganlarni paxtaga haydash bilan prokuratura, militsiya kabi huquq-tartibot idoralari shug‘ullanmoqda:

- Nafaqat mehmon, umuman rayonda yashaydiganlar, uzoqdan kelgan mehmonlar bormi - farqi yo‘q. Hammasini to‘xtatib, paxta terdirmoqda. Hozirgi kunda ham shunday. Juda qattiq ketayapti. Yo‘lda shofyorni to‘xtatib, fuqaro kiyimidagi odamlar dokumentlarini olib qo‘yib, mashina ichidagi kasalmi, yoshmi u, qarimi farqi yo‘q - paxta terdirishgan. Qo‘liga fartuk berib, dalaga tushirib yuborgan holatlari bo‘ldi. Masalan, odamlar o‘zining ishlari bilan bolnitsaga shoshib ketayotgan bo‘lishi mumkin yoki o‘zining muhim ishlari bilan ketayotgan bo‘lishi mumkin, ta‘ziya bo‘lishi mumkin - farqi yo‘q. Shunday to‘xtatadi, dalasiga tushirib yuborayapti. Agar birortasi e‘tiroz bildirsa, agar u erkak bo‘lsa, qo‘l ko‘tarib, urayapti ham. Ayolmi-erkakmi farqi yo‘q - hammasiga paxta terdirayapti, - deydi O‘ktam Pardayev.

Huquq faoli Pardayevga ko‘ra, paxtaga chiqishga e‘tiroz bildirgan kishiga ma‘muriy javobgarlikka tortish bilan ham tahdid qilinmoqda.

Jizzaxda 6-sinf o‘quvchilari ham paxta terayapti

Jizzaxlik faollarga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar "O‘zbekistonda bolalar mehnati yo‘q" deb iddao qilayotgan bir paytda, mamlakatning boshqa joylarida bo‘lgani kabi Jizzaxda ham maktab o‘quvchilarini paxtaga chiqarish holatlari kuzatilmoqda.

Jumladan, Jizzaxning Do‘stlik tumanidagi paxta jarayonini kuzatayotgan mahalliy faolga ko‘ra, tuman maktablarining 6-sinfdan yuqori o‘quvchilari dalada paxta terayapti:

“Masalan, Alisher Navoiy nomli 5-son o‘rta maktab, Mirzo Ulug‘bek nomli 12-son maktabning 6, 7, 8 va 9-sinf o‘quvchilari paxta terayapti. Paxtaga hamma maktab chiqayapti. Bolalar obedgacha maktabga boradi. Obeddan keyin paxtaga chiqadi. O‘quvchilar fermer Ravshan Namozovning dalasida, Xumor fermerning dalasida terayapti. Fermer Rahmat Qarayevning dalasida ham o‘quvchilar paxta terayapti”, deydi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mahalliy faol.

Jizzax viloyat xalq ta‘limi bo‘limi mutasaddilari o‘quvchilarning paxtaga chiqish holatlarini qat‘iyan rad qilishdi.

Jizzax viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham yosh bolali ayollarni paxtaga chiqarilganini inkor qildi.

“Viloyatda barcha o‘z xohishi bilan paxta terayapti, umuman majburlash holatlari yo‘q”, dedi hokimlik mulozimi.

XS
SM
MD
LG