Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:05

Taniqli Teleimom savob ishlash imkoniyatlarini favqulodda kengaytirdi


Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov.
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov.

O‘zbekistonning nomer Birinchi imomi, taniqli Teleimom o‘tgan haftadagi telema‘vizasida savob tushunchasi ufqlarini favqulodda kengaytirib, musulmonlarning savob ishlash yo‘lidagi mashaqqatlarini ancha (anchayin emas, ancha) kamaytirib berdilar.

Savob nima o‘zi?

Bu savol javobini izlar ekan, biz - avom shu paytgacha Izohli lug‘atning aniqlamasiga ishonib kelganmiz.

Lug‘at “savob” so‘zini ajr, evaz, mukofot; xayrli, ezgu ish, deb tushuntiradi va dastlab bu kalimaning diniy ma‘nosini keltiradi:

“Diniy e‘tiqodga ko‘ra, xudoning marhamatiga loyiq ish va shunday ish uchun xudoning marhamati”.

Izohli lug‘atning fikricha, “savob” so‘zining dunyoviy ma‘nosi ham mavjud va u mana bu aniqlamada zohirdir:

O‘zgalarga beminnat qilingan xolis yordam; yaxshi, ezgu ish”.

Lug‘atning har ikkala aniqlamasida ham ish so‘zini qoraytirib qo‘ydikki, murodimiz e‘tiboringizni shu so‘zga qaratishdir.

Ya‘ni har qanday “savob” “ish”dir va bu ma‘no aniqlamalar mazmun-mohiyatidan qaysarlik bilan chiqib kelayotir.

Ish” esa, yana o‘sha lug‘at fikricha, “Inson faoliyati bilan bog‘liq, uning mehnati bilan amalga oshadigan, bajariladigan narsa”dir.

Demak, savob ishlamoqchi bo‘lgan bandadan buning uchun ish-mehnat qilmog‘i, soddaroq aytganda, bilaklarini zo‘riqtirmog‘i talab qilinadir.

Teleimomning kechagi ma‘vizasidan so‘ng esa, Izohli lug‘atni tahrirga topshirmoq zarur, chunki, har holda, uning “Savob” maqolasi tamom eskirdi.

Chunki Teleimom dedilar:

“Vatanimizda bo‘layotgan moddiyu ma‘naviy taraqqiyotni aytishlik bilan biz savobga ega bo‘lamiz; buni e‘tirof qilishlik bilan savobga ega bo‘lamiz”.

"Ҳидоят сари" кўрсатувидан парча
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:30 0:00

Hurmatli Teleimomning savob tushunchasiga oid bu yangiliklarini bajonudil qabul qilganimiz holda, ko‘nglimizda uyg‘ongan ba‘zi ishtibohlarni ham ovozlantirib qo‘ymoqchimizki, tamamiz - keyingi telema‘vizalar o‘sha shubhalarni quyosh tig‘iga dosh berolmay tarqab ketgan tumanday yo‘q qilsin.

Mana o‘sha ishtibohlar:

“Moddiyu ma‘naviy taraqqiyotni aytishlik” tushunarlidir – bu holatda ovoz chiqarmog‘imiz lozimligini tushundik.

Biroq “e‘tirof qilishlik”ning shaklini ko‘p ham tushunavermadik. Ya‘ni e‘tirof jahriy bo‘luvi kerakmi yoxud pinhon bo‘luvi ham savob ishlash uchun yetarlimi?

Yana bir omiyona savol: bas, savob ishlash uchun “Vatanning moddiyu ma‘naviy taraqqiyotini” e‘tirof qilishlik kifoya ekan, tabiat hodisalaridagi taraqqiyotni e‘tirof etish ham savob sandig‘imizga sep qo‘shadimi?

Masalan, o‘tgan yilning tartib raqami 2013 edi. Bu yilgisiniki – 2014. Taraqqiyot ko‘rinib turibdi va buni shaxsan men e‘tirof etdim. Savob yoziladirmi?

Yoki ortda qolgan tunda harorat 6 daraja atrofida bo‘ldi. Hozir, ya‘ni kunduz 10 daraja qo‘shilib, 16 ga yetdi. Taraqqiyot ko‘rinib turibdi va buni shaxsan men e‘tirof etdim. Savob yoziladirmi?

Bu savollar shu topda barcha dindosh birodarlarimizni qiziqtirmoqdaki, fikri ojizimizcha, muhtaram Teleimomimiz, ko‘pmillionli teleqavmini savollar o‘rmonida uloqib nomaqbul so‘qmoqlarga kirib ketishining oldini, albatta, oladi.

Bil‘aks, avom Teleimomga emas, Izohli lug‘atga iqtido qilib qolg‘uvsidir.

XS
SM
MD
LG